21:48 / 13.08.2019
3 078

Qo‘shrabotda shifokor bemorning yaqinlari tomonidan sababsiz haqoratlanib, kaltaklandi

Qo‘shrabotda shifokor bemorning yaqinlari tomonidan sababsiz haqoratlanib, kaltaklandi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan shifokorni bemorning yaqinlari kaltaklaganligi holatlari aks etgan materiallar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganildi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

O‘rganishlarda voqea joriy yilning 7 avgust kuni Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasining qabul bo‘limida ro‘y berganligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, shu kuni kech soat 17:40 lar atrofida tuman markaziy shifoxonasining qabul bo‘limiga 1973 yilda tug‘ilgan M.S. shu tumanda yashovchi Bekzod va Mirolim ismli shaxslar tomonidan olib kelingan. Navbatchilikni o‘tayotgan terapevt shifokor Otabek Sirliboyev bemorga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida nosilkani ko‘tarishda qatnashadi va bemorni olib kelgan ikki erkakning tibbiyot xodimlariga nisbatan aytilgan haqoratli so‘zlarini eshitadi.

«Avvaliga ular barcha tibbiyot xodimlarini haqoratlashdi. ‘Yordam ko‘rsatyapmiz-ku, nimaga bunaqa haqoratlayapsiz vrachlarni’ deganimdan so‘ng mening shaxsiyatimga teguvchi so‘zlar bilan yanada qattiqroq haqoratlab, meni ikkalasi bir vaqtning o‘zida baravariga urib-tepib ketishdi. O‘sha vaziyatda ular mast holatda edi. Men nima uchun haqorat eshitganligimni, nima sababdan tayoq yeganligimni umuman tushunmadim.

Shu kuni IIB bo‘limiga xabar berildi, ular kelib mendan tushuntirish xati olib ketishdi, xolos. Oradan deyarli olti kun o‘tib, voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan keyingina, jarohatlarim bitay deganda IIB xodimlari kelib, meni sud-tibbiy ekspertizadan o‘tish uchun yuborishdi», — deydi terapevt Otabek Sirliboyev.

«Oxirgi bir oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda Yo‘l-patrul xizmati xodimlaridan qochib ketgan bir qancha haydovchilar aks etgan videosi tarqalib ketdi. Ushbu holatlarning barchasida sho‘xlik qilib qochib ketgan haydovchilar zudlik bilan topilib, Internet tarmoqlari orqali ular va ularning yaqin qarindoshlari YPX xodimlaridan kechirim so‘rattirilib, 15 sutka qamoq jazosiga tortilganligining guvohi bo‘ldik.

Xuddi shunday internet saytlarda ichki ishlar idorasi xodimiga bir tarsaki urgan qonunbuzarlar zudlik bilan ushlab keltirilib, darhol qamoqqa olinganligi va keyinchalik ular ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham tez-tez o‘qib turibmiz.

Lekin ichki ishlar xodimlarining biz vrachlarga nisbatan sodir etilgan tajovuzlarga bo‘lgan bunday munosabati, sudning esa vrachlarga mushtumzo‘rlik qiladiganlarga judayam yengil jazo tayinlab kelishi tibbiyot xodimlarida chuqur taajjub uyg‘otmoqda.

Axir biz ham ichki ishlar idorasi xodimiga o‘xshab xalqning xizmatini qilayapmiz-ku. Bizning aybimiz nimada? Tibbiyot xodimlari bilan bog‘liq vaziyatlarda nega bunday sustkashlikka yo‘l qo‘yilishi kerak?», — deya so‘zida davom etadi Otabek Sirliboyev.

Voqea sodir bo‘lgandan so‘ng jabrlanuvchi Otabek Sirliboyevga tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, dastlab markaziy shifoxonaning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Ayni paytda u boshi va ko‘z qismi jarohati bilan davolanishni davom ettirmoqda. Ahvoli o‘rtacha og‘irlikda. Bemorning ahvoli Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida.

«Ma’lumot o‘rnida shuni qayd etib o‘tish lozimki, yuqoridagi kabi shifokorlarni haqoratlab, ularga tajovuz qilish holatlari joriy yilning o‘tgan davri mobaynida, birgina Qo‘shrabot tumanida to‘rt marta kuzatildi. Mamlakatimiz bo‘yicha olganda esa bu raqamlar juda katta va ayanchli ahvolda», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining yetakchi yuriskonsulti Sanobar Yusupova.

«Sog‘liqni saqlash vaziri shifokorlarning haq-huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish tashabbusini muntazam ilgari surib kelmoqda.

Har qanday holatda ham vazirlik tibbiyot xodimlarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, ularni turli noqonuniy xatti-harakatlardan asrash bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida tegishli choralarni qat’iy ko‘rib boradi», — deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘shrabotda shifokor bemorning yaqinlari tomonidan sababsiz haqoratlanib, kaltaklandi