18:12 / 03.08.2019
3 721

Prezidentning blogerlar haqidagi gapiga ijtimoiy tarmoqlarning munosabati: «Blogerlar keldimi? Suz oshni!»

Prezidentning blogerlar haqidagi gapiga ijtimoiy tarmoqlarning munosabati: «Blogerlar keldimi? Suz oshni!»
2 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev selektor majlisida hokimlarni keskin tanqid ostiga olib, ulardan xalq oldida kechirim so‘rashni talab qildi. Bu so‘zlar aks etgan audioyozuv internetga chiqib ketdi. Audioyozuv oxirida prezident hokimlarga ular blogerlarga hisobot berishi lozimligini aytgani aks etgan.

Bu audio internetda ulkan shovshuv keltirib chiqardi. Avvalo, blogerlarning o‘zi ularning ijtimoiy muammolarni ko‘tarish borasidagi sa’y-harakatlari davlat rahbari tomonidan e’tirof etilganidan ilhomlandi.

Hozir «Qo‘shni mahalla» kanalida prezidentning bugungi selektordagi audioyozuvi chiqdi. Unda prezident snoslar haqida gapirgan. Hokimlarni qattiq tanqid qilgan. Eng qizig‘i shundaki, Xorazm, Farg‘ona viloyat hokimlari Ermanov va G‘aniyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Ro‘ziyevlarni internetda xalqqa murojaat bilan chiqishga chaqirgan. Xalqdan uzr so‘rashni talab qilgan. Kerak bo‘lsa blogerlarni to‘plab gapirsin degan.

Shu navbatda Buxoro hokimi, qabristonlarda byudjet tashkilotlari xodimlarini majbur ishlatayotgan Barnoyev ham chiqib qolsa kerak.


Prezidentning gapi gap. Pop-korn va «Kola»ni olib, yuqoridagi hokimlarning murojaatlarini, uzrlarini kutib o‘tiribman.
Nurbek Alimov


Prezident Mirziyoyev Qashqadaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyat hokimlariga internetda oxirgi paytlar ro‘y bergan rezonansli mavzular bo‘yicha blogerlarga hisobot berishni tayinladi.

Yaxshi signal. Prezident blogerlarni o‘qimoqda va ularning so‘zlariga befarq emas. Blogerlar aldoqchi, tanqidchi va kovlovchi dushman, undoq-bundoq shaxslar emas. Ular jamoatchilikning faol vakillari. Nima ham derdik, Prezident topshirig‘iga binoan ulardan hisobot kutamiz. So‘z sizga o‘rtoq hokimlar. Savollarimiz ko‘p bo‘ladi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya etamiz.

Nozim Safarov


«Blogerlar undoq, blogerlar bundoq» deb yurganlar — erta-indin viloyat hokimlari blogerlarga hisobot beradigan bo‘lib turibdi. Aql bovar qilmaydi. Qani, kuzataylik-chi...

Aftidan, Prezident Buxorodagi ishlardan, o‘sha ishlar bo‘yicha kommentlardan bexabar bo‘lgan (olib kirishga ulgurishmagan), yo‘qsa Barnoyevni ham xiyonatda ayblab, unga ham blogerlarga hisobot berish haqida topshiriq berardi (har holda audioda shu joyini eshitardik-da).

Muhrim A’zamxo‘jayev


Esingizdami, yo‘qmi, ko‘pchilikning, kerakli odamlarning esida yo‘g‘akan shekilli, o‘tgan yili majburiy mehnatga amalda (qonunan-ku, umuman, bu – jinoyat) chek qo‘yilgan, Prezident topshirig‘iga binoan, Bosh Vazir Abdulla Aripov barcha hokimlarni jiddiy ogohlantirgandi.

Hokimlar bu ogohlantirishni tantanali qabul qilib, salkam qasamyod qabul qilib yuborishgandi.

Jumladan, yaqinda Rishtonda minglab «ko‘ngillilarni» xasharga olib chiqqan Farg‘ona viloyat hokimi bu illatni uyatga tenglashtirgan, Buxoroda o‘qituvchi-yu vrachlarga qabriston tozalashlariga yo‘l qo‘yayotgan hokim esa, «zamon o‘zgarganini, ilgari paxtaga opchiqilmagani uchun odamlar ishdan xaydalgan bo‘lsa, hozir siyosat o‘zgarib, barcha buni tushunishi lozimligini» aytgandi.

Bir yil o‘tdi, poshsho ham, afandi ham, eshak ham tirik, lekin negadir va’dalar unutilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Prezident ham so‘nggi voqealardan xabardor va bugungi selektor majlisida barcha hokimlar qattiq «tuzlangan». Narxlarning oshishidan tortib, snoslar masalasigacha jiddiy ko‘tarilgan.

