20:15 / 03.08.2019
4 368

«Qani dalil, qani isbot?» - Buxoro viloyati hokimi qabriston bo‘yicha ma’lumotlarni «oldi-qochdi gap» deb atadi

«Qani dalil, qani isbot?» - Buxoro viloyati hokimi qabriston bo‘yicha ma’lumotlarni «oldi-qochdi gap» deb atadi
Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev Facebook’dagi sahifasida shahardagi “Hazrati imom” qabristonidagi obodonlashtirish va turli qurilish ishlariga shahardagi mavjud tashkilotlar, jumladan, ta’lim tizimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari va harbiy qism askarlari majburiy jalb qilinayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan post qoldirdi.

“Xalqimizda “qaysi yurtning obodligini bilmoqchi bo‘lsang, bozori-yu mozoriga bor”, degan naql bor. Bu naqlda bozor – turmush, mozor – ma’naviyat belgisini bildiradi. Zero, mozor marhumlarning mangu qo‘nim topgan maskani bo‘lsa, bozor tiriklikning yashash manbai sanaladi. Shu ma’noda aytganda, qabristonlarni, muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarni ziyorat qilish, boqiy dunyoga safar qilgan yaqinlarimiz qabrlaridan xabar olish, haqlariga Qur’on-tilovat qilish, marhumlar yotgan joylarni obod va ozoda saqlanishiga e’tibor qaratish har bir inson uchun ham qarz, ham farzdir”, - deb yozadi hokim.

Uning aytishicha, bundan qariyb bir oy muqaddam Buxoro shahridagi “Hazrati imom” qabristonida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan.

“So‘nggi kunlarda esa ijtimoiy tarmoqlarda qabristondagi obodonlashtirish va turli qurilish ishlariga shahardagi mavjud tashkilotlar, jumladan, ta’lim tizimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari va harbiy qism askarlari majburiy jalb qilinayotgani haqida xabarlar “bolaladi”.

Voqealar rivoji aslida qanday tus olgani yuzasidan Buxoro shahar hokimi K.Kamolovga murojaat qildik. - Mahallalar qiyofasini yangilash maqsadida qabul qilingan “Obod mahalla” dasturi doirasida “G‘.G‘ulom” mahallasi hududi ham obodonlashtirilmoqda. “Hazrati Imom” qabristoni ayni shu hududda joylashgan. Viloyat rahbari boshchiligida olib borilgan o‘rganishlar jarayonida mazkur qabristondagi abgor holat ham e’tibordan chetda qolmadi. Shu joyning o‘zida mutasaddilarga qabriston devorlarini qaytadan tiklash, yo‘laklarni ta’mirlash, sag‘analar atrofini tartibga keltirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shundan so‘ng ishga kirishildi.

Bu ishga albatta, qurilish tashkilotlari, obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari jalb qilingani rost. Qolaversa, mahalliy byudjetdan 500 million so‘m mablag‘ ham ajratib berildi. Bundan tashqari, imom-xatiblar, yoshi ulug‘ insonlar tomonidan namozlarda, ma’raka-mavridlarda ezgu ishga bosh qo‘shishga chaqiriqlar qilindi. Buxoro shahrida yashovchi aholi orasida ko‘pchilikning qavmi-qarindoshi shu yerda dafn etilganligi bois ularga ham da’vatlar bo‘ldi”, - deydi O‘ktam Barnoyev.

Uning bildirishicha, biror korxona-tashkilot xodimlariga tazyiq o‘tkazilib, biror jazo qo‘llash tahdidi ostida mehnatga jalb qilingani yo‘q.

“Shu o‘rinda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning 1 avgust kuni Xalqaro press-klubning O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashning yangicha tizimiga bag‘ishlangan majlisidagi iqtibosiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

“Hashar xalqimizning qadimiy urf-odatlaridan hisoblanadi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar yoki bir mahalla ahlining uy qurish, bog‘ barpo etish yoki ko‘cha-ko‘yni tartibga solish uchun birlashish amaliyoti xalqimiz madaniyatining bir qismi sanaladi. Hashar — har doim bayram, o‘zaro ko‘maklashish, qiyinchiliklar qarshisida jipslashish va birgalikda ularni yengib o‘tishdir. Lekin masalan, erta tongdan shifoxona yoki maktab xodimlarini ularning roziligini so‘ramasdan avtobusga solib, avtoyo‘llar bo‘yidagi hududlarni supurishga olib ketish — bu hashar emas, balki majburiy mehnatdir. Undan ham yomoni bu kabi “hasharlar”da qatnashishdan bosh tortgani uchun xodimlarga nisbatan ishdan bo‘shatish darajasigacha intizomiy choralar ko‘rilishidir.” — degandi vazir o‘shanda.

Endi o‘zingiz o‘ylang. Ota-bobolari yotgan muqaddas qadamjoni obod qilishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shish qadimiy urf-odat emasmi?! Ayting-ayting, bu ish milliy madaniyatimizga qachondan yot tushunchaga aylandi?! Yoki bugun ijtimoiy tarmoqlarda bong urayotganlarning qaysi biri “Hazrati Imom” qabristonida erta azonda maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa soha xodimlarining vazir aytmoqchiday, rozi-rizoligi olinmasdan avtobusga solib, mehnatga majburlanganini ko‘ribdi? Qani dalil, qani isbot? Yozilganlarning, aytilganlarning bari oldi-qochdi gaplar, o‘z-o‘ziga “qahramon” yasab olishdan boshqa narsa emas. Alalxusus, bugun Buxoroda boshlangan ulkan bunyodkorliklar, o‘zgarish va yangilanishlar shiddati bir dam susaygani yo‘q. Yurtni obod, xalqni shod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarga, shu ishga kechani kecha, kunduzni kunduz demay, mehnat qilayotganlarga Olloh yordir. Biz esa mavzuga yana qaytamiz”, - deyiladi hokimning postida.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval bloger Umid G‘ofurov Buxoroda byudjet tashkilotlari xodimlari bir oydan beri “Hazrati imom” qabristonini obodonlashtirishga jalb etilayotgani haqida xabar qilgandi.

Shundan so‘ng, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Buxoro shahridagi byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilingani to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha tekshiruv ishlarini boshladi.

Bundan oldin, Kun.uz Buxorodagi qabristonni obodonlashtirishga tashkilotlar xodimlari majburiy jalb qilinayotgani yuzasidan surishtiruv o‘tkazgandi.

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-son Qaroriga muvofiq, hashar faqat ixtiyoriy asosda o‘tkazilishi belgilangan. Hasharni o‘tkazish uchun umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentning tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘lishi shart. Hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat’iyan rioya etilgan holda o‘tkaziladi. Hasharlar doirasida boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash ishlariga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Qani dalil, qani isbot?» - Buxoro viloyati hokimi qabriston bo‘yicha ma’lumotlarni «oldi-qochdi gap» deb atadi