19:15 / 31.08.2019
2 539

O‘zbekistonda Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi
Foto: Google Images
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi. Bu Prezidentning «Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan. Qaror matni O‘zAda e’lon qilindi.

Yoshlar akademiyasiga rahbarlik Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosariga yuklanadi. Akademiyaga o‘zlarining innovatsion loyihalari va g‘oyalariga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalarni tanlov asosida qabul qilinadi.

Yoshlar akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish;
  • iqtidorli va tashabbuskor yoshlar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularning mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini ta’minlash;
  • ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
  • yosh olimlar tomonidan aniq vazifalarni hal etishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ilg‘or texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga qulay sharoitlar yaratish;
  • ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish; yoshlarning startap loyihalarini xo‘jalik boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni izchil rivojlantirish bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirish;
  • iqtidorli yoshlarning rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga ko‘maklashish;
  • xalqaro va mahalliy darajada e’tirof etilgan tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish, ularning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar o‘tkazish.

Qaror bilan Fanlar akademiyasining Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tugatildi va uning 5 ta shtat birligi amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolingan holda Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimiga o‘tkazildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida vazirlikka o‘tkazilayotgan shtat birliklari hisobidan Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etiladi va u Yoshlar akademiyasining ishchi organi etib belgilanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarga tegishli yuridik shaxslarning innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari jami mablag‘larining yiliga 10 foizi miqdoridagi mablag‘lari har yili jamg‘armaga o‘tkaziladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi