Energetika vazirligi yangi hisoblagichlar nima uchun “oshirib hisoblayotgani”ni tushuntirdi

  • 09 avgust 2019, 22:44
  • 3 865
  • Jamiyat
  • Energetika vazirligi yangi hisoblagichlar nima uchun “oshirib hisoblayotgani”ni tushuntirdi
    9 avgust, juma kuni O‘zbekiston Energetika vazirligida yangi elektr hisoblagichlar bo‘yicha e’tirozlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanida Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev hamda tizimdagi boshqa rahbar xodimlar ishtirok etdi hamda OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berdi, deb xabar berdi «Daryo» nashri.
    Aholining yangi o‘rnatilgan elektr hisoblagichlar bo‘yicha e’tirozlarini men bir necha guruhga bo‘lib tasniflagan bo‘lardim.

    Birinchidan, bu elektr hisoblagichni o‘rnatuvchiga bo‘lgan e’tirozlar. Hozirda eng ko‘p e’tirozlar aynan elektr hisoblagichni o‘rnatish yuzasidan bo‘lmoqda. Tan olish kerakki, hisoblagich har doim ham sifatli o‘rnatilmaydi. Bu borada ma’lum muammolar bor va biz buni tan olamiz.

    Ikkinchi guruh bu yangi o‘rnatilgan elektr hisoblagich noto‘g‘ri ishlayapti, deb hisoblaydigan fuqarolar e’tirozlari. Fuqarolarning fikricha, elektr hisoblagichdagi ko‘rsatkich real iste’moldagi ko‘rsatkichni bir necha marotaba ko‘paytirib ko‘satmoqda.

    Ma’lumki, mahsulotni sertifikatsiyalash degan tizim mavjud. Hisoblash uskunalarini oldindan tanlab olingan ma’lum tajribani o‘rganmasdan sertifikatlab bo‘lmaydi. Har bir hisoblash uskunasi metrologik instansiyadan o‘tishi kerak. Har bir o‘lchagich stendga o‘rnatilib, sinovdan o‘tkaziladi. Agar u aniqlik bilan ishlayotgani tasdiqlansa, u sinovdan o‘tgan, deb topiladi. Agar u sinovdan o‘ta olmasa, bu zavod kamchiligi deb topiladi hamda ushbu uskuna muhandis va texnologlar tomonidan qayta ishlanadi.

    Elektr hisoblagichlar elektrni noto‘g‘ri hisoblayotgani yuzasidan bo‘layotgan e’tirozlar qayerdan kelib chiqyapti? Agar ushbu iste’molchi yangi elektr hisoblagich o‘rnatilguniga qadar qandaydir noqonuniy yo‘llar bilan elektrdan foydalangan bo‘lsa yangi hisoblagich uni ham hisoblay boshlagan.

    Yangi o‘rnatilgan hisoblagichlarga dastur o‘rnatib, u noqonuniy yo‘l bilan ulanishni sezganida elektrni o‘chirib qo‘yadigan qilsak bo‘lardi. Bizning xorijiy hamkorlarimiz aynan shunday tajribani taklif etishgandi. Lekin biz bunday qilmadik. Hisoblagich iste’molchining noqonuniy tarzda tarmoqqa ulanganini aniqlasa, o‘chib qolmaydi, ishlashda davom etadi. Biroq, noqonuniy tarzda foydalanishni ham tegishli tartibda qayd etadi. Shuningdek, asosiy tizimni ham ma’lum bir xonadonda avval ko‘zda tutilmagan elektr iste’moli mavjudligidan xabardor etadi. Elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanishning bir necha o‘nlab turlari mavjud. Bu hech kimga sir emas. Tabiiyki, biz elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanishning barcha turlariga barham berishga harakat qilmoqdamiz.

    «Aniqlik sinfi», «sezgirlik darajasi» degan tushunchalar bor. Eski elektr hisoblagichlar o‘rta hisobda 30 yillab xizmat ko‘rsatgan, uning ichki mexanizmlari eskirgan hamda elektr iste’molini to‘g‘ri hisoblamagan. Shuning uchun, tabiiyki yangi turdagi elektr hisoblagichlarga o‘tilganidan so‘ng ular xonadonda mavjud barcha elektr iste’molini hisoblay boshlagan. Eski hisoblagichlar bu miqdorni qayd etmagan.

    Sherzod Xo‘jayev, Energetika vaziri o‘rinbosari

    Sherzod Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, iste’molchilarning murojaatlarini qabul qilish uchun yaqin orada tizimda Call-markaz ishga tushiriladi.

    » » Energetika vazirligi yangi hisoblagichlar nima uchun “oshirib hisoblayotgani”ni tushuntirdi