Biz nega oshkoralik istaymiz?

  • 18 avgust 2019, 11:24
  • 599
  • Jamiyat
  • Biz nega oshkoralik istaymiz?
    Bitta ko‘z yaxshimi, o‘ntami?
    Biror narsani nazorat qilmoqchi bo‘lsangiz, ko‘zlar ko‘proq bo‘lgani yaxshi, deysiz albatta. Gap butun boshli jamiyat ichida kechayotgan jarayonlar haqida ketayotgan bo‘lsa-chi? Unda ko‘zlar ming emas hatto – millionta bo‘lgani yaxshi.

    Daraxtning bir nuqtasiga kasallik tushib, chiriy boshlaganini o‘z vaqtida bilib qolgan dehqon – uning omadi bor ekan – o‘z vaqtida muammoni bilib qoldi. Omadga suyanib qolishni xohlamagan dehqonning orzusi – daraxt ustidan muttasil nazorat o‘rnatish. Undan ham o‘tib tushadigan orzusi – daraxtning ichki muammolarini hal qilib turadigan vosita bo‘lsa-yu, dehqonning tashvishini aritib tursa.

    Aslida bunday vosita bor, bu – daraxtning ichki immuniteti. Aynan u susayib qolganda daraxtni kasallik ishg‘ol etadi va dehqon boshiga tashvish keltiradi. Immunitet qanday ishlaydi?

    Immunitet bu bir tizim bo‘lib, uning ko‘p sonli – millardlab vakillari bor. Mazkur vakillar tanadagi muammolarni o‘z vaqtida payqab, butun organizmni boxabar qiladi. Eng muhimi maxsus – tananing barcha tizimlarini harakatga keltiruvchi markazlar boxabar qilinadi. Natijada butun tananing ichki imkoniyatlari muammoga qarshi tashlanadi va aynan shu uchun, masalan, har birimizning organizmimiz kasallik qo‘zg‘atuvchi omillarga – muammolarga doimiy ravishda kurashib turadi. Bu tizim ishdan chiqsa biz tezda halok bo‘lamiz...

    Mazkur – muammolarga qarshi kurashish mexanizmini agarda biz jamiyatga nisbatan qo‘llaydigan bo‘lsak, uni ijtimoiy immunitet deb atasak bo‘ladi va uning asosiy vositasi deb oshkoralikni e’tirof etishimiz lozim.

    Millionta ko‘z
    Mamlakatni organizm deb tasavvur etaylik. Unda tananing tarkibiy bo‘lakchalari bo‘lmish hujayralarni insonlar deb olishimizga to‘g‘ri keladi. Tana immunitetini tashkil qiluvchi millardlab maxsus hujayralarni esa oramizdagi muammolarga befarq bo‘lmagan millionlab kishilarga nisbat beramiz (befarq bo‘lmagan odamlar ichimizda ko‘pligiga men shaxsan ishonaman).

    Oshkoralik esa bu yerda immunitet ishlashini – xavf haqidagi signallar to‘siqsiz tarqalishini ta’minlab turuvchi umumiy muhit. Oshkorasizlik esa aksincha – signallarni o‘chiruvchi muhit.

    Biz chorak asr mobaynida immuniteti sal kam o‘lgan jamiyat sharoitida yashadik. Barcha sohalarning achinarli ahvolga kelgani, hamma yoq muammolarga botib qolgani va nimasini yashiramiz, mamlakat inqirozga yaqinlashib qolganining asosiy sabablaridan biri ham shunda – muammolarni ochiqlash muhiti mavjud bo‘lmaganida.

    Yana biroz tasavvurga berilamiz – hech bir ijtimoiy (ya’ni, jamiyatga aloqasi bor) muammosi yashirin qolmaydigan, muammo yangi urchigan paytidanoq oshkor etiladigan va unga qarshi chora ko‘riladigan jamiyatni tasavvur etamiz. Bunday, millionlab befarq bo‘lmagan ko‘zlari bor, xavotir tashuvchi signallar to‘siqsiz tarqaladigan jamiyatda muammolarga operativ (tezkor) va interaktiv (muntazam muloqot) rejimida kurashiladi. Bu sizga sog‘lom organizmni eslatmayaptimi?

    Oshkoralik mavjud bo‘lmagan mamlakat bu – ichida nima bo‘layotganini o‘zi bilmaydigan, natijada tizimlari ishdan chiqqan, kasalliklarga asir bo‘lib, bir kun inqirozga uchrashga mahkum bo‘lgan organizm.

    O‘z-o‘zini tuzatib turuvchi tizim
    Raqamli qurilmalarimizni boshqaruvchi Microsoft Windows, MacOS, Linux, ANDROID kabi operativ tizimlar ustida ishlayotgan mutaxassislarning maqsadlaridan biri – operativ ravishda o‘z-o‘zini tuzatib turadigan aqlli tizimni yaratish. Bunga erishgan kompaniya mazkur bozorda ustunlikka ega bo‘ladi zero.

