09:25 / 05.09.2019
8 179

Sobiq Farg‘ona IIBB boshlig‘i Donald Trampga maktub yozdi

Sobiq Farg‘ona IIBB boshlig‘i Donald Trampga maktub yozdi
Foto: CA-News
Davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanib, qamalgan o‘zbekistonlik Sobiq Farg‘ona IIBB boshlig‘i AQSh prezidenti Donald Trampdan yordam so‘rab maktub yozdi, deb xabar beradi CA-News.

Farg‘ona viloyati sobiq IIB boshlig‘i, militsiya mayori Dilmurod Madaliyev AQSh prezidenti Donald Trampga 19 avgustda yozgan maktubida «nohaq jazoga tortilganidan» arz qildi. U 2011 yilda «davlat sirlarini oshkor qilishda» ayblanib 8 yilga qamalgan edi.

Qayd etilishicha, sobiq IIB boshlig‘i o‘z maktubida joriy yilda jazoga tortilgan prokuratura amaldorlarining qurboni bo‘lganini iddao qilgan. Madaliyev AQSh prezidentidan o‘zi ustidan chiqarilgan sud hukmi bekor qilinib, nomi oqlanishiga ta’sir ko‘rsatishni so‘ragan.

Dilmurod Madaliyev AQSh prezidentiga maktub yozishdan oldin O‘zbekiston huquq-tartibot organlari va sud organlariga 300 marta murojaat qilishiga qaramay, javob ololmaganini aytgan.

2011 yil boshida Farg‘ona shahar IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Madaliyev joriy yilning may oyida Jinoyat kodeksining 162-moddasida (Davlat sirlarini oshkor qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib hibsga olingan. U sud hukmi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Madaliyev shu muddatdan 6 yilini o‘tab, ozodlikka chiqqan.

Nashrning yozishicha, ayblov xulosasida Madaliyev maxfiy hujjatlarni o‘z qo‘l ostidagi xodimga iznsiz ko‘rsatganligi uchun ayblangan. Bu hujjatlarda qanday maxfiy ma’lumot borligi ayblov hujjatida keltirilmagan.

Madaliyev esa Farg‘ona shahar IIBda hech qanday maxfiy hujjatlar bo‘lmagani va bu ayblov tuhmat ekanligini aytgan. U o‘zini prokuratura xodimlari qurboni hisoblashini aytgan.

Ta’kidlanishicha, Madaliyevga qarshi ayblovni ilgari surib, uning uzoq muddatga qamalishini «ta’minlagan» prokuratura xodimlari joriy yilda korrupsiya, poraxo‘rlik va xizmat vazifasini suiiste’mol qilganlikda ayblanib jazoga tortilgan. Xususan, joriy yilning iyunida O‘zbekiston prokuraturasi sobiq amaldorlari — Ulug‘bek Sunnatov 19 yilga, Ulug‘bek Xurramov 14 yilga, Jamshid Fayziyev 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shuningdek, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov hibsga olinib, sudga tortilgan.

Dilmurod Madaliyevning «jinoyat ishi»ga oid hujjatlarda aynan shu shaxslarning imzolari mavjud. Madaliyev «bu mulozimlarning poraxo‘rligi va maishiy buzuqligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgani bois, ularning o‘ch olish nishoniga aylanganini» aytgan.

Bu mulozimlarga Farg‘onadagi huquq-tartibot xodimlari har oy katta miqdorda pul to‘plab berib turganidan Madaliyev xabardor bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Madaliyev bu amaldorlarning jazolangani adolat tantanasi bo‘lganini ta’kidlagan. Ammo ular o‘ch olish uchun qamatgan odamlarning ishi qayta ko‘rib chiqilmagani bu adolatga soya solayotganini aytgan.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Oliy sudining Dilmurod Madaliyevga uning shikoyati yuzasidan bergan javob xatida «Sud qarorini o‘zgartirish uchun asoslar majvjud emasligi» aytilgan. Ayni mazmundagi xulosani O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham bergan.

Madaliyevning aytishicha, uning maktubiga AQSh prezidenti Donald Trampdan hali javob kelmagan.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sobiq Farg‘ona IIBB boshlig‘i Donald Trampga maktub yozdi