09:13 / 05.08.2019
2 555

Advokat, prokuror va sudyalik qiluvchi hokimlardan voz kechaylik

Advokat, prokuror va sudyalik qiluvchi hokimlardan voz kechaylik
Kuni-kecha audiosi tarqalgan prezident videoselektorida davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan quyidagi so‘zlar alohida e’tiborga molik.

«Birovni ishdan olish bo‘lsa, «advokat» bo‘lasan, birovni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘lsa, hammang «advokat» bo‘lasan», — dedi prezident Xorazm viloyat hokimiga qarata.

Bu yerda advokat so‘zi qo‘shtirnoqqa olinishi to‘g‘ri, chunki Farhod Ermanov qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot mutaxassisi, uning o‘rindoshlik asosida advokatlik qilish huquqi yo‘q.

Bu holat ko‘proq, ikki oy oldin Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning Sog‘liqni saqlash vaziri haqida aytgan gaplarini eslatadi:

«Anovi m***z vazirchang, i***s, kecha menga kevolib, ketimga paxta qo‘yib, o‘zi Andijondan chiqqan, bosh prokurorga xat kirgizibdi... otasiga rahmat, bosh prokuror (sobiq prokuror Otabek Murodov nazarda tutilyapti — mual.) menga «manavi vazir bilan gaplashib oling, bunaqa xat qilyapti», deb aytdi».

Bu ikki holat, bir narsani, yuqorida juda ko‘p masalalalar «ko‘cha tili»da hal bo‘layotganini anglatmayaptimi? Ishdan olinishi mumkin bo‘lgan, balkim jinoyat alomatlari bilan qo‘lga tushgan odamlarga og‘zaki «advokatlik» qilinsa, Bosh prokuror arznomani ko‘rib chiqish o‘rniga, «kelishib olish»ni maslahat bersa, nimalar bo‘lyapti?

«Uzr» yetarlimi?
Kechagi selektorda prezidentning aytgan gaplari yangi bir davrning boshlanishi bo‘lishi kerak, zinhor, bugungi «uzrlar chellenji» bilan yakun topmasligi shart. Axir rostdan ham, Shavkat Miromonovich aytganidek, hokimlarning juda ko‘p ishlari o‘zboshimchalik, xalqni norozi qilish va siyosatga xiyonatdan iborat bo‘lsa, bu to‘rt-besh kishining oldida, kamera qarshisida uzr so‘rab qo‘yish bilan nuqta qo‘yiladigan vaziyat emas.

Biror ish uchun uzr so‘rattirish bu axloqiy jazodir, lekin huquqiy asosga ega bo‘lgan davlatlarda bunday xatolar eng kamida iste’fo bilan, ko‘pgina holatlarda ma’muriy va jinoiy javobgarliklar bilan davom ettirilishi lozim bo‘lardi. Aks holda, bunday boshboshdoqliklar yana davom etishi, hatto «senlarmi hali, meni internetda sharmanda qilib, uzr so‘rattirgan», deb, ahvol badtarlashmasligiga ham kafolat yo‘q.

Fikrimizcha, prezidentning uzr so‘rash haqidagi ko‘rsatmasi ko‘proq jamoatchilik uchun, ya’ni bu «snoslar» mamlakat siyosati darajasida emas, mahalliy qarorlar bilan amalga oshirilganini butun dunyoga ma’lum qilish uchungina berilgan. Asosiy javobgarlik shu bilan qolib ketmasligi shubhasiz, zero, majlis davomida Shavkat Mirziyoyev bosh vazirga qaysi hokimni bo‘shatish haqida taklif tayyorlash bo‘yicha ham topshiriq bergandi.

Nima qilish kerak?
Bu majlis va balkim orqasidan keladigan iste’folar va yangi tayinlovlar faqat kadrlar almashinuvi bilangina cheklanib qolmasligi lozim. Chunki juda ko‘p sohalarda amaldorlarning o‘rni almashgani bilan tizimli muammolar hal qilinmayotganini ko‘rmoqdamiz.

Birinchidan, bu vaziyatga yechimni uzoqdan qidirish kerak emas. Aslida prezidentning o‘zi, esingizda bo‘lsa, juda ahamiyatli g‘oyani ilgari surgandi.

«Kelgusida biz mahalliy hokimlarni xalq tomonidan saylash masalasini ham har tomonlama o‘ylab, muhokama qilib ko‘rishimiz kerak. Har bir hudud o‘z rahbarini o‘zi saylasa, rahbarlarning xalq oldidagi mas’uliyatini keskin oshirishga erishishimiz mumkin», — degan edi Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 8 dekabridagi nutqida.

Ushbu va boshqa masalalar yuzasidan islohotlarni amalga oshirish 2017–2021 yillarga belgilangandi.

Bu masala muhokama ham bo‘lgan, jumladan, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqova qo‘yidagilarni aytgandi:

«Velosiped allaqachon yaratilgan, uni qaytadan ixtiro qilishga hojat yo‘q. Xalqaro tajriba mavjud, xalq bu jarayonlarda qanday ishtirok etishi borasida qarashlarimiz yetarli. Shubhasiz, bu hokimlikka saylovlar bo‘lib o‘tadigan hududdagi hayot sifatiga, xalqning turmush darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa, jamiyat va davlat turmush darajasini belgilab beradi».

Bu jarayon hozir qaysi bosqichda ekanini bilmaymiz. Harholda hokimlarni paxta yoki g‘alla planiga, katta qurbonliklar evaziga amalga oshirgan obodonlashtirish ishlariga yoki soliq tushumi rejasi bajarilayotganiga qarab baholash davri allaqachon o‘tib ketgan bo‘lishi kerak.

Turmush farovonligi, ijtimoiy muhit, xalqning roziligi — mana bular hokimning ishini baholaydigan bosh mezonlar bo‘lishi kerak.

