14:34 / 07.08.2019
2 530

Test sinovlari qanday o‘tmoqda?

Test sinovlari qanday o‘tmoqda?
Oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlari boshlanganiga, mana, bir haftadan oshdi. Xo‘sh, mazkur jarayondagi shaffoflik va adolatdan abituriyentlarning ko‘ngli to‘lyaptimi? Taqdirlarda katta burilish yasaydigan ushbu mas’uliyatli davr haqida ota-onalarning fikri qanday? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida poytaxtimizdagi test sinovlari bo‘lib o‘tayotgan “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasiga tashrif buyurdik.

Ehtiyot bo‘ling, “paravoz” — videofiksatsiya
Bilimlarini sinovdan o‘tkazishga oshiqayotgan abituriyentlar belgilangan pavilonga yetib borgunicha uch hududda andak sabr qilishiga to‘g‘ri keladi. Ular har bir tekshiruv punktida tegishli organlar xodimlari tomonidan metallodetektorlar hamda maxsus uskunalar yordamida tekshirilmoqda. Xotin-qizlarni ko‘zdan kechirish uchun maxsus yo‘laklar tashkil qilingan. Ularda tegishli organlarning ayol xodimlari ishlayapti.

Tekshiruvning har bosqichida abituriyentlardan sumkalar, turli moslamalar, uyali telefonlar, “shpargalkalar”, har xil varaqlar va qog‘oz parchalari olib qolinmoqda. Muhimi, imtihonga olib kirilmoqchi bo‘lgan ortiqcha buyumlar har yilgidan-da ancha kam. Yigit-qizlarning ko‘pchiligi tartib-qoidada belgilanganidek, faqat fuqarolik pasporti va abituriyentlik ruxsatnomasi bilan kelishyapti.

Aytish kerakki, pavilonlar eshigi oldidan qaytib ketayotgan abituriyentlar ham uchrayapti. Chunki bu yerga videofiksatsion tekshiruv qurilmasi o‘rnatilgan. Ushbu zamonaviy moslama test sinovida qatnashishga shahd qilgan abituriyent yuzini hujjat topshirayotgan paytda olingan surati bilan avtomatik solishtiradi. Qurilma o‘zaro muvofiqlikni past darajada qayd etgan taqdirda abituriyentning barmoq izlari tekshirilmoqda. Shu kabi zamon talablariga mos usullar birovning o‘rniga imtihonga kirmoqchi bo‘lgan “paravoz”larni tutib qolish imkonini beryapti.

Imtihonda qanday harakat qilishni bilasizmi?
— Test sinovlariga qadar har bir abituriyentning bu savolga javobi bo‘lishi kerak, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi mas’ul xodimi Orziqul Boboyev. — Afsuski, talabalikka talabgorlarning barchasi ham bu borada yetarli ma’lumotga ega emas. Bu ularni hatto test sinovlaridan chetlashtirishga ham olib kelyapti.

Xo‘sh, barcha tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tib, binoga kirib kelgan abituriyent qanday harakatlanishi lozim? U, avvalo, ruxsatnomada ko‘rsatilgan guruhda ro‘yxat bo‘yicha o‘ziga tegishli o‘ringa o‘tirishi shart. Imtihon jarayonida o‘zgalar bilan gaplashish, test savollarini boshqalarga uzatish, bir-biriga yordam berish man etilgan. Javoblar varag‘ini buklash, uning belgilanmagan joylariga yozish taqiqlanadi. Javoblarni belgilash ham mas’uliyatli jarayon bo‘lib, abituriyent bitta test topshirig‘iga ikki va undan ortiq doirachani bo‘yashi yoki to‘liq bo‘yamasligi yo hammasini bo‘sh qoldirishi mumkin emas. Bundan test topshirig‘iga ball berilmaydi.

Nazoratchilar nazorat ostida
Imtihon jarayonlarini nazoratchilar sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Abituriyentlarning har bir harakati ularning e’tiborida. Nazoratchilar oltin davr ostonasida turgan yoshlarning xatti-harakatlarini kuzatib qolmay, test sinovlariga salomatligida ba’zi nuqsonlar bilan yoki homilador holatda kelgan, shuningdek, imkoniyati cheklangan abituriyentlarning o‘rinlariga joylashishiga yordam beryapti.

Orziqul Boboyevning aytishicha, har bir nazoratchi ko‘plab talabgorlar orasidan saralab olingan. Bundan tashqari, turli seminarlar, konferensiyalar orqali ularning bilim va saviyasi yanada oshirilgan. Nazoratchilarga test jarayonidagi huquq va majburiyatlari chuqur tushuntirilgan. Qolaversa, pavilonlarga o‘rnatilgan videokameralar ularning ham har bir harakatini yozib olmoqda.

