23:20 / 02.08.2019
3 734

«Qora ro‘yxat»dan keyingi hayot

«Qora ro‘yxat»dan keyingi hayot
2017 yilning iyunidan boshlab O‘zbekiston hukumati reabilitatsiya dasturi doirasida ekstremistik faoliyatga aloqadorlikda gumon qilingan yoki ayblangan shaxslarni “qora ro‘yxat”dan chiqarishni boshladi. Bugunga kelib ularning 20 mingdan ortig‘i normal hayot tarziga qaytdi. An’anaviy jamiyatda sudlanganlik va “qora ro‘yxat”ga aloqadorlik qaysidir ma’noda tamg‘a hisoblanadi… Nafaqat mahkumlar uchun, balki ularning oila a’zolari uchun ham.

Bugun ularning hayotida nimalar o‘zgardi va davlat ularning jamiyatga moslashishiga qanday yordam bermoqda?

UzAnalytics sayti Faxriddin Abduvohidov tomonidan tayyorlangan uchta intervyuni e’tiboringizga havola etadi. Qahramonlarning ism-shariflari o‘zgartirilmagan.

1. Zafar Tojiboyev: “Kompyuterdan… choynakkacha”
– Har kuni nonushtadan so‘ng bozorga chiqaman. Oilamni boqish uchun biroz bo‘lsa ham pul topib kelishga harakat qilaman, – deydi Zafar aka. – Men hozir ustachilik qilayapman. Yangibozor (Bekobod yaqinidagi yirik “eski bozor”)da ishlatilgan maishiy texnika vositalarini sotib olaman, ularni ta’mirlab sotaman. Ta’mirlanmaydigan dazmol, changyutgich va shu kabi moslamalarni ehtiyot qismlar sifatida foydalanish uchun olib qo‘yaman.

– Ayting-chi, hozir sizning hayotingiz qanday o‘zgardi?
– Umuman olganda, hayotimda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Bu faqat moddiy qiyinchiliklar emas. Agarda insonga hech kim ishonmasa, uni ayblash juda oson bo‘ladi. Eng yaqin odamlaring ham senga ishonmasa, juda og‘ir bo‘larkan. Lekin men bunga ko‘nikdim. To‘g‘risi, bularni eslasam, asabiylasha boshlayman. Lekin hamma narsaning davosi bor. Hozir hammasi joyida. Eng muhimi, ozodlikdaman. Har qanday kishi bilan bahslasha olaman. Hech kim mening o‘tmishimni ta’na qilolmaydi. Men endi boshqa insonman. Yaqinda yoshim 50 ga to‘ladi. Hayotim iziga tushib ketdi, qizimni uzatdim, nevarali bo‘ldim.

– Sizga nisbatan qanday ayblov qo‘yilgan edi?
– 216-, 244- va 241-moddalarga ko‘ra, norasmiy diniy yig‘inlarda ishtirok etish, O‘zbekiston hududida taqiqlangan diniy adabiyotlarni tarqatish. Ayblov xulosasi hozirgacha uyimda saqlanadi, menga qo‘yilgan ayblovni bo‘ynimga olmayman. O‘shanda mening tadbirkorlik faoliyatim ayni gullab-yashnayotgan edi, men kompyuter oldi-sotdisi bilan shug‘ullanardim. Ular kompyuterlarning birida taqiqlangan diniy adabiyotni topishganmish. Men sudda: “Mutaxassisni topinglar yoki o‘sha kompyuterni menga beringlar, men buning noto‘g‘ri ekanini sizga isbotlab beraman”, deganman va bu aybni o‘z bo‘ynimga olmaganman.

– Sizni qachon hibsga olishgan? Qancha muddatga ozodlikdan mahrum etildingiz va bu muddatni qayerda o‘tadingiz?
– 2010 yilning 20 may kuni meni hibsga olishdi. Meni vahobiy deb atashardi. Keyin yaqinlarimga meni jihodchi deb aytishdi. 2010 yilning 7 oktyabrida Toshkent viloyat sudi tomonidan menga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish hukmi o‘qildi. Qashqadaryo viloyatining 61- va 62-chi “zona”larida muddatni o‘tadim.

