60 ming dollar pora olgan tayloqlik IIB xodimi uzoq muddatga qamaldi

  • 13 avgust 2019, 06:33
  • 1 260
  • Jamiyat
  • 60 ming dollar pora olgan tayloqlik IIB xodimi uzoq muddatga qamaldi
    Jinoyat ishlari bo‘yicha Tayloq tuman sudida 60 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Tayloq tuman IIB inspektorining jinoiy harakatlari yuzasidan sud ishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz nashri xabar qilmoqda.

    Sudlanuvchi A.S. Samarqand viloyat Tayloq tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika katta inspektori vazifasida ishlab kelgan.

    U tuman markazidagi 420-sonli militsiya tayanch punktining eski binosi va bino osti yer maydonini xarid qilishni bir necha shaxslarga taklif qilgan. Jumladan, tumanning «Charog‘bon» mahallasida yashovchi fuqaro N.M. da katta miqdordagi pul mablag‘lari borligiga ishonch hosil qilganidan so‘ng, mulkiy naf ko‘rish maqsadida, xizmat mavqeidan foydalangan holda tuman IIBga qarashli haqiqiy narxi 118 mln 377 ming 72 so‘m bo‘lgan 420-sonli militsiya tayanch punkti ma’muriy binosi va bino osti yer maydoni 70 ming AQSh dollari evaziga sotilayotganligiga ishontirgan.

    Ushbu miqdordagi pul mablag‘larini mazkur mansabdor shaxslarga bersa, binoga va bino osti yer maydoniga egalik qilish haqidagi tuman hokimining qarorini chiqartirib, uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Shu tarzda joriy yil 15 may kuni xizmat xonasida fuqarodan 60 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Sud hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybli deb topilgan A.S.ga 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    » » 60 ming dollar pora olgan tayloqlik IIB xodimi uzoq muddatga qamaldi