07:07 / 06.08.2019
3 607

“Hayotning boshlanishi. O‘zbekiston” (foto)

“Hayotning boshlanishi. O‘zbekiston” (foto)
Qashqadaryoda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi hamkorligi va tashabbusi bilan I-Xalqaro Geoturizm forumi bo‘lib o‘tdi.

Uch kun davom etgan anjumanda 15 dan ortiq mamlakatlardan tashrif buyurgan soha mutaxassislari, geologiya va mineral resurslar bo‘yicha faoliyat yurituvchi olimlar, geoturizmga qiziquvchi sayyohlar ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida ishtirokchilarga Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi va unda dengiz jonivorlari va o‘simliklarining stratigrafik kesmalari va qadimiy qoldiqlarini qo‘riqlash hamda saqlash uchun qilinayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

— Jahonda bu kabi noyob ekologik hududni uchratish qiyin, — deydi anjuman ishtirokchisi, Novosibirsk shahridagi Rossiya neft-gaz geologiyasi va geofizika fanlar akademiyasining katta ilmiy xodimi Nadejda Izox. — Ya’ni, bu yerda yotqiziqlar va kesmalarda, tog‘ jinslarida paleozoy erasidagi hayot izlari nisbatan yaxshiroq va to‘laroq saqlanib qolgan. Qo‘riqxona geoturizm uchun ham eng qulay va qiziqarli taassurotlarga boy. Unda sayyohlar suvda paydo bo‘lgan hayotning quruqlikka chiqishi jarayoni aks etgan makrofaunani bevosita kuzatishlari mumkin.

Olimlarning ta’kidlashicha yerning yoshi, geologik jarayonlar davom etgan vaqt million yillar bilan o‘lchanadi. Bu vaqt eralarga, eralar esa davrlarga bo‘linadi. Masalan, yer geologik tarixining uchinchi erasi bo‘lgan paleozoy bundan 540 million yil avval boshlanib, 290 million yil davom etgan. Bu era kembriy, ordovik, silur, devon, toshko‘mir va perm davrlariga bo‘linadi. Ushbu qo‘riqxona hududida o‘ndan oshiq soylar bo‘lib, ulardagi qatlamlar aynan o‘sha davrlarga mansubdir.

— Bu yerdagi toshlar juda qadimiy, — deydi Germaniyalik sayyoh Markus Bayer (Marcus Buaer). Bu yer yuzidagi 150 dan ortiq joylarda uchraydigan tog‘ jinslarining eng qadimiylaridan biridir.

Bugungi kunda 3938 gektar maydonni egallab turgan qo‘riqxona tog‘lari dunyo okeanidan ajralib chiqqan dastlabki quruqlik ekaniga ilmiy asoslar bor. Ushbu makon xalqaro olimlar hamjamiyati tomonidan dunyo okeanidan quruqlikka chiqish joyi sifatida qayd etildi. Forum tashkilotchilari tomonidan yangi sayyohlik brendini ilgari surish bo‘yicha maxsus “Hayotning boshlanishi. O‘zbekiston” dasturini ishlab chiqishni taklif qilishdi.

Anjuman ishtirokchilarining Kitob kenglik stansiyasiga sayohatlari uyushtirildi.
Ahad MUHAMMADIYeV

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Hayotning boshlanishi. O‘zbekiston” (foto)