– Zafar aka, panjara ortidagi hayotingiz haqida ham so‘zlab bering.
– Kimgadir bu hayot qiyin, hatto dahshatli tuyulishi mumkin, biroq odamzot hamma narsaga ko‘nikadi. Garchi u yerda bosim kuchli bo‘lgan bo‘lsa ham. U yerda sening har bir bosgan qadaming nazorat ostida bo‘ladi. Sen erkin nafas ololmaysan… To‘g‘ri, bu yerdagi ishlar boshqa “zona”lardagiga nisbatan oson edi. Chunki 200-300 nafar kishiga mo‘ljallangan ishni bu yerda 700 nafar kishi bajarardi. Biz tez ishlardik. Lekin hali aytganimdek, bizga nisbatan kuchli bosim o‘tkazishardi. Bizni muntazam nazorat qilishardi. Shuningdek, eng yomoni, yoshgina mahbuslar ham bizga “sen”lab murojaat qilishardi. Bu Sharqda nojoiz, hatto haqoratli sanaladi.

– Dinga taalluqli moddalar bo‘yicha ayblanganlarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishgan?
– Bizga qotilga qaragandan ham yomon qarashardi. Bu juda og‘ir. Bizning o‘z qizil yozuvli yorlig‘imiz bo‘lardi. Boshqalardan ana shu bilan ajralib turardik.

Ha, bu modda bilan ayblangan barcha mahbuslarning hatto karavotlarigacha qizil harflar bilan “DET” («Diniy ekstremizm oqimi» – Diniy ekstremistik tashkilot), deb yozilgan taxtacha osib qo‘yilardi. Bu – biz hatto tunda hojatxonaga chiqqanimizda ham bizni nazoratchi kuzatib boradi, degani edi. Bu qoida boshqa modda bilan ayblanganlarga nisbatan qo‘llanilmasdi. Masalan, yozda odatda ko‘pchilik me’da buzilishidan qiynalardi. Shunda ham baribir, bizlarni “tashqari”ga bittalab chiqarishardi.

– Jazoni o‘tash paytida dunyoqarashingiz o‘zgardimi? U yerda biror narsa o‘rgandingizmi?
– Qamoqdaligimda juda ko‘p kitob o‘qirdim. Ayniqsa, Chingiz Aytmatovning “Qiyomat”, “Asrga tatigulik kun” asarlari yodimda qolgan. Men u yerda jami 60 dan ziyod kitob o‘qidim.

– Biror bir kasbni egalladingizmi?
– Yo‘q, u yerda kasb egallash – mushkul masala. Menga qo‘yilgan ayblov moddasi bilan tanlangan kasb bo‘yicha ishlashga ruxsat berishmaydi. Qamoqqa tushganimda mendan: “Ozodlikda paytingda nima bilan shug‘ullangansan?” deb so‘rashgandi. Men: “Novvoy bo‘lganman”, deb javob berganman. Menga bu modda bilan novvoyxonada ishlashga ruxsat berilmasligini aytishgan. Shunda o‘ymakor naqqosh bo‘ldim. Biz bilan birga ajoyib yosh usta bolalar, o‘z ishining mohir ustalari ham “o‘tirganlar”, ular g‘isht o‘ymakorligi bilan shug‘ullanardilar.

– Mana shu 4 yilu 9 oy sizning hayotingizga qanday ta’sir qildi?
– Juda kuchli. Xuddiki, hayotimning 5, hatto 10 yilini emas, 30 yilini yo‘qotgandekman. Men axir tijorat bilan shug‘ullanardim, topishim ham yaxshi edi. Uy qurish, mashina xarid qilish niyatlarim bor edi… Qamoqdan chiqqanimdan keyin topgan-tutganimni yig‘ib, hayotimni izga solishga harakat qilyapman. Endi avvalgi tijoratim ham yo‘q. Ilgari men bilan birga ishlaganlar allaqachon boyib ketishgan. Ular qamoqda o‘tirishmadi. Hozir ularning o‘z do‘konlari bor.

