XXI asrda XIX asr voqeasi: Toshkentda boylar otxonasini tozalayotgan mahkumni ayovsiz kaltakladi

  • 19 avgust 2019, 10:20
  • 1 938
  • Jamiyat
  • XXI asrda XIX asr voqeasi: Toshkentda boylar otxonasini tozalayotgan mahkumni ayovsiz kaltakladi
    Biz tarixiy asarlarni o‘qiganda va kinolar ko‘rganda noinsof boylar bechora kambag‘alni do‘pposlashining guvohi bo‘lamiz, ammo bu voqealar tarixda qolib ketgan, deya o‘zimizni ishontiramiz. Vaholanki, bugun shundoq voqealar kuppa-kunduzi yonginamizda ro‘y berayotganini bilmaymiz. Bugun mahkumlarni boylar ayovsiz ishlatyapti, ko‘plashib do‘pposlayapti, biroq hech kim guvohi bo‘lmaganligi uchun aybdorlar jazosiz bemalol yuribdi.

    Sof.uz saytiga bugun Toshkentda bir mahkumni ayovsiz kaltaklashgani haqidagi xabar yetib keldi.

    Olmazor tumanidagi CERAMICA PLUS keramika zavodida 43- va 48-manzil muassasa mahkumlari shartnoma asosida ishlatiladi. Zavod ta’sischisi Horun Fayziyevning jiyani Mirkomil Fayziyev korxonaning ijrochi direktori hisoblanadi. Yunusobod tumani IIB sobiq tezkor xodimi Mirkomil Fayziyev mahkumlarga nisbatan qattiqqo‘lligi bilan tanilgan. U 2019 yilning 17 avgust kuni o‘z ishchilari bo‘lmish 48-manzil muassasa mahkumlarini CERAMICA PLUS hududidan qonunga xilof ravishda olib chiqib, o‘ziga tegishli otxonaga olib borib ishlatgan.

    Otxonada Mirkomil Fayziyevning ukasi Mirolim Fayziyev mahkumlarga qullarga qilgandek muomala qilgan.

    Uning tahqirlovchi muomalasiga chiday olmagan mahkum Tohirjon Komilov e’tiroz bildirgan. Bu e’tirozga nisbatan Mirolim Fayziyev Tohirjon Komilovni urgan. Tohirjon o‘zini himoya qilgan va buni ko‘rgan Mirkomilboy yugurib kelib, Tohirjonning yuziga rezina quvur - shlang bilan urib yiqitgan va aka-uka mahkumni yerga dumalatib ayovsiz tepkilashgan. Bu voqeaga o‘nlab mahkumlar bevosita guvoh bo‘lishgan va deyarli hech kim Tohirjonga yordam berishga jur’at qilmagan. U yerda manzil-muassasa xodimi bo‘lmagan va mahkum himoyasiz qolgan.

    Tohirjon Komilovning ko‘zlarining osti shishib ketgan, yelka terilari shilingan. A’zoi badani qaqshab og‘rimoqda.
    Mirkomilboy barcha mahkumlarga adolatsiz muomalasi uning «yuqorida»gi akaxonlari sababli yopilib kelayotgani aytiladi.

    Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish mumkinki, Tohirjon Komilov 1991 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan va 2016 yil O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159- va 244-moddalari bilan ayblanib 6 yilga qamalgan.

    CERAMICA PLUS zavodidan bozorga DELUXE brendi bilan rakovina, unitaz chiqadi.
    Ichki ishlar vazirligi bu noqonuniy xatti-harakatlarga e’tiborsiz bo‘lmaydi, deb umid qilamiz. Zotan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qonun ustunligi va har qanday jinoyat jazosiz qolmasligini ko‘p bora ta’kidlamoqda.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » XXI asrda XIX asr voqeasi: Toshkentda boylar otxonasini tozalayotgan mahkumni ayovsiz kaltakladi