Birorta abituriyent ular faoliyatidan norozi bo‘lib, murojaat etsa, bu videoyozuvlar haqiqatni oydinlashtirish uchun asos bo‘ladi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan nazoratchi, shubhasiz, jarayondan chetlashtiriladi. Shuni ham qayd qilish kerakki, bunday mas’ul xodimlarga mehnati uchun to‘lanayotgan haq bu yil sezilarli oshirilgan. Ular ikki smenada faoliyat yuritsa, 200 ming so‘mdan ortiq miqdorda mablag‘ ishlab oladi.

“O‘g‘limni monitorda kuzatib turibman”
Farzandining test sinovidan chiqishini kutib turgan ota-onalar uchun ham soya-salqin hududda maxsus joy, savdo shoxobchalari tashkil etilgan. Bunday qulay sharoitlardan mamnun ota-onalarning nigohi shu yerga o‘rnatilgan ulkan monitorda. Unda imtihon jarayonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilmoqda.

— O‘g‘lim Husan talaba bo‘lishi uchun bu yil uchinchi bor omadini sinab ko‘ryapti, — deydi toshkentlik Zumrad Rahmonova. — U Toshkent davlat stomatologiya institutiga o‘qishga kirish uchun test topshirmoqda. O‘g‘limni monitorda kuzatib turibman. Uning o‘ziga ishonib harakat qilayotganini xatti-harakatlaridan sezib, xursand bo‘lyapman. Nasib etsa, bilim olish uchun qilgan mehnatlari samara berib, nufuzli institutning talabasi bo‘ladi. Avvallari ota-onalar uchun bunday qulaylik yaratilmagan. Xususan, o‘tgan yili ham monitor bir ishlab, bir ishlamay qolgandi. Boshqa hududlarda hatto bu ko‘zbo‘yamachilikka aylangani, monitorlar faqat bir “surat”ni namoyish qilgani, qotib qolgani, hamma pavilonlarni ham ko‘rsatmagani aytilgandi. Bu yil hozircha bunday gap-so‘zlarni eshitmadik.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizdagi test sinovlari o‘tayotgan binolarning barchasi internetdagi www.test2019.uz sayti va maxsus DTM telekanali orqali ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilmoqda.

Apellyatsiya shikoyati berish tartibi qanday?
Imtihon natijalari yoki test sinovlari jarayonidan rozi bo‘lmagan abituriyentlar uchrashi, tabiiy. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasi ularning har bir murojaatini ko‘rib chiqadi.

Norozi abituriyentlar 20 avgustdan 31 avgustgacha apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda shikoyat qilish huquqiga ega. Abituriyentga apellyatsiya shikoyati qabul qilinganligi to‘g‘risida uch ish kuni ichida xabarnoma beriladi. Shikoyatchi xabarnomada belgilangan kunda o‘zining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.

Appellyatsiya Davlat test markazida hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi bo‘limlarida qabul qilinadi. Shikoyatga abituriyent ruxsatnomasining nusxasi ilova qilinishi kerak.

Abituriyent komissiyaning apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori yuzasidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.

Adolatga ishonch yuqori
Test imtihonini yakunlab, bino tashqarisiga chiqqan abituriyentdan jarayonlarning qanday kechganini so‘radik.

— Toshkent davlat agrar universiteti talabasi bo‘lish uchun bilimlarimni sinovdan o‘tkazdim, — deydi samarqandlik Ramazon Abdiyev. — Biz uchun yaratilgan sharoitlardan mamnunman. Bino ichi salqin, barcha zarur vositalar yetarli. Testni barcha o‘z bilimi bilan yechdi, nazarimda. Turli aloqa vositalari yoki “shpargalka”dan foydalangan kishiga ko‘zim tushmadi. Shaffoflik ta’minlangan bunday jarayonlarda adolat qaror topib, eng bilimlilarning yuzi yorug‘ bo‘lishi, shubhasiz.

Ko‘rinib turibdiki, bu yil imtihonlarning tashkil etilishi ko‘plab yurtdoshlarimizni qoniqtirmoqda. Ular abituriyentlar uchun avvalgi yillardan-da qulay sharoitlarda, keng va yorug‘ pavilonlarda, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanilgan holda kuchli nazorat ostida bo‘lib o‘tayotgan imtihonlardan umidi katta. Ular test sinovi fanlarini chuqur o‘zlashtirgan, bilimi yuksak yoshlarga talaba bo‘lish baxti nasib etishiga ishonmoqda.

...Darhaqiqat, yana sanoqli kunlardan so‘ng mamlakatimiz talabalari safiga minglab yoshlar qo‘shiladi. Ularning yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, o‘zlari tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishiga, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shishiga ishonamiz.
Dilshod KARIMOV

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Test sinovlari qanday o‘tmoqda?