“Kompyuterchilar” ham ko‘payib qoldi. Ha, moddiy tarafdan juda qiyin bo‘ldi, hammasini qaytadan boshlashga to‘g‘ri kelyapti. Boshlang‘ich sarmoya yig‘moqchi edim, lekin oilani boqish kerak. Biroq hayot davom etadi. Qizlarimni turmushga uzatishim kerak. Bunga mablag‘ kerak. Mening to‘rt nafar farzandim bor, ikki qiz, ikki o‘g‘il. To‘ng‘ichim 25 yoshda, kenjam 13 ga to‘ldi. O‘g‘lim onkologik kasallikka chalingandi, operatsiyaga ko‘p pul ketdi. Bir qizimni uzatdim, to‘y uchun qarzga kirib qoldim, hozir asta-sekin qarzimni to‘layapman. Ishdan keyin juda charchab qolaman.

– Zafar aka, kelajakdagi rejalaringiz qanday?
– Rejam – odamlar gavjum bo‘lgan joyda do‘kon ochish. Ijara haqi 300 ming so‘m, soliqlar bilan bir millionga boradigan do‘konni taklif etishyapti. Biroq hammasini yo‘lga qo‘yib olishim uchun mablag‘ kerak bo‘ladi. Hozircha vaziyat og‘ir. Shuningdek, o‘g‘lim ham shu yil o‘qishga kirmoqchi. Yana uyni ta’mirlash uchun ham pul to‘plash kerak. Shunday bo‘lsa-da, men harakat qilayapman.

2. Marg‘uba Tohirova: “Hammasi yaxshi bo‘ladi, deb umid qilamiz…”

– Nima uchun “qora ro‘yxat”ga tushgansiz?

– Biz anchadan buyon o‘ranib yuramiz. O‘z vaqtida ayollar – jazoga hukm etilganlarning onalari namoyishga chiqqan edi. O‘shanda mening akam qamoqqa olingandi. Shunda boshqa ayollarga Qur’onni o‘rgatgan, deb meni ham so‘roq qilishgan edi. O‘sha paytda, ya’ni 2001 yilda men 2016 yilgacha mana shu ro‘yxatga tushib qoldim.

– Bu qanday yuz berdi?
– Kutilmaganda bizni mahalla qo‘mitasiga chaqirishdi, Prezident Qarori chiqipti, deb aytishdi. Qoraqamishdagi allaqanday tantanalar uyiga kelishimiz kerakligini aytishdi. O‘sha kuni men borolmadim (buning sabablari bor edi). Ha, aytganday, bundan avval ham shunday gaplar bo‘lgan edi, lekin o‘shanda bunga nisbatan aniq bir chora ko‘rilmagan edi. O‘sha yig‘ilishga mening akam borgan edi. U yerdan qaytgach, mening familiyam ro‘yxatdan chiqarilganini aytdi. Men quvonib ketdim. O‘sha paytlarda men OVIRga hujjatlarimni topshirgan edim, biroq 4,5 oygacha mening hujjatlarimni rasmiylashtirishmadi. Meni “qora ro‘yxatdan” chiqarishganidan so‘ng hujjatlarimni tezda rasmiylashtirib berishdi.

– “Qora ro‘yxatda” bo‘lgan paytingizda sizni nazorat qilisharmidi?
– Ilgari meni har oyda suhbatga chaqirishardi, biroq bularning bari quruq rasmiyatchilik edi. Menga nisbatan qo‘pol muomala qilishmasdi, faqat qayerda yashashim, nima bilan shug‘ullanishimni va tushuntirish xati yozib berishimni so‘rashardi. Rasmiyatchilik oliy darajada edi. Biz har safar 2-3 varaq narsa yozib berardik. Bizni ro‘yxatga kiritishganda diniy-ekstremistik oqim tarafdorlari deb atashgandi. Biz esa buning nimaligini ham bilmas edik! Biz ayollar oliy ma’lumotli bo‘lsak-da, uy bekasi edik va nima uchun bizni ekstremistlar safiga qo‘shib qo‘yishganlarini tushunmasdik. Biz ekstremizm deganda, o‘ranib yurishni emas, bosqinchilikni tushunardik.

