22:12 / 20.08.2019
4 531

O‘zbekning to‘yi qanday bo‘lishi kerak?

O‘zbekning to‘yi qanday bo‘lishi kerak?
Kuz va qish oylari to‘y-to‘lqinlar, har xil tadbirlar mavsumi hisoblanadi. Ayniqsa kuz – pishiqchilik va serobchilik pallasi bunday sa’y-xarakatlar avjga chiqadi. Topganing to‘ylarga buyursin, deya yaxshi niyatda qilingan duolar ijobat bo‘ladi.

Yaqinda bir do‘stimiz qizini uzatdi. Uning to‘yida o‘tirib shunday fikr xayolimdan o‘tdi. Xalqimizning mentaliteti – milliy xarakteri, bag‘rikengligi, xayru saxovati, odamiyligi, ayni chog‘da turmush madaniyati, fe’lu atvorimizdagi ayrim nuqsonlar – hamma-hammasi ana shu to‘yda xuddi ko‘zgudagidek aks etar ekan.

Darhaqiqat, dunyoda o‘zbekdek tanti, orzumand xalq bo‘lmasa kerak. Bolasi beshikdaligidan boshlab to‘yga yig‘ina boshlaydi. Keyin to‘yda hamma mablag‘ini bir kunda sovuradi. Agar sarf-xarajatlar me’yorida, umrda bir marta bo‘ladigan to‘y esa har jihatdan mazmunli, esda qoladigan bo‘lsa-ku nur ustiga nur. Afsuski, hamma to‘ylarimiz fayzli o‘tyapti deb aytolmaymiz. To‘ylarimizdagi ortiqcha sarf-xarajatlar, isrofgarchilik­lar haqida ko‘p va xo‘p aytildi, yana aytilmoqda. Men hozir bu haqda emas, boshqa bir muammoga to‘xtalmoqchiman.

To‘ylarimiz san’atkorsiz (qo‘liga cholg‘u olib, ashula aytadiganlarning hammasini xalqimiz e’zozlab, arzisa-arzimasa san’atkor deydi) o‘tmaydi. To‘ylarning qanchalik zo‘r o‘tgani mashhurroq, unvonli artistlarning kelganiga qarab belgilanadi: «Vuy, falonchining to‘yiga falon artist kelibdi! Qoyil!». Ilgari to‘ylarga o‘g‘rincha, qo‘rqib-qaltirab, fel’eton bo‘lishdan yoki unvonidan ajralib qolishdan hadiksirab boradigan san’atkorlar endi mustaqillik sharofati bilan ancha emin-erkin javlon urishmoqda.

Ularning narxi – «stavkasi» gazetalarda oshkora yozilmoqda. Afsuski, ana shu san’atkorlarning ijro mahorati, xizmat ko‘rsatish madaniyati, boringki, did-farosati hamisha ham ko‘ngildagidek emas. Urug‘ sepgan odam dehqon bo‘lib qolavermaganidek, qo‘liga tor olib xirgoyi qilgan hamma odam ham san’atkor hisoblanmaydi.

Yuqorida eslatilgan to‘yga bir guruh yosh «san’atkor»lar taklif etilgandi. Hali to‘y boshlanmasdanoq ular ovoz kuchaytirgichni ishga solib, mikrofon va har xil elektr cholg‘ular (bironta milliy cholg‘u yo‘q edi) yordamida quloqni qomatga keltira boshladi. To‘y avjida esa ularning raqqosasi o‘rtaga chiqib, qilpillagancha raqsga tusha boshladi. Davrani olib boruvchining (u ham «san’atkor»lar guruhidan edi) poyintar-soyintar gaplaridan g‘ashlanib o‘tirdik. U har gal «san’atkor»lar tanaffus qilganda davrani sovutmaslik uchun tashabbusni qo‘liga olib, turli «nag‘ma-hunarlar» ko‘rsata boshladi.

Masalan, u kelin bo‘lmish qizning ota-onasini namoyishkorona o‘rtaga chiqarib, kursiga yonma-yon o‘tqazib qo‘ygach, uzundan uzoq monolog o‘qiy ketdi. Nutqining ayrim o‘rinlarida noqobil farzandga qarata aytil­gan pand-nasihatlar ham bor ekan, sergakroq mehmonlar «bunisi qandoq bo‘ldi», deya bir-birlariga ajablanib qarab qolishdi. Bu g‘aroyib «tomosha» hali holva ekan. Boshqaruvchi qizning ota-onasiga gul taqdim etgach, ularni davraga chiqarib, raqs tushishga undadi, aniqrog‘i majburladi. Xullas, butun to‘y boshdan oyoq boshqaruvchining ana o‘sha bemaza ssenariysi asosida davom etdi. Bu sa’y-harakatlarning zaminida bitta maqsad – manfaat yotardi. To‘y egalari davraga chiqib raqs tushishsa, hamma ularga pul qistirardi.

Yonimda o‘tirgan sherigimga og‘iz ochib, fikr bildirmoqchi edim, yana dang‘ir-dung‘ur shovqin-suron boshlanib, shunchaki gaplashib o‘tirish ham mumkin bo‘lmay qoldi. Qo‘shnim taraddudlanganimni ko‘rgach, qo‘lini karnay qilib so‘radi:
– San’atkorlarga buyurtma bermoqchimisiz deyman?
– Ha, topdingiz.
– Nimani buyurmoqchisiz?
– Bir qo‘l shaxmat o‘ynab turing­lar, demoqchiman.
– Tushunmadim, – dedi qo‘shnim ajablanib.
– Ular shaxmat o‘ynashsa, qulog‘imiz sal tinchirdi-da!
Kulishdik.
Xullas, do‘stimning hurmati uchun bir amallab to‘yning oxirigacha chidab o‘tirdim. Toqat qilolmaganlar sekin o‘rnilaridan turib, jo‘nab qolishdi.
Nazarimda, eng achinarlisi – ko‘pchilikning shunday xunuk manzaraga, to‘ylarimizning shunday tartibda o‘tishiga ko‘nikib qolgani edi. Yillar davomida qizil imperiyaning qizil tashviqotlari, hukmron mafkuraning muttasil tazyiqi, milliy qadriyatlarimizdan yiroqlashganimiz to‘y kabi eng qadimiy, boqiy udumlarimizga ham salbiy ta’sir etgani endilikda sir emas. Buni tan olish kerak. Ammo xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, ma’lum bir davrda shakl­lanib, an’ana tusiga kirib qolgan odatlardan xalos bo‘lish ham oson kechadigan jarayon emas.

To‘ylarimiz aslida qanday o‘tishi kerak, degan tabiiy savol tug‘iladi. To‘g‘risi, to‘ylarimizning qanday o‘tishi lozimligi haqida aniq bir ko‘rsatma- maslahat berishdan (bu bir kishining fikr-mulohazasi bilan osongina hal bo‘ladigan masala emas) o‘zimni tiyaman, ammo bunday o‘tmasligini yuqoridagi kabi to‘ylar misolida ko‘rish mumkin. Bevosita to‘ylarning o‘tishiga daxldor mahalla qo‘mitalari bu borada tashabbus ko‘rsatishlari, yaxshi tajriba, an’analarni o‘rganib, umumlashtirib, hayotga tatbiq etishlari lozim.
Yagona istak shuki, o‘zbekning to‘yi har jihatdan havas qilgudek maroqli, fayzli bo‘lsin.
Shodmon OTABEK,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekning to‘yi qanday bo‘lishi kerak?