21:33 / 03.08.2019
5 475

Mansab bermoq – jon bermoq! «Qovun tushirgan» amaldorlarimiz nega mard bo‘lib ishdan ketmaydi?

Mansab bermoq – jon bermoq! «Qovun tushirgan» amaldorlarimiz nega mard bo‘lib ishdan ketmaydi?
Amaldorlarimizning «qovun tushirishi» odatiy holga aylanib borayotgandek. Ilgari arboblarning ancha-muncha qilg‘iliklari parda ortida qolar, yopiqliq qozonni ochishga ko‘pchilik jur’at qilmas edi. Endi esa el og‘ziga elak tutib bo‘lmay qoldi: kecha muzofotda ro‘y bergan voqea bugun butun mamlakatda duv-duv gap bo‘lmoqda!

Mansabdor ham xom sut emgan banda, bilib-bilmay noma’qul buzoqning go‘shtini yeb qo‘yishi mumkin. Boz ustiga, o‘rtada nafs bor, shayton bor. Ammo xavotirli jihati shundaki, yanglish yo‘l tutgan, hatto jinoyat deb malakalash mumkin bo‘lgan xatti-harakatni sodir etgan mansabdorlarimiz o‘z xatosini mardona tan olmayapti. Ayrimlar hatto bir og‘iz uzr so‘ramoqni o‘ziga ep ko‘rmayapti.

Mutaraqqiy dunyoda qaltis qadam qo‘ygan arboblar o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etadi. Misol kerakmi? Marhamat, so‘nggi bir-ikki yilda yaqin va uzoq xorijda ro‘y bergan ayrim hodisalarni yodga olamiz.

Rossiyaning Kemerovo viloyati gubernatori Aman Tuleyev «Zimnyaya vishnya» savdo majmuasidagi yong‘in ortidan o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etdi.

Viloyatlarimizda bozorlarning sirli-shubhali tarzda yonib ketishi ko‘p uchramoqda. Hokimbuvalarni qo‘yaturaylik, shu paytgacha jillaqursa biror bozorqo‘m o‘zi ariza yozib ishdan ketdimi?..

Ruminiya ichki ishlar vaziri Nikolaye Moga 15 yoshli qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi oldini ololmagani uchun o‘zini aybdor deb bilib iste’fo berdi.

Afsuski, bizda ham bunday mudhish jinoyatlar tez-tez ro‘y bermoqda. Ammo IIV tizimidagi biror mansabdor nazoratidagi hududda ro‘y bergan qotillik yoki nomusga tegish jinoyati uchun axloqiy mas’uliyatni bo‘yniga olganini hali eshitmadik.

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Xalbe Zeylstra jamoatchilikni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi borasida aldagani uchun o‘z ixtiyori bilan iste’fo berdi.

Andijon viloyati hokimi prezidentning hududga tashrifi payti uy-joy masalasida ko‘zbo‘yamachilik qilgani fosh bo‘ldi, bu holga kazo-kazo idoralar e’tibor qaratdi. Xo‘sh, natija nima bo‘ldi? Aybni tan olmoq qayda, oxir-oqibat ko‘zbo‘yamachilik qurboni bo‘lgan zaifalarning o‘zi aybdorga chiqarildi...

Buyuk Britaniya xalqaro taraqqiyot masalalari vazirining o‘rinbosari Maykl Beyts parlamentdagi eshituvga bir necha daqiqaga kech qolgani uchun iste’fo berdi.

Ijroiya hokimiyatining qonunchilik idorasiga hurmati! Ingliz demokratiyasi mevasi! Bizda esa... Oliy Majlis deputatlari ijroiya hokimiyati, xususan, mahalliy hokimiyatlar parlament so‘rovlarini pisand qilmayotganidan arz-dod qilmoqda.

Samsung Electronics bosh direktori Kvon O Xyun kompaniya moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotganida o‘zini aybdor deb bilib, rahbarlikni boshqa hamkasbiga topshirdi.

Yurtimizdagi monopol muassasalar, inqirozga yoqasiga kelib qolgan kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlarda xudoning bergan kuni «duoi xayrlar» bilan yodga olinadi. Xo‘sh, biror rahbar o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdimi?

Futbol bo‘yicha Tojikiston termasi murabbiyi Hakim Fuzaylov jamoani Osiyo kubogiga olib chiqa olmagani uchun iste’fo berdi.

O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Samvel Babayan ko‘p millionli muxlislarning noroziligiga qaramay, so‘nggi daqiqalargacha javlon urdi. Shu tariqa jahon chempioatiga chiqish uchun yana bir tarixiy imkoniyat boy berildi. Darvoqe, muxlislar no‘noq murabbiyning futboldan badarg‘a etilishidan erta quvongan ekan. Keyin u yana «muzaffar holda» futbolga qaytdi...

Herve Leger xalqaro moda uyi rahbari Patrik Kuderk to‘laroq qiz-juvonlar haqida noshoyista gap aytgani uchun iste’fo berdi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ichki ishlar idorasi bilan birgalikda «innovatsiya»ga qo‘l urdi – ayollarning «xavfli 23 toifasi»ni e’lon qildi. Na qonunchilik, na musulmonchilik va na odamgarchilikka to‘g‘ri keladigan ushbu xatti-harakat uchun biror mulozim mas’uliyatni bo‘yniga olganicha yo‘q...

Xo‘sh, nega «xol qo‘ygan» amaldorlarimiz aybini dangal tan olib, ixtiyoriy ravishda iste’fo bermaydi? Amal kursisini yo‘qotishdan shu qadar qo‘rqishadimi? Yoki «yakkash o‘zim zo‘rman, bu lavozimga mendan ko‘ra munosibroq odam yo‘q» deb o‘ylashadimi?..

Cobir Salim

P.S. Kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari hokimlarini zo‘ravonlarcha siyosat yuritib, O‘zbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayotgani uchun keskin tanqid qildi. Davlat rahbari nomunosib kadrlar ishdan bo‘shatilishi ehtimoli haqida ham gapirdi. Xo‘sh, naq xiyonatda ayblangan hokimlar bu gal sahvu xatolarni mardona tan olmoqqa o‘zida jur’at toparmikan?..

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mansab bermoq – jon bermoq! «Qovun tushirgan» amaldorlarimiz nega mard bo‘lib ishdan ketmaydi?