– Har oyda bo‘ladigan “suhbatlar”dan tashqari ham biron bir noqulayliklarni his etganmisiz?
– Masalan, bir kuni mening dugonam “Chorsu” bozoridan qaytayotganda, Ko‘kaldosh madrasasi yonidagi militsiya punktidan bir militsioner uni to‘xtatib, qayerdan kelayotgani va nima uchun o‘ranib yurganini so‘ragan. Emishki, ro‘mol o‘ranib yurish taqiqlangan hisoblanarmish. Yoki yana bir boshqa holat. Mening nabiram olamdan o‘tgan buvasiga aza tutib, ro‘mol o‘radi. Bir kuni u tog‘asinikiga ketayotsa, uni to‘xtatib, nima uchun ro‘molda yurgani, qayerdan kelayotgani, maktabi qayerdaligini so‘rashgan. Allohga shukrki, bu kunlar ortda qoldi!

– Marg‘uba opa, 2001 yildan 2016 yilgacha o‘zingizni qanday his qilgansiz? Bu narsa qandaydir ta’sirini ko‘rsatgandir?
– Inson xotirasida bularning barchasidan nima ham qolishi mumkin? Faqat xo‘rlash, kamsitishlar qoldi, bizni ko‘chada qo‘l bilan ko‘rsatishardi. Hokimiyat tepasiga hozirgi prezident kelgunga qadar ro‘molli bo‘lganimiz uchun bizni poliklinikalarga, do‘konlarga kiritishmas edi. Ba’zan bizni jamoatchilik joylaridan quvib chiqarishardi. Seni kamsitishsa, odam o‘rnida ko‘rishmasa, alam qilarkan kishiga. Ammo biz Alloh yo‘lida baribir ro‘molimizni yechmadik.

Bularning bariga sabr qildik. Ilgari men muhandis-kimyogar bo‘lib ishlaganman, keyin o‘qituvchilik qilganman. Farzandlarim hali yosh bo‘lganida ishni tashlagan edim, ular ulg‘ayishgach, yana ishimga qaytdim. Biroq o‘shanda meni ishga olishmadi! Men shu holda, minimal ish staji bilan pensiyaga chiqdim – o‘qish davrini va yana bir nimalarnidir hisobga olishmadi. Men sudlandim va 54 yoshda emas, 57 yoshda pensiyaga chiqdim.

Shunisiga ham shukr. Ha aytgancha, mening qizlarim Xadichai Kubro madrasasini tugatishdi (ular u yerda 4 yil tahsil olishdi), biroq ikki yilgacha ularni ham hech qayerga ishga olishmadi. Qizlarim islomshunos mudarris degan diplomga ega. Ularni ham men kabi hech qayerga ishga qabul qilishmadi. Yosh qizlar nima ham qilishsin? Oxir-oqibat, ular tikish-bichish va kulinariya bilan shug‘ullana boshladi. Biz ro‘yxatda paytdaligimizda bizni masjlislarga chaqirib turishardi.

Bir kuni men din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Abdulaziz Mansur va Bobur Yo‘ldoshevdan “Men oliy ma’lumotliman, qizlarim ham madrasani tugatishgan, nima uchun ish yo‘q?”, deb so‘radim. Ular esa kulib “ko‘ramiz, ko‘ramiz”, deb javob qaytarishdi. Ular va’da berishdi, lekin javob yo‘q edi.

– Marg‘uba opa, bugun-chi, biror narsa o‘zgardimi?
– Ha, o‘zgardi. Endi biz do‘konlarda ham, poliklinikalarda ham ro‘molda erkin yura olamiz. Qizlarim garchi ishlamasalar ham turmushga chiqishdi, uyda o‘tirishadi. Nabiralarim bor. Ular 3, 4, 7-sinflarda o‘qishadi. 2016 yildan buyon biron bir o‘zgarish bor-yo‘qligini bilish maqsadida yaqinda Olmazor tuman hokimiyatiga borgandim. Juda ham xushmuomala bir kishi o‘zgarishlar borligini, hali yana o‘zgarishlar bo‘lishini aytdi.