Ammo eski tizimda qolish hokimlarning xalq oldidagi mas’uliyatini unutib qo‘yishlariga, ularni saylashi kerak bo‘lgan xalq emas, ularni tayinlayotgan insonga yoqishga urinishlari qanday zararlar keltirayotganini ko‘rib turibmiz. Qishloq xo‘jaligi rejasini bajarish yoki obodonlashtirish uchun majburiy mehnatga tayanishmoqda, kattalarga yoqish uchun turli ko‘zbo‘yamachiliklardan tap tortishmayapti.

Ularni ham tushunsa bo‘ladi: xalqqa yoqish shart emas, prezidentga yoqishsa, uning topshiriqlarini bajarishsa, bemalol amalda qolishlari mumkin. Ammo prezidentning o‘zi ham aytib turibdiku, «men sizlarga bunday buyruq berganim yo‘q, bu ishlaring bilan o‘zlaringni emas, meni sharmanda qilyapsizlar», deb.

Rostdan ham, masalan Amerikaning biror shtatida gubernator xatoga yo‘l qo‘yib, aholining noroziligiga sabab bo‘lsa, hech kim prezident siyosatini ayblamaydi, to‘g‘rimi? Chunki o‘sha gubernator xalq tomonidan saylangan — xalq iste’fo talab qiladi, gubernator iste’foga chiqadi, xalq esa, o‘ziga yangi hokim tanlab olaveradi. Joriy tizim bizda na xalqni, na prezidentni qoniqtirayotgan ekan, aksincha, hammaga pand berayotgan ekan, biz ham hokimlarni tayinlash prinsiplarini yana ko‘rib chiqishimiz kerak.

Ikkinchidan, Tilga olingan viloyat va tumanlarda aholiga nisbatan nohaqlik qilingani rasman tan olindi. Balkim aybdorlar uzr bilan, iste’fo bilan va hatto jinoiy javobgarlik bilan javob berishar, lekin bu yerda eng muhim jihat yo‘l qo‘yilgan nohaqliklarda adolat tiklanishidir.

Ya’ni, har bir xonadon, har bir tadbirkorga nisbatan amalga oshirilgan mulkiy va ma’naviy tajovuz moddiy qoplanishi kerak bo‘ladi. Bu «o‘zing amalga oshirdingmi, endi o‘zing hal qil», shaklida yana «ko‘cha tushunchalari» bilan topshirilsa, nima bo‘lishini taxmin qila olamiz — yana qo‘ylarni bo‘riga topshirish bilan barobar. Yaxshisi, respublika miqyosidagi komissiya tuzilishi va vaziyatlar har tomonlama chuqur o‘rganilib, tizimli shaklda hal qilinishi kerak.

Uchinchidan, kechagi majlisda majburiy mehnat holatlariga kamroq e’tibor berilgan bo‘lishi mumkin. Zero, eski xatoni tuzatish uchun yangi xato — Farg‘onada yoki Buxoroda tashkilot ishchi-xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga ham jiddiy qaralishi lozim.

To‘rtinchidan, bo‘lib o‘tgan majlisning asosiy tezislari internetdagi, ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlardan olingani ko‘rinib turibdi, buni Prezidentning o‘zi ham ta’kidlab o‘tdi. Ya’ni, bugungi kunda jamoatchilik nazoratining o‘rni, ahamiyati, eng muhimi, samarasi ortib borayotganini bosh rahbarning o‘zi ham aytib o‘tdi.

Shu bilan birgalikda, bu jarayonni tizimli yo‘lga qo‘yish mamlakatdagi asosiy muammolarga tez va aniq e’tibor qaratish imkonini beradi, ularni yechishni osonlashtiradi. Zero, bilamizki, internet tarmog‘ida har xil fikrlar borki, ular yordamida vaziyatni turli tomonga burish yoki boshqacha ko‘rsatish imkoniyati ham bo‘ladi. Shuning uchun mamlakatda ichki siyosatni tahlil qiladigan mavjud institutlar negizida «Ijtimoiy fikr»ga muqobil ravishda mustaqil sotsiologik tadqiqotlar institutlarni tashkil qilish kerakligi haqida ham takliflar bo‘lmoqda.

Beshinchidan, kim ishlashidan qat’i nazar, hokim kim, uning vazifalari nimadan iborat, qanday ishlashi kerak, degan oddiy tushunchalarni anglab olishimiz kerak. Ularga beriladigan topshiriq ham, ulardan kutiladigan samara ham, ularni baholash mezonlari ham shu tushunchalar ustiga qurilishi lozim.

Hokimlarning asosiy vazifasi faqat hosil terish va obodonlashtirishmi? Faqat qabristonni, yo‘lni yaxshilab ko‘rsatsam, zo‘r ishlagan bo‘laman, deb o‘ylashadimi? Buning uchun, xalq norozi bo‘lishi, mulk huquqi buzilib, investitsion muhit pand yeyishi, bu esa, o‘z navbatida mahalliy byudjet tushumlariga ta’sir qilishini tushunishmaydimi? Hokim degani, qo‘lda qamchi bilan, uni buz, buni qama, uni hasharga olib chiq, deb yuradigan Stalin davridagi «kolxoz raislari»ni eslatishi kerakmi?

Xullas, mahalliy boshqaruvda keskin ma’muriy islohotlar qilinmas ekan, bir siymoda advokat, prokuror va sudyalik ko‘nikmalarini jamlagan hokimlarning boshboshdoqliklari va o‘zboshimchaliklarini na blogerlar, na jurnalistlar va na prezident to‘xtata oladi.
Ahrorbek ABDUAZIZOV

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Advokat, prokuror va sudyalik qiluvchi hokimlardan voz kechaylik