11:37 / 24.08.2019
2 810

Mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish avtomatlashtiriladi

Mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish avtomatlashtiriladi
1 oktyabrdan “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo apparat-dasturiy kompleksini (YaMMT) joriy etish rejalashtirilmoqda. Hujjatning loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan, u bo‘yicha taklif va fikr-mulohazalarni 2 sentyabrga qadar qoldirish mumkin.

Norma’ning yozishicha, shu yilning so‘nggi choragidan boshlab yangi mehnat shartnomalarini, amaldagi shartnomalarga o‘zgartirishlarni hamda ularni bekor qilishni majburiy ravishda YaMMTda ro‘yxatga olish rejalashtirilmoqda. Bunda 2019 yil 1 oktyabrgacha tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalarini 2020 yil 1 iyulga qadar YaMMTda ro‘yxatga olish lozim bo‘ladi.

Shuningdek, 1 oktyabrdan boshlab YaMMTda ro‘yxatga olinadigan mehnat shartnomalarida mavjud ma’lumotlarga muvofiq avtomatik tarzda shakllanadigan elektron mehnat daftarchasini joriy etish ko‘zlanmoqda. Eslatib o‘tamiz, dastlab, mehnat stajini elektron hisobga olishga shu yil 1 yanvardan o‘tish nazarda tutilgan edi. Shuningdek, mehnat daftarchasida hisoblangan ish haqi va to‘langan JShDS, “Xalq banki”dagi shaxsiy jamg‘arilib boradigan pensiya hisobvarag‘idagi badallar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham aks ettiriladi.

Jismoniy shaxslarga o‘tgan davrlarda ishga joylashish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularni byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida majburiy verifikatsiya qilish (tasdiqlash) bilan mustaqil ravishda YaMMTga kiritish huquqini berishlari mumkin.

Shu tariqa, xodimning mehnat staji, shu jumladan pensiya tayinlashdagi staji uning mehnat faoliyati davrlariga muvofiq ravishda hisoblanadi:

• 2019 yil 1 oktyabrdan keyin – YaMMTda mavjud ma’lumotlarga asosan (qonun hujjatlarida belgilangan ayrim holatlar bundan mustasno);
• 2019 yil 2 oktyabrga qadar – amaldagi tartibga muvofiq (8.09.2011 yildagi 252-son VMQ).

Shu bilan birga ushbu tizim orqali quyidagilar taklif etiladi:

• mavjud va barpo etiladigan ish o‘rinlari, ish sharoitlari, mehnat haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritgan holda shtat tarkibi (jadvali) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish;
• mehnat bozori ko‘rsatkichlarining holati va o‘zgarishi haqidagi axborotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar almashinuvi;
• xodimlar tarkibining miqdori va sifati, bo‘sh ish o‘rinlari, ish beruvchilarning ishga joylashishga kelgan nomzodlarga qo‘yadigan malakaviy va boshqa talablari haqidagi axborotlarni ochiq-oshkora shakllantirish;
• manfaatdor tashkilotlarga ularga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarishi uchun YaMMTdan zarur ma’lumotlarni taqdim etish.

Barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun YaMMTdan foydalanish bepul bo‘ladi. Mehnat shartnomalarini tuzishdan tortib, ularni bekor qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish uchun javobgarlik ish beruvchilarning zimmasiga yuklanadi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish avtomatlashtiriladi