16:34 / 02.08.2019
5 654

Mardikor qiz hikoyasi: «Menga hech narsa kerakmas, shunchaki baxtli bo‘lishni xohlayman»

Mardikor qiz hikoyasi: «Menga hech narsa kerakmas, shunchaki baxtli bo‘lishni xohlayman»
Atrofimizda faoliyati muhim, lekin biz buni yaxshi bilmaydigan kasb egalari ko‘p. Ular ham jamiyatimizning bir qismi. Biroq gohida ayrim insonlar ular bilan muloqot qilgani or qiladi. Uyaladi! Ammo ular ham odam. Inson! Ularning ham ko‘ngli, his tuyg‘ulari bor.

«Daryo» ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qildi. Loyihaning birinchi qahramoni mardikorlik bilan shug‘ullanayotgan qiz.
Uning iltimosiga ko‘ra, ism sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Nigora. Yoshim 35 da. 15 yoshimdan beri mardikorlik qilaman. Kichkinaligimda ota-onam ajrashib ketgan. Boradigan joyimiz yo‘q, onam bilan ijarama-ijara ko‘chib yashadik. Onam mening kelajagimni o‘ylab, bir kishiga uchinchi xotin bo‘lib turmushga chiqdi, biroq o‘gay otam meni uyiga kiritishni istamadi. Onam meni ijara uyda qoldirib ketishga majbur bo‘ldi. Men esa hammasiga rozi bo‘ldim. Vaqt o‘tib o‘gay otamning ko‘ngli yumshaydi, meni bu yerdan olib ketishadi degan hayolda yolg‘iz yashab yurdim. Boshida onajonim o‘zi va’da berganiday ko‘rgani kelib har hafta oziq-ovqatimdan xabardor bo‘lib turdi. Biroq bir muddat o‘tib, o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Ochig‘i bundan sira quvonmadim. Sababi shundan so‘ng onam o‘gay otam va o‘g‘li bilan ovvora bo‘lib ketdi. Men esa ... unitildim deb o‘ylayman. O‘zimni ta’minlash uchun 9-sinfdan keyin mardikorlikka chiqib, pul topa boshladim.

Mardikorlikka kimdir pulga muhtojlikdan kimdir esa ...
Tumanimizning bir chekka joyida xotin-qizlarning mardikor bozori bor. Har kuni saharda o‘sha yerga to‘planamiz. Bozorda har xil yoshdagi qiz-juvonlarni uchratish mumkin. Tong sahardan bozor atrofida ishga yollovchilar mashinasi to‘planadi. Barchamiz boramiz, gaplashamiz va ular qilinadigan ishni biz esa kunlik narximizni aytamiz. Kelishsak aytilgan joyga borib ishlaymiz. Mehnatdan qochmayman. Jaziramalarda yer chopiqlarga chiqamiz, dalalarda ishlaymiz. Gohida og‘ir ishlar qilishga to‘g‘ri keladi. Kunlik narxim 30—40 ming so‘m atrofida. Mayli berganiga shukr, halolidan qo‘ymasin.

Ayni paytda mardikor bozorga chiqmayapman. «Sezon» payti bo‘lgani uchun ishni haftalik gaplashamiz. Keyin bir ayol bor. O‘sha bizga ish topib beradi. Shuning uchun unga har kungi ishdan 1000 so‘mdan beramiz. Har kuni sahar ishga ketaman, kech qaytaman, ko‘rganim shu! Bundan boshqa hayotni bilmayman. Boshqacha kun kechirishni tasavvur ham qilolmayman.

Ochig‘i, meni eng xafa qiladigani — mardikor ayollarga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishadi. Har xil takliflar bildiriladi. Eng yomoni bunga ayrim hamkasblarimning rozi bo‘lishida ...

Ya’ni hamma ayollar ham faqat moddiy ehtiyoj tufayli mardikorlikka chiqmaydi. Ba’zilari oilasidan — aniqrog‘i eridan, «ko‘ngli to‘lmagan»i uchun bu yerga keladi. Xullas, sohamizda har xil savdo bo‘ladi. Kimga ish qayg‘usi, kimga ishq... Mayli, har kimning o‘z vijdoniga havola. Menga ham shunaqa «takliflar» bo‘lgan. Lekin hech qachon bunga rozi bo‘lmaganman.

Bu dunyoda eng katta baxtsizlik — yolg‘izlik...
Sizningcha, dunyodagi eng katta baxtsizlik nima, eng baxtsiz odam kim? Bor budidan ayrilgan, yoki o‘qishga kirolmagan va yo sevgilisi tashlab ketgan odammi? Yoki pulsiz odam? Menimcha yo‘q! Nazarimda eng baxtsiz odam — bu yolg‘iz odam. U na dardini va na quvonchini biror kim bilan bo‘lisha oladi. Bag‘riga boshingni qo‘yib yig‘laydigan odaming bo‘lmasa, yaqinlaring bor-u, lekin sen ularga kerak bo‘lmasang, tirikmisan o‘likmisan, sen bilan ishi bo‘lmasa... Mana bu haqiqiy baxtsizlik.... qolganini topsa bo‘ladi...

Cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi
Ishda yurgan vaqtim bir yigit meni ko‘rib, yoqtirib qolibdi. Yonimga kelaverib, holi jonimga qo‘ymadi. Xursand edim, baxtli edim... Keyin bilsam, uylanib ajrashgan ekan. «Cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi» deganday unga rozi bo‘ldim. Sababi yoshim ham bir joyga borib qolyapti. Undan boshqa «nomzod» ham yo‘q edi. Axir kimam mardikor qizga uylanardi? Ayniqsa yolg‘izlikdan juda zerikkandim. Oq-qora rangdan iborat hayotimga ma’no kirgizmoqchi, men ham boshqa ayollar qatori turmushga chiqib, farzandli bo‘lmoqchi edim. Begona odamlarning emas, balki o‘z erimning, qaynata qaynanamning xizmatini qilib yurishni istagandim. Afsuski, hayot buniyam menga ko‘p ko‘rdi. To‘yimiz bo‘lay deb turgan paytda bo‘lajak turmush o‘rtog‘im jinoyat qilib, qamalib ketdi.

Yo‘qotadigan hech narsam yo‘q, ushlab qoladigan ham...
Hozir haftada bir marta topgan pullarimni to‘plab, yeguliklar olib uni ko‘rgani boraman. Jinoyati og‘ir, hali beri chiqmasa kerak. Boshim juda qotgan. Na kutishni, na kutmaslikni bilaman. To‘yni «otkaz» qilib shart boshqasiga tegib ketay desam biror nomzod yo‘q... Lekin uni kutgan taqdirimda ham qamoqdan chiqqandan keyin menga uylanishiga ko‘zim yetmaydi. Nima qilishga ham hayronman. Na yo‘qotadigan, na oldingga boshlaydigan biror ilinj bor...

Shunchaki baxtli bo‘lmoqchiman...
Yangi hayot boshlashga esa jur’atim yetmaydi. Yana tavakkal qilish, yana yo‘qotish. Yo‘q, endi bundan buyog‘iga bardoshim yetmaydi. Qo‘rqaman. Yaxshiyam shu ishim bor. Sahardan ishga chiqib ketaman, kun botganda o‘lguday charchab yotog‘imga qaytaman. Shu bilan go‘yo hammasini unutganday bo‘laman. O‘zim bilan o‘zim qolganda esa...

Bilasizmi, menga hech narsa kerakmas shunchaki baxtli bo‘lishni xohlayman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mardikor qiz hikoyasi: «Menga hech narsa kerakmas, shunchaki baxtli bo‘lishni xohlayman»