Men qizlarim bilan xotin-qizlar qo‘mitasi raisining oldiga kirishga qaror qildim. Biz so‘radik, qizlar maktabga ro‘molda borishi mumkinmi? Savolimizga aniq javob berishmadi. Faqat o‘quvchi o‘sha qizning familiyasi, sinfi va qaysi maktabdan ekanini so‘rashdi. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi chamasi 40-45 yoshlardagi ayol edi. Uning familiyasi yodimda yo‘q. Aftidan, o‘ranganlarni yoqtirmasdi, shekilli.

– Ayni paytda nima bilaan shug‘ullanayapsiz? Ishlamayapsizmi?
– Men hozir nafaqadaman. Kimyo fani o‘qituvchisiman, lekin meni ishga olishmaydi. 2000-yillarda ish qidirib maktablar, kollejlarga borgandim, biroq menga ro‘moldagilarni ishga qabul qilmaymiz, deb javob berishgan. Shundan beri uydaman.

– Nechanchi yili qaysi institutni bitirgansiz?
– Men 1982 yilda Toshkent politexnika institutining kimyo fakultetini tugatganman. Zavod va fabrikalarda ishladim, biroz muddat o‘rta kasb-hunar bilim yurtida dars berdim. Keyin ishlamadim, farzandlar parvarishi bilan uyda o‘tirdim. Mening to‘rt nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im avtomobil yo‘llari institutini tugatgan, 10 yil davomida shu sohada ishladi. Shuningdek u ganch o‘ymakori ham, keyinchalik shu hunar bilan shug‘ullana boshladi. Oilamiz daromadi shu hunar ortidan kelardi.

– Marg‘uba opa, hozir xonadoningizga militsioner kelmaydimi? Nima deb o‘ylaysiz, davlat sizga biron bir yordam berishi kerakmi, hayotingizda ishtirok etishi kerakmi?
– Ro‘yxatdan chiqarishganidan so‘ng uyimizga odamlar kelishdi, qanday muammolarimiz boriligi so‘rashdi, yana bir marta kelib, shu savollari berishdi va yozib olishdi. Faqat xo‘jayinim ishlaydi, o‘zim, qizlarim tikish-bichishdan xabardormiz, tikuv mashinasini berishlarini so‘radim, bu ham o‘ziga xos yordam bo‘lar, dedim. Keyin esa ular kelib, hozircha tikuv mashinasi yo‘qligini, bizning sharoitlarimiz yaxshi ekanini va yanada ehtiyojmand insonlar ham borligini aytib ketishdi.

– Marg‘uba opa, hozir sizga nisbatan munosabat qanday?
– Hali aytganimdek, o‘zgarish bor. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga o‘xshaganlarni hisobga olmasak. Hukumat tepasiga yangi prezident kelganidan odamlar ham o‘zgardi. Lekin hamma ham emas. Yaqinda Xadichai kubro madrasasida tahsil oladigan jiyanim sharqshunoslik fakultetiga hujjatlarini topshirdi. U yerda unga: “Olgan ballaring yaxshi, arab tilidan ham yaxshi imtihon topshirding, shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinasan, byudjetga kirishing ham mumkin”, deyishgan.

Keyin esa to‘satdan rektor o‘ranganlarning kunduzgi bo‘limga qabul qilinmasligi to‘g‘risida buyruq chiqardi. Endi jiyanim kechki bo‘limga hujjatlarini topshirmoqchi. Ko‘ryapsizmi, ko‘p narsa eskiligicha qoldi, ayrim mansabdorlar Prezidentning so‘zlariga kirmayapti. Har kim o‘z hohishicha ish tutyapti. Mayli, hali hammasi yaxshi bo‘ladi, deb umid qilamiz.

3. Anvarjon Mirzarahmonov: “Pushaymon”
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Polasoli qishlog‘ida yashovchi Anvarjon Mirzarahmonov 2000 yilda noqonuniy diniy harakatda ishtirok etganlikda ayblangan. Hozirda qadron uyiga qaytgan Anvarjon sodir etgan noqonuniy hatti-harakati uchun 19 yil mobaynida jazo tortishga majbur bo‘ldi. Biroq, eng muhimi, u bir paytlar noto‘g‘ri yo‘lni tanlaganini tushunib yetdi.

