14:14 / 10.08.2019
3 299

Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?

Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?
Ko‘p yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq bo‘lsagina, yuqori samara beradi, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva parlament saytida. Quyida uning aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi fikrlari keltiriladi.

Tasavvur qiling, qo‘lingizda O‘zbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi ma’lumotlarni aytish mumkin. Masalan, Qoraqalpog‘istonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta ta’lim muassasasi bor, Farg‘ona vodiysida aholi zichligi qanday va shunga o‘xshash boshqa muhim ma’lumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni ko‘zlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.

Aksincha, qo‘limizda har bir hududga doir aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo‘ladi. Oldingidek, dalaning o‘rtasiga hayhotdek kollej qurib qo‘yish kabi pala-partish holatlar uchramaydi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli ma’lumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart.

Bunday aniq va yaxlit ma’lumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab o‘tmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumot olishning yagona manbai hamdir.

Mustaqillik davrida biror marta bu jarayon o‘tkazilmagan
Ma’lumki, BMTning “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga a’zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. Jumladan, joriy yilda Ozarboyjon, Belarus va Qozog‘istonda, 2020 yilda Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Rossiya va Ukrainada aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq so‘nggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrog‘i, 1989 yilda o‘tkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan ma’lumki, ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri kamida har o‘n yilda bir marotaba tashkillashtirilishi an’anaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Xo‘sh, mazkur farmon bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi doirasida qanday ishlar amalga oshiriladi? Aslida ro‘yxatga olish nima uchun kerak? U necha bosqichda o‘tkaziladi?

Mazkur tadbir bizga nima beradi?
Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e’lon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.

O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.

Ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar e’lon qilinadi.

Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Ya’ni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratiladi.

O‘zbekistonning mukammal kadastr xaritasi yaratiladi
Aholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala.

Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’ektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Reja aniq, vazifa mas’uliyatli
Keyingi uch yil davomida mas’ul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan O‘zbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasi-yu ko‘chasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli ma’lumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqatadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?