16:30 / 03.08.2019
3 620

O‘zbekistonda quyonchilik markazi tashkil etiladi

O‘zbekistonda quyonchilik markazi tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Respublikada quyonchilik sohasidagi ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat bankining Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tizimidagi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida Quyonchilik seleksiyasi va genetika markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- quyonchilik sohasida seleksiya-naslchilik ishlarini takomillashtirish va raqobatbardosh mahalliy texnologiyalar yaratish, sun’iy urug‘lantirish ishlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni bajarish;
- fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar asosida quyonchilik tarmog‘ida innovatsion texnologiyalar va ilg‘or konstruktorlik namunalarini amaliyotga joriy etish;
- quyonlarning sermahsul zotlari va duragaylarini ko‘paytirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan seleksiya-naslchilik konsepsiyasini va tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
- quyonlarning mahalliy zotlarini takomillashtirish va naslini yaxshilash bo‘yicha seleksion va genetik ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish hamda quyonchilik tarmog‘ini kelgusida rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- sohaga ilg‘or xorijiy tajribalar, ilmiy, innovatsion ishlanmalarni joriy qilish hamda genetik tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish;
- ta’lim, fan va ishlab chiqarishni tizimli asosda uzviy integratsiyalashni, quyonchilik tarmog‘ining yuqori malakali soha mutaxassislariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Quyonchilik seleksiyasi va genetika markazi xodimlarining umumiy cheklangan soni 16 nafar bo‘lgan tuzilmasi tasdiqlandi.

Belgilanishicha:
  • Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori tomonidan lavozimiga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi;
  • Markaz faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar dastlabki ikki yil davomida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;
- shartnomaviy asosda faoliyat sohasi bo‘yicha ishlar bajarishdan va xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
- xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari va kreditlari;
- jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Markaz Toshkent viloyati, Qibray tumani, Shalola MFY, O‘zChITI ko‘chasida joylashgan Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda quyonchilik markazi tashkil etiladi