Anvarjon Mirzarahmonov:
– O‘sha paytda men hatto yigirmaga ham to‘lmagan edim. Otam ham hali hayot edilar (onam kichkinaligimizda vafot etganlar). Bizning ixtiyorimiz o‘zimizda edi. Men o‘shanda hali hayotda nima bilan shug‘ullanishimni o‘ylab ko‘rmagan edim. Bir kuni ko‘chada bir notanish yigit yonimga kelib, qo‘limga bir varaq uzatdi va “Alloh yo‘lida o‘qib chiqing”, dedi. Meni uni o‘qib chiqdim. Hammasi mana shundan boshlandi… Hozir men bu ishni qilganimga juda afsuslanaman.

Shuhratjon Otanazarov, masjid imom-xatibi:
– Qur’ondagi oyatlarning birida shunday deyiladi: Men sizga mukammal dinni berdim. Sizga kerak bo‘lgan barcha narsani berdim va Islom dinini berdim. Alloh bizga Qur’onni berdi. 14 asr oldin marhamat qilingan oyatlarda dinimizning nechog‘lik mukammal din ekani, unga hech qanday yangiliklar va o‘zgartirishlar kiritish shart emasligi bayon qilingan.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhi vasallam: “Eng to‘g‘ri yo‘l – bu mening va izdoshlarimning yo‘lidir”, deganlar. Hozirgi kunda dinimizda paydo bo‘lgan turli oqimlar va ularga yoshlarni jalb etish dinning asl mohiyatini tushunmaslik oqibatida sodir bo‘lyapti. Islom dinini noto‘g‘ri talqin qiladigan savodsizlardan o‘ylamay turib ibrat oladigan va ularning ta’siriga tushib qoladigan yoshlarning g‘o‘rligi Anvarjonning hayotiga o‘xshagan vaziyatlarga olib keladi.

Yoshlik – inson hayotining eng gullagan davridir. Afsuski, Anvarjon ayni navqiron yillarini o‘ylamay sodir etgan xatti-harakati oqibatida jazoni o‘tashga majbur bo‘ldi. Va albatta bu yillarda topishdan ko‘ra ko‘proq narsani yo‘qotdi.

Anvarjon Mirzarahmonov:
– 19 yil ichida men ko‘p narsani yo‘qotdim. Ba’zan yaqin insonlarimning ovozlarini eshitgim keladi. Qadrdon uyimdan kelgan xatlarni o‘qisam, ko‘zimga yosh kelardi. Qamoqda o‘tirgan paytlarimda otam va yaqinlarim vafot etishdi. Men tufayli singillarim va boshqa qarindoshlarim og‘ir musibatlarni boshdan kechirdi. Men hayotdan ancha ortda qoldim. Tengdoshlarim o‘g‘il uylantirib, qiz uzatishyapti, ba’zilari nevarali bo‘lib ketishgan.

Bularni ko‘rib, besamar o‘tkazgan yillaring haqida afsuslanasan kishi. Faqat yo‘qotganingdan so‘nggina ozodlikning naqadar bebaho boylik ekanini chuqur anglarkansan. Bularni so‘z bilan ifodalash qiyin. Hozir men ozodlikka chiqdim, mamlakatimizda ishlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Bularning barchasi qanchalik qadrli va ularni asrash kerakligini, eng muhimi, o‘ylamasdan harakat qilish noto‘g‘ri ekanini tushunib yetdim…

Anvarjonni o‘tgan barcha yillar davomida uning opasi qo‘llab-quvvatlab turdi.