    Jamiyatlar ham shu – o‘z muammolarini operativ ravishda hal qila oladigan jamiyat boshqalardan o‘zib ketadi, muvaffaqiyat qozonadi, oyog‘ida mustahkam turadi, kelajagiga ishonch bilan qaraydi. Bunga esa oshkoralik bilan erishiladi. Kamchiliklarini oshkor etish tizimi bo‘lmagan, shu asnoda o‘zini-o‘zi tuzata olmaydigan jamiyat esa, hali aytganimizdek, muammolar botqog‘iga botib qoladi.

    «Bir kalladan ming kalla...»
    Demokratiyaning eng asosiy unsurlaridan biri – oshkoralik. Oshkoraliksiz demokratiyani tasavvur etib bo‘lmaydi. Oshkoralikning shaksiz foydalaridan biri – jamiyatning aqliy salohiyatidek bebaho ne’matdan unumli foydalanish.

    Tasavvur eting-a, jamiyat ichida nodir intellekt egalari bo‘lsa-yu, jamiyat ulardan foydalanmasa! Bunday achinarli «natija»ga qanday «erishiladi»? Oshkorasizlik bilan! Bilim va intellekt egalari o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarolmaydigan jamiyat – yutqazuvchi jamiyat. Bu toifa odamlar jamiyat ishlarida ishtirok etmasa, jamiyat ishlariga kim «suqilib» kiradi? Javob: moddiy manfaatini ustun qo‘ygan tuban odamlar jamoat ishlarida «faollashadi» va oxir-oqibat o‘shalar barcha pog‘onalarni egallashadi. Chunki ularda andisha bo‘lmaydi – oshkorasizlik muhitida aynan shularning ishi yurishadi.

    Davlat idoralarini tuban odamlar egallab olgan mamlakatni endi tasavvur etavering! Kelajagi bormi uning?

    Islohotlarning do‘sti kim?
    Yuqoridagidan ma’lum bo‘lib turibdiki, islohtlarning, islohotchi prezidentning do‘sti kamchiliklarni yashirishga urinayotgan, oshkoralikka to‘sqinlik qilayotgan kuchlar emas, balki aynan muammolarni oshkor qilishga urinayotganlardir. Shular islohotchi prezidentning ishini oson qiladi, jamiyat ijtimoiy immuniteti yuzaga kelishiga, mamlakat o‘z-o‘zini tuzatuvchi tizimga aylanishiga hizmat qiladi, ijtimoiy leykotsitlar (immunitet hujayralari) vazifasini o‘tab berishadi.

    Kamchiliklar oshkor bo‘lishini yomon ko‘radigan, OAVga ola qaraydigan, hatto muxbirlarni yakson qilib tashlashni orzu qiladigan mansabdorlar – jamiyat islohi ertaga ularning ham zurriyoti uchun foyda ekanligini tushunmaydigan, bir qadam naryoqni ko‘ra olmaydigan saviyasiz qatlam bo‘lib, ulardan davlat idoralarini tozalash mamlakat rahbariyatining eng muhim vazifalaridandir.

    Biz nega oshkoralik istaymiz?
    Rivojlangan mamlakatlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning rivojlanishida hal qiluvchi rolni aynan oshkoralik muhiti o‘ynayotganini ko‘ramiz. Ushbu jamiyatlarda kamchiliklar farovon hayotga to‘sqinlik deb qabul qilinganidan tashqari, bu kamchiliklarga ko‘pchilik bo‘lib, ommatan kurashish kerakligiga qaror qilishgan – hamma, birlashib, kamchiliklarni «ko‘rgani ko‘zlari yo‘q» ularning.

    Kimdir avtomashina derazasidan chiqindini yo‘lga tashlasa, buni ko‘rib qolgan, orqada ketayotgan boshqa birov darrov politsiyaga xabar beradi. Nega? Chaqimchilikmi? Yo‘q! Ming mashaqqat bilan qurilgan tartibli jamiyatlariga putur yetishiga to‘sqinlik qilish uchun – «bugun bittasi yo‘lga chiqindi tashlaydi, ertaga, indamasa, o‘ntasi». Ular shu asnoda farzandlari ham tartibli jamiyatda yashashlarini ta’minlashadi.

    Oshkoralik muammolarning dushmani, muammolarni chirkin manfaat topish manbai qilib olganlarning, muammolarga botgan muhitni «yog‘li hayot» manbai qilib olganlarning dushmani, xalq rizqini panada o‘g‘irlaydiganlarning dushmani, qorong‘ilikni yorug‘likdan afzal biladiganlarning dushmani.
    Shokir Sharipov

    Manba: Kun.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Biz nega oshkoralik istaymiz?