19:15 / 07.08.2019
4 911

Qashqadaryoda bir guruh harbiylarning IIB xodimiga tazyiq o‘tkazish holati aks etgan video tafsilotlari

Qashqadaryoda bir guruh harbiylarning IIB xodimiga tazyiq o‘tkazish holati aks etgan video tafsilotlari
«Daryo»da joriy yil 5 avgust kuni «Qashqadaryoda bir guruh harbiylar IIB xodimiga tazyiq o‘tkazdi» sarlavhali xabar chop etilgandi. Qashqadaryo viloyat IIB matbuot xizmati voqea tafsilotlarini ochiqladi.

Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, voqea 29 iyul kuni Qarshi shahridagi «Agora» bozori yonidagi Qarshi–Mirishkor avtoturargohida sodir bo‘lgan. Qashqadaryo viloyati IIB, Mirishkor tumani IIO probatsiya guruhi inspektori, mayor Husniddin Abdurahmonov Mirishkor tumaniga ketish uchun yo‘lovchi tashuvchi taksida o‘tirganida Mudofa vazirligi, Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug guruh komandiri kapitan Erkinjon Rahmonov serjant unvonidagi bir nafar harbiy xizmatchi bilan kelib, IIB xodimining harbiy dala formasini shahar hududida kiyib yurganiga e’tiroz bildiradi.

Videoda ko‘ringanidek, IIB xodimi agar bu xatti-harakati noto‘g‘ri bo‘lsa IIB boshqarmasi hamda vazirlik bunga chora ko‘rishini aytib, harbiylarga buni nazorat qilish ularning vakolatiga kirmasligini tushuntiradi.

IIB matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, shu payt kapitan Erkinjon Rahmonov okrug komendantiga qo‘ng‘iroq qilib, yana 3 nafar harbiy xizmatchini chaqiradi va 5 kishi bo‘lib IIB xodimini olib ketishga urinadi. Mayor Husniddin Abdurahmonov o‘tirgan mashina yo‘lini to‘sib, harakatlanishiga ruxsat bermaydi.

Shunda videoda ko‘ringani kabi IIB mayori okrug komendanti bilan telefon orqali gaplashib, vaziyatni tushuntirishga harakat qiladi. Va IIB xodimining qanday formada yurishini nazorat qilish vazirlik zimmasidagi vazifa ekanligini, xato qilgan bo‘lsa vazirlik albatta chora ko‘rishini bildiradi.

Ma’lum qilinishicha, IIB mayori va okrug komendanti o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng, harbiylar IIB xodimining shaxsiy va xizmat ma’lumotlarini yozib olib, voqea joyidan ketgan.

Ushbu holat bo‘yicha izoh olish maqsadida «Daryo» muxbiri Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug mas’ullariga murojaat qildi. Muxbir bilan telefon orqali muloqot qilgan mas’ullar tez orada Mudofa vazirligining ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘limi bu haqda rasmiy ma’lumot berishini aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda bir guruh harbiylarning IIB xodimiga tazyiq o‘tkazish holati aks etgan video tafsilotlari