11:35 / 12.09.2019
5 129

Rasul Kusherbayev stipendiyaning 400 ming so‘m etib belgilangani haqida fikr bildirdi

Rasul Kusherbayev stipendiyaning 400 ming so‘m etib belgilangani haqida fikr bildirdi
Foto: Facebook / Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabalarning stipendiyasi 400 ming so‘m etib belgilanganiga munosabat bildirdi.
Mas’ullar, siz talaba bo‘lmaganmisiz?!

Oliy ta’lim tizimida kontrakt, stipendiya kabi talabalar uchun hayot-mamot darajasidagi masalalarda barqarorlikning yo‘qligi ta’lim sifati qolib, talabalarda ta’limga bo‘lgan ixlosning qaytishiga olib kelishi mumkin.

Ish haqlari 10 foizga oshgan davrda qaysi mezon va vijdon bilan kontrakt miqdorini 18 foizga oshirish mumkin? Axir, kontrakt oshishi uzoq ishlanishlar bilan innovatsion uslubda topilgan genial taklif — ish haqlari oshadigan foiz miqdorlariga bog‘langan emasmidi?

Bunisigaku chidash mumkindir, biroq kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga qanday baho olishidan qat’iy nazar bir xil 400 ming so‘m stipendiya belgilanishini qanday izohlash mumkin? Gapni qancha aylantirmaylik real hayotda bu talabalar o‘rtasida yaxshi o‘qish uchun rag‘batning butkul yo‘qolishi va o‘z ustida ishlashga ixlosning qaytishiga olib kelishi fakt.

Tasavvur qiling, 32 mingta talabaga yotoqxonadan joy topilmay turgan vaqtda ular pul hisobiga kvartira topish, yeb-ichish, o‘qishga qatnash xarajatlari bilan talaba bo‘lib tahsil oladimi yoki yashash uchun norasmiy sektordagi ishchi bo‘lib kun o‘tkazadimi?

Xullas, tabaqalashtirish deganda biz kontrakt to‘lovida yengillik bo‘lishi, talabalarga imkoniyat berilishi uchun amalga oshiriladigan «to‘lov tabaqalashtirish»ni tushungandik. Bunda esa talabalarni byudjet va kontraktga ajratib ochiqchasiga yerga urish bilan tabaqalashtirish boshlanib ketibdi. Sho‘ring qursin, talaba!

Talabalik davrida hech qanday kontrakt to‘lash g‘ami bo‘lmay, stipendiya hisobiga yashab, bilim olish imkoniyatidan foydalanib, bugun shunday genial g‘oyalarni kiritayotgan mas’ullarga vijdonan ortga bir nazar solib, talabalik davrlarini eslab qo‘yishlarini so‘rayman.

Siz talaba bo‘lmaganmisiz?

Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayev stipendiyaning 400 ming so‘m etib belgilangani haqida fikr bildirdi