15:02 / 14.08.2019
6 553

O‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi

O‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, qaror loyihasining ishlab chiqilishidan maqsad xalq ta’limi tizimi xodimlarining ijtimoiy mavqei va nufuzini oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risidagi nizom yangi tahrirda bayon qilinmoqda.

Ushbu Nizom bilan xalq ta’limi tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning eng muhim jihatlari inobatga olingan.

Jumladan, amaldagi xalq ta’limi tizimiga oid hujjatlarda yoritilmagan rahbar xodim, pedagog xodim, texnik xodim, xizmat ko‘rsatuvchi xodim, xalq ta’limi tizimi xodimlari hamda bazaviy tarif stavka atamalariga tushunchalar berilgan;

oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta’lim shaklida ta’lim olayotgan talabalarga 2-kursdan boshlab haftada 20 soatgacha dars o‘tishlariga yo‘l qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, maktablardagi pedagogik mutaxassislikka ega yoshlar yetakchisi va psixolog lavozimlarning bilim-tajribalaridan keng foydalanish maqsadida ular mehnatiga soatbay haq to‘lash sharti bilan 10 soatgacha dars o‘tishlariga imkon yaratilmoqda.

Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularda vatanga bo‘lgan sadoqatni mustahkamlash maqsadida umumta’lim maktabidagi o‘quvchilarni chaqiriqqa tayyorlash rahbari maktab direktorining vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash bo‘yicha o‘rinbosari sifatida kiritilmoqda.

Shu bilan birga, tegishli tekshiruv organlari tomonidan bahsli mulohazalarga sabab bo‘layotgan amaldagi me’yoriy hujjatlarda mavjud bo‘lmagan ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining yozgi ta’tildan qaytgan davri uchun ularga haq to‘lash masalasi ko‘rsatib berilgan. Bunda, ularga (iyun-avgust oylari) navbatdagi o‘quv yili boshlangunga qadar ular mehnatiga haq to‘lash faqatgina belgilangan bazaviy tarif stavkalardan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yildagi farmoniga asosan 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori qo‘llanilishi belgilangan. Shu munosabat bilan, mazkur loyihada umumta’lim muassasalari o‘qituvchilariga qo‘shimcha haq to‘lovlari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan foiz hisobida amalga oshirilmoqda.

Ta’lim standartlarini bajarish xalq ta’limi tizimining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda, kadrlarga ehtiyoji yuqori bo‘lgan maktablarda Davlat ta’lim standartlari talablarini bajarish maqsadida istisno tariqasida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limining tegishli buyrug‘i asosida o‘qituvchiga bir yarim stavkadan ortiqcha dars (10 soatgacha) berishiga ruxsat etilmoqda. Bunda, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va maktab direktorlari mavjud vakantlarni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rishi va malakali xodimlar bilan ta’minlanishi uchun mas’ul hisoblanishi belgilanmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi qaror loyihasini yanada takomillashtirish uchun barcha jamoatchilik vakillarini muhokamalarga faol ishtirok etishga chaqirgan. Hujjat loyihasining muhokamasi 2019 yilning 29 avgustiga qadar qadar davom etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi