20:24 / 12.08.2019
3 357

«Ozodlik» radiosi Komil Allamjonovga qarshi axborot kampaniyasida ayblandi

«Ozodlik» radiosi Komil Allamjonovga qarshi axborot kampaniyasida ayblandi
“Ozodlik” radiosi 48 ta soxta akkaunt yordamida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) rahbariyatiga qarshi qasddan salbiy axborot kampaniyalarini tarqatdi. Bu haqda agentlik saytida xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha agentlik direktori Komil Allamjonov bloger Kirill Altman bilan bo‘lgan mufassal intervyusida ommaviy axborot vositalari va jamiyat rivojlanishiga oid ko‘plab dolzarb savollarga javob qaytardi.

Ushbu intervyu media maydonda katta rezonanslarga sabab bo‘ldi va ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Ta’kidlanishicha, “Ozodlik” radiosi “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i o‘zbek segmentida intervyudan ajratib olingan parcha asosida tayyorlangan materiallarni faol tarqatdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabariga ko‘ra, mazkur materiallarda Komil Allamjonovning inson dunyoqarashi o‘zgarishi va borliqni anglashi — iqtisodiyot rivojlanishi bilan bog‘liq ekani haqidagi mulohazalari bayon qilingan.

“Ozodlik” radiosi boshqa OAVdan farqli ravishda, Komil Allamjonovning ushbu iqtibosini nutqi va yaxlit konteks ichidan ajratib olib, unga atayin salbiy tus bergan, shu orqali o‘zining asl maqsadi AOKA rahbarini qoralash va obro‘sizlantirish ekanini bildirib qo‘ygan. Natijada ikki kun ichida ushbu material jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilingan va ushbu post ostida 730dan ortiq izoh qoldirilgan. Ularning 500 ga yaqini Komil Allamjonov shaxsi va faoliyatini kamsituvchi xarakterga ega”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, aksariyat izohlar shaxsiy ma’lumoti va surati bo‘lmagan 48 ta soxta profildan qoldirilgan. Xususan, eng faol soxta profillar — “Ivap Svirav”, “G‘ijduvon Buxoro”, “Miniyozov Farxod” va boshqalar.

“Tahlillarga ko‘ra, shunday soxta profillar vositasida axborot kampaniyasi qo‘llangan bo‘lib, bundan maqsad — K.Allamjonov faqat o‘z boyligini ko‘paytirishdan manfaatdor ekanligi va O‘zbekistondagi boshqa ko‘plab amaldorlar kabi uning ham xalq bilan ishi yo‘qligi haqida jamoatchilik orasida fikr paydo qilish va bo‘rttirish bo‘lgan. Shuningdek, u korrupsiyada ayblangan, AOKA direktori lavozimidan iste’foga chiqishi zarurligi haqida turli da’vatlar bildirilgan”, - deyilgan agentlik ma’lumotida.

Bugungi kunda Agentlik tomonidan IP-ma’lumotlarni aniqlash uchun soxta akkauntlarni o‘rganish ishlari olib borilmoqda, keyinchalik ular tegishli idoralarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida taqdim etiladi.

“Biz “Ozodlik” radiosi axborot bilan ishlashda g‘irrom usullarni qo‘llashi hamda jurnalistik faoliyat va etika tamoyillarini buzishda davom etayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Ushbu OAV rahbariyati hozirga qadar AOKAning avval yuborgan rasmiy murojaatlariga javob qaytarmadi”, - deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ozodlik» radiosi Komil Allamjonovga qarshi axborot kampaniyasida ayblandi