Muhabbatxon Akbarova:
– O‘sha paytlarda mening farzandlarim hali juda yosh edi, men o‘zim bilan o‘zim ovora edim, ukamga ko‘p vaqt ajratolmasdim. U yomon odamlarning ta’siriga tushib qoldi va hayotini sindirdi. Bu men uchun og‘ir musibat edi, men nima qilishni ham bilmasdim. Mana bugun u uyga qaytdi va biz bundan juda xursandmiz. U uylanib, farzandli bo‘ladi va ularni yurtimiz va xalqimiz uchun naf keltiradigan insonlar etib tarbiyalaydi, degan umiddamiz. Uyga e’tibor berib qaralmasa, u qulaydi. Mahalla ahli uyni ta’mirlashda bizga yordam qo‘lini cho‘zdilar, buning uchun ulardan minnatdormiz. Mana bu xonalar ta’mirlandi. Bu yerga kelin kelsa, uy yanada fayzli bo‘ladi. Ukam yo‘qligida uy egasiz ahvolga tushib qolgan edi. Endi esa hammasi o‘zgardi.

Mahalla faollari va hokimiyat vakillari Anvarjon bilan uning keyingi hayoti to‘g‘risida suhbatlashdilar. Oltiariqliklar asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Mahalliy hokimiyat Anvarjonga 2 gektar yer ajratdi. U bu yerda uzumzor tashkil qilish niyatida. Shu kunning o‘zida unga yerning hujjatlari va bitta sigir berishdi. Sobiq mahbus unga bildirilgan yuksak ishonch uchun minnatdorchilik izhor qildi hamda mamlakat va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shish uchun barcha sa’y-harakatini ayamasligini aytdi.

Anvarjon Mirzarahmonov:
– Men qamoqda o‘tirgan o‘lkalarda tumanimiz, u yerda hamma narsa, shirindan-shakar mevalar, dunyoda eng mazali anorlar va uzumlar borligini so‘zlab bergandim. U yerda ta’lim olish, dinni o‘rganish uchun barcha sharoit yaratilgan. Endi o‘z uyimga qaytgach, faqat to‘g‘ri yo‘ldan yurishga so‘z beraman. Yo‘qotgan yillarim va sodir etgan xatoyimdan juda afsusdanman. Prezidentimiz menga o‘xshab hayotda qoqilganlarga shuncha imkoniyatlar taqdim etmoqda. U meni jamiyatga qaytardi. Men endi O‘zbekistonga nafim tegishi uchun bor kuch-g‘ayratim bilan ishlayman. Mana, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishga qaror qildim.

Hurmatoy Mansurova, Ibn Sino nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:
– Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Mana, hamqishlog‘imiz Anvarjon jazoni o‘tash joyidan qaytdi. Biz mahalla fuqarolar yig‘ini vakilini unga biriktirdik, moddiy tomondan yordam ko‘rsatdik. Uning 19 yillik qamoqdan so‘ng hozirgi hayotga qiynalmay moslashib ketishiga harakat qilamiz. Anvarjon oila qurib, yaxshi farzandlarni voyaga yetkazadi, deb umid qilamiz.

Ekspert fikri

Viktor Mixaylov
– Bu ezgu istakning o‘ziga xos ifodasi, ko‘plab insonlarni yaxshi hayotga va ishlashga qaytarish, fuqarolarga bizning liberal ekanimiz hamda bugun Xudoga ishonayotganlarni tushunishimizni ko‘rsatish imkonidir. Fuqarolarni ijtimoiy hayotga moslashtirish bilan aynan davlat shug‘ullanmoqda. Bunda u maxsus jamg‘arma va maxsus guruhlar yordamidan foydalanmoqda. Huquqni himoya qilish organlari, mahalliy hokimiyat organlari, turli fuqarolik institutlari xodimlari ushbu guruhning a’zolaridir. Ular mazkur radikal-ekstremistik tashkilotlardan qaytgan fuqarolarga turli xildagi yordamni ko‘rsata oladilar.

Radikallashuvdan qaytarishga muhtoj bo‘lgan shaxslarga bunday yordamni ko‘rsatish haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada ham davlat instituti faol ishlarni olib bormoqda. Bunda davlat juda obro‘li imomlarni bu ishlarga jalb qilyapti. Ular fuqarolarga hamma narsani aniq misollarda tushuntirib bera oladilar. Masalan, mazkur tashkilot a’zosi bu holatda qanday xatoga yo‘l qo‘ygan. Albatta, bu borada davlatning roli juda katta va uni boshqa narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.

Faxriddin Abduvohidov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Qora ro‘yxat»dan keyingi hayot