Buning aks sadosi balki bizgacha yetib kelar, yangiliklar eshitishimiz mumkin. Misol uchun, Prezident uch hokimga «internetga chiqib, butun dunyo oldida, blogerlarlarni ham chaqirib, aybni bo‘yniga olib, uzr so‘rash kerakligini» aytdi. Hali, koreyalik amaldorlar kabi, xalqdan kechirim so‘rash an’anasi boshlansayam kerak.

Lekin ogohlantirishlar bu safar necha oy yodda saqlanar ekan, shunisi masala. Agar hokimlar xalqni norozi qilayotgan bo‘lsa, Prezident aytganlari e’tiborga olinmasa («senlar mening siyosatimni butun dunyoga yomon qilib ko‘rsatyapsan», «sizlarning qilgan ishlaring – xiyonat»), kim uchun ishlashyapti?

Qahramon Aslanov


O‘lib-tirilib, yarim kechgacha ishlab, til osilib uyga yetib kelsam, uydagilar «Prezident sen haqingda gapirdi» deydi. «Iya, rostdanmi, otimni aytdimi?» deb xursand bo‘lib ketsam, «Eyeye, yo‘q, blogerlarni gapirdi, aynan seni emas», deb popugimni pasaytirib qo‘yishdi.
* * *
Mana, audioni topdim («Qo‘shni mahalla» o‘zini o‘zi forvard qilmasa topmas ekanman, xixi). Boshqa kanallardayam chiqib bo‘libdi, birinchi manba shu deyishdi. Eshitib ko‘rdim.

Ochig‘i, prezident unday degan, bunday degan deb, davlat rahbarini orqa qilib o‘z pozitsiyamni himoya qilishni yoqtirmayman. Men avtoritetlardan ko‘ra ko‘proq sog‘lom mantiqiy argumentlar kuchiga ishonaman. Lekin bu voqea boshqa jihatdan diqqatga sazovor: davlat rahbari aynan blogerlarni tilga oldi. Ya’ni, ular yozayotgan postlar, ular ko‘tarayotgan mavzular eng yuqoriga yetib boryapti. Juda siyosatni o‘zgartirib yubormasa ham, maishiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni gapirish foyda beradi, seni eshitishadi degani bu. Bloger va jurnalistlar hukumatdan norasmiy signallar olib turadigan bizning zamonda bu mana shunaqa muhim signal: hokimlarni tanqid qilishing mumkin, gazini bos.

O‘zbek blogerlari shunchaki bloger emas, opinion maker, influencer, trendsetter kabi jarangdor nomlar bilan rasman ataladigan paytlar yaqin shekilli.

Eldar Asanov


Ayrim jurnalistlar va faollar tarafidan bu yangilikka ijobiy munosabat bildirildi.

O‘zbekistonda blogerlar ijtimoiy, madaniy va siyosiy tanqidchilar sifatida maydonga chiqar ekan, ularning roli tan olinayotgani ijobiy holdir. Men ayrim blogerlarni kolumnistlarga, ya’ni onlayn va bosma matbuotdagi sharhlovchilarga o‘xshataman. O‘tkir va asosli fikr egalari. Argumentlari bilan odamlarni o‘zlariga ergashtirgani bois faollarga, ba’zilari liderlarga aylanadi. Ularning ham jurnalistlar singari axborot olish erkinliklari kafolatlanishi muhim. Quyidagi qonun loyihasi bilan tanishar ekanman, mas’uliyat ham shunga yarasha bo‘lishi kerak, deyman. Tabiiy. Lekin bu loyiha aynan erkinlik xususida. Bir nazar tashlab qo‘ying. Befarq bo‘la olmaymiz. Aytgancha, kasbiy etika haqida ham o‘ylash kerak. Jurnalistlar va blogerlar orasidagi eng katta farq – jurnalistga xolis, betaraf bo‘lish talabi qo‘yiladi. Blogerlar esa aynan shaxsiy fikri va muayyan tarafda ekani bilan nufuz qozonadi. Fikr esa kuchli zaminga ega bo‘lmasa, fikr emas. Blogerning materiali ham jurnalistniki singari asosli va haqqoniy bo‘lishi kerak. Pirovardida hamma narsa axborotga borib taqaladi.
Navbahor Imomova, «Amerika ovozi» muxbiri


Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari hamda ayrim sahifalar endilikda blogerlarning obro‘si yanada oshishini taxmin qilib, shu mazmunda ko‘plab hazilomuz fikr bildirdi.



Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezidentning blogerlar haqidagi gapiga ijtimoiy tarmoqlarning munosabati: «Blogerlar keldimi? Suz oshni!»