G‘uzorlik zargar Amir Temur muhr-uzugi nusxasini yaratdi

  • 12 sentyabr 2019, 09:30
  • 840
  • Jamiyat
  • G‘uzorlik zargar Amir Temur muhr-uzugi nusxasini yaratdi
    Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida Qashqadaryo viloyatidan 60 nafar hunarmand 23 yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etmoqda. Ular orasida yaqinda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan g‘uzorlik Sharifjon Raupov ham bor.

    Hunarmand shu kunga qadar dunyoning eng nufuzli muzeylarida saqlanayotgan eng qadimiy milliy zargarlik buyumlarimizning 400 dan ortiq turini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

    – Bu qadimiy va noyob turlarni tiklash uchun jahonda e’tirof etilgan muzeylarning rasmiy internet saytlari, kitoblar, jurnallarni muntazam kuzatib juda ko‘p vaqt sarflaganman, –deydi hunarmand Sharifjon Raupov. – Mamlakatimizdagi deyarli barcha muzeylarimizda bo‘lganman. Chunki har qaysi hunarmandning kelajagi va ijod sermahsulligi uning ijodiy yondashuviga bog‘liq. E’tiborli jihati va xulosam shuki - har qanday zargarlik buyumlarimiz tarixat shunchaki yaratilmagan. Balki har birining o‘ziga xos ma’no va mazmuni, mohiyati,yaratish usuli, ustaning o‘ziga xos yo‘li mujassam bo‘lgan. Zargarlar tili bilan aytganda har bir san’at namunasi o‘zini “tanitib” turgan.

    Ikki yil bo‘ldi Sohibqiron bobomizning uzuklari haqida o‘qib qoldim. Shundan beri shu mavzu haqida ma’lumot to‘playman. Yuzlab savollar tinchlik bermaydi. Uzuk mavjudmi? Hozir qayerda saqlanyapti? Nega mamlakatimizda emas. Aslini ko‘rib undan nusxa olsa bo‘ladimi... Bu uzuk tarix silsilasida qanchadan qancha taqdirlarga, talato‘p urushlar va rivojlanishlarga guvoh bo‘lmadi,deysiz! Xullas, uzukning aslidek nusxa yasash fikri butkul meni o‘ziga “kasal” qildi. 24 to‘rt oy tinimsiz izlanish bilan shu uzukning noyob nusxasini tiklashga muvaffaq bo‘ldim. Gardishidagi naqshlar, aylana qirg‘og‘idagi arabiy yozuvlar, uzuk ko‘zidagi nefrit toshidan qilingan muhr belgisi – hammasini aslidek o‘xshatishga harakat qildim.

    Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, tarixchi Ibn Arabshohning yozishicha, 1405 yilda Xitoyga yurishi chog‘ida vafot etgan A.Temurning jasadi Samarqandga yuborilishidan avval O‘trorda Saroymulkxonim, Amir Shohmalik va Amir Shayx Nuriddinlar o‘zaro kelishib Sohibqironning vasiyatiga ko‘ra, saltanat muhri o‘z aksini topgan uning uzugi, qilichi va otini Xuroson poytaxti Xirot shahriga – Shoxruh Mirzoga yuborishadi.

    Shoxruh Mirzoning vafotidan so‘ng ancha tarixdan “o‘chib” ketgan uzuk birdaniga Husayn Boyqaro qo‘lida “paydo bo‘ladi”. Boyqaro vafotidan so‘ng dafn payti ham uzuk uning qo‘lidan olinmaydi. 1965 yilga kelib o‘sha paytdagi Afg‘oniston qiroli taklifi bilan shohning qabri ochilib olimlar tomonidan qirol Muhammad Zohirshohga uzuk sovg‘a qilinadi. Uning jiyani Muhammad Dovud 1973 yilda davlat to‘ntarishi qilgandan so‘ng muhr-uzukni AQSh ning Metropoliten muzeyiga sotib yuboradi. Ayni paytda muhr-uzuk AQShning Metropoliten muzeyida saqlanmoqda.

    Elyorjon Ehsonov

    Manba: "Xalq so‘zi"

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » G‘uzorlik zargar Amir Temur muhr-uzugi nusxasini yaratdi