«Aqlli hisoblagichlar» o‘z ko‘rsatkichlarini rostdan oshiradimi?

  • 10 avgust 2019, 19:16
  • 830
  • Jamiyat
  • «Aqlli hisoblagichlar» o‘z ko‘rsatkichlarini rostdan oshiradimi?
    Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy ravishda o‘rnatilayotgan yangi elektr hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini ko‘paytirib qayd etayotgani haqida e’tirozlar bildirilayotgani kuzatilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi mutaxassislari aloqador idoralar bilan birgalikda iste’molchilarning shikoyatlariga javob berib, elektr energiyasini hisobga oladigan zamonaviy uskunalar ortiqcha kVt soatlar «hosil qilayotgani» bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritdilar.

    Vazirlik xabariga ko‘ra, oxirgi 25 yil mobaynida iyul oyida issiq havoning maksimal darajada saqlanib turishi qayd etildi. Buning natijasida, agar 2018 yilning iyul oyida Toshkent shahrida elektr energiyasi iste’moli 584,6 mln kVt soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilning iyul oyida bu raqam 647,9 mln kVt soatga teng bo‘ldi, ya’ni 63,3 mln kVt soat ko‘p elektr energiyasi iste’mol qilindi.

    O‘rnatilgan yangi hisoblagichlarda aniqlik darajasi ilgarigi induksion yoki birinchi avlodga mansub ayrim elektron hisoblagichlardan birmuncha yuqoridir. Misol uchun, agar induksion hisoblagichlarda aniqlik darajasi ±2,5% tashkil etsa, yangilarida bu ±1,0% tashkil etadi.

    Bundan tashqari, induksion hisoblagichlarning aniqlik darajasi har besh yildan so‘ng ±5% kamayadi. Bundan kelib chiqib aytiladigan bo‘lsak, ayrim induksion hisoblagichlarda aniqlik darajasi ±10% oshib ketgan bo‘lsa-da, biz hanuzgacha eski hisoblagichlardan foydalanishda davom etyapmiz, deyiladi ma’lumotda.

    “Ma’lumki, ayrim noinsof iste’molchilar isitish tizimiga “nulevoy” o‘tkazgich ulab olgan holda, elektr energiyasini noqonuniy tarzda iste’mol qilib keladi. Bu esa energiya tizimiga zarar yetkazilishiga, isitish quvurlarining ishdan chiqishiga, ayrim hollarda esa tok urish natijasida fuqarolarning halok bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

    Hozirgi hisoblagichlar bunday holatlarda nafaqat hisoblagichdan o‘tayotgan elektr energiyasini, balki noqonuniy tarzda foydalanilayotgan qismini ham hisobga oladi”, - deyilgan xabar matnida.

    Bildirilishicha, Sirg‘ali tumani, 2-dahada joylashgan 12 qavatli uylardan birida istiqomat qiluvchi iste’molchi S.A.Yu. saytlardan birida videorolik joylashtirib, “Hisoblagich o‘ta ko‘p miqdorda hisoblayapti”, deb sharh qoldirgan.

    Bunga javob tariqasida 2019 yil 9 avgust kuni soat 10:00 da “Elektronhisoblagich” QK MChJ ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari K.Nurmatov, “Toshkentshahar ETK” AJ direktori D.Imomov, Sirg‘ali tumani hokimi o‘rinbosari B.To‘xayev, “O‘zstandart” agentligi mutaxassisi N.Nurmuhamedovlar ishtirokida “taqqoslash tajribasi” o‘tkazilib, qayd etilgan natijalar bo‘yicha iste’molchiga to‘liq tushuntirish berildi.

    Iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘g‘ri hisoblanayotgani to‘liq tasdiqlandi. Bu jarayonda ishtirok etgan fuqaro S.A.Yu bunga iqror bo‘lib, uzr so‘ragan va saytda bu haqda sharh qoldirishga va’da bergan.

    Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrining 6 ta tumani, jumladan, Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod va Sirg‘ali tumanlarida avtomatlashtirilgan hisoblash tizimini joriy etish maqsadida 150 nafarga yaqin xodim ishtirokida hisoblagichlarni almashtirish ishlari olib borilyapti.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » «Aqlli hisoblagichlar» o‘z ko‘rsatkichlarini rostdan oshiradimi?