11:43 / 03.08.2019
3 017

«Ayollarning 23 toifasi» ro‘yxati bo‘yicha Bobojonov va Ortiqxo‘jayevga murojaat yo‘llandi

«Ayollarning 23 toifasi» ro‘yxati bo‘yicha Bobojonov va Ortiqxo‘jayevga murojaat yo‘llandi
Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish maqsadida 27 iyun kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligidagi Qo‘shma qaror ishlab chiqilgani va Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlangani, Toshkentda xotin-qizlarning 23 ta toifa bo‘yicha kartotekalari shakllantirilishi haqidagi xabarlar keng jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Demokratiya va inson huquqlari instituti mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hamda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga murojaat yo‘lladi. Murojaat matni «Daryo»da e’lon qilindi.

Demokratiya va inson huquqlari instituti mazkur masala yuzasidan o‘zining munosabatini quyidagicha bildiradi:

1. Eng avvalo jinoyatchilikni oldini olish hamma vaqt ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Lekin nima uchun ayollar jinoyatchiligi masalasiga bunday noto‘g‘ri yondoshuv paydo bo‘lmoqda. Faqat ayollarni toifalarga ajratish o‘rinlimi?

U holda savol tug‘iladi – erkaklar orasidachi, jinoyatchilikka moyilik kammi va ularni ham tasniflash zarurati yo‘qmi, umuman jinoyatchilikni erkaklar va ayollar jinoyatchiligiga bo‘lishning huquqiy asoslari bormi? Ayollarni bunday xavfli toifalarga ajratishning huquqiy asosi qaysi normativ hujjatda mavjud?

2. Qaysi me’zonlar asosida aynan 23 toifani xavfli guruh sifatida e’lon qilinmoqda? Mazkur guruhlarga mansublar ijtimoiy xavfli ekanligi aniqlanganmi?

3. Tuzilgan ro‘yxatga mansublar jamiyatda kamsitilishi, ularga nisbatan ijtimoiy munosabatlar o‘zgarishi, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishi, tahqirlanishi, xalqaro atama bilan aytganda STIGMAga uchrashi masalasi o‘rganilganmi?

4. IIBB tomonidan amaliyotda ayrim jinoyatga moyilligi mavjud bo‘lgan shaxslar bilan alohida ishlar va kuzatuvlar olib borilgan taqdirda, bu xizmat siri va shaxsning daxlsizligini ta’minlanishi shartligini nahotki IIBB da faoliyat yurituvchi «huquqni muhofaza qiluvchilar» bilmaydi?

5. Jinoyatchilik profilaktikasi shiori ostida qilingan bunday «g‘amxo‘rlik»ni jamoatchilikka e’lon qilishdan maqsad nima edi? Bu ro‘yxatni ko‘rgan har qanday mahalla vakillari yoki oddiy fuqaro ertaga mana shu 23 toifaga mansublarning huquqlarini kamsitmasligining kafolati bormi?

«Inson huquqlari masalasi butun dunyo, jumladan yangilangan O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim va nozik masala ekanligi, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan demokratik islohotlarning tag zamirida ham inson huquqlarini ta’minlash yotganligini inobatga olib, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunning 4,6 va 7-moddalariga asoslanib, yuqoridagi savollarga tegishli tartibda javob berilishini so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ayollarning 23 toifasi» ro‘yxati bo‘yicha Bobojonov va Ortiqxo‘jayevga murojaat yo‘llandi