16:22 / 12.09.2019
3 386

Yoshlar ittifoqida a’zolik bo‘lmaydi, tashkilot barcha O‘zbekiston yoshlari uchun xizmat qiladi

Yoshlar ittifoqida a’zolik bo‘lmaydi, tashkilot barcha O‘zbekiston yoshlari uchun xizmat qiladi
Yoshlar ittifoqi o‘tgan vaqt davomida Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishga xizmat qilib, yigit-qizlarning tayanchiga aylanib ulurdi. Bunda tizimga doir qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar muhim omil bo‘lmoqda. Yigit-qizlarning biznes loyihalari uchun “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan bugungi kunga qadar 795 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 28 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5ta muhim tashabbusning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz chuqur anglagan holda uni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan, yuqori natijalarga erishib, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yigit-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi. So‘nggi yillarda Prezidentimiz sadoqat bilan yonib yashayotgan, bilimli, tashabbuskor, fidoyi yoshlarga mas’uliyatli rahbarlik lavozimlarini ishonib topshirayotgani ham ularning mamlakatimiz taqdiri va kelajagida muhim kuch ekanini anglatadi.

Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqining navbatdan tashqari kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida tashkilotning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqilib, Alisher Sa’dullayev rasman O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi sifatida saylandi. Uning bu lavozimga saylanishi yoshlarning izchil izlanishi va o‘z ustida ishlashi orqali shu davlatning islohotlarida beminnat xizmat qilishi mumkinligining bir isbotidir.

Ishni dastlab kadrlar va moliyaviy sohada ochiqlik, yoshlarning xohish-istaklari va takliflari bo‘yicha muloqot, doimiy izlanish, tahlil etish va rivojlanish hamda yoshlar tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi to‘rt tamoyil asosida boshlagan yosh rahbar 8 sentyabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” dasturiga bergan intervyusida “Yoshlar ittifoqida a’zolik bo‘lmaydi, yoshlar bilan ishlashda ularning O‘zbekiston farzandi ekanligining o‘zi ular bilan ishlashga yetarli asos”, – deya tashkilotga a’zolik bekor qilinganini e’lon qildi.

Tashkilot butun O‘zbekiston yoshlari uchun yaratilgan va uning imkoniyatlari, loyihalari ham butun O‘zbekiston yoshlari uchun bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlagan Yoshlar yetakchisi Yoshlar ittifoqi faoliyatini butun O‘zbekiston yoshlarini muammolarini o‘rganishga va ularni yechimini qidirishga, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishni o‘z oldiga maqsad qildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa’dullayevning yoshlarni uyushgan va uyushmagan yoshlarga ajratmasdan, barcha O‘zbekiston yoshlariga bir xil qarash g‘oyasini ilgari surayotgani aksariyat blogerlarga ham ma’qul keldi.

—Alisher Sa’dullayev to‘g‘ri aytibdi. Har qanday hisobot raqamlariga yolg‘on aralashadi. A’zolar soni hech narsani o‘zgartirmaydi, – deydi jurnalist Aziza Qurbonova. —Yoshlar Ittifoqi so‘zidan avval O‘zbekiston degan so‘z turibdimi, hamma yoshlarga tegishli tashkilot bo‘lishi shart. Ota bolasini oq-qoraga ajratmaydiku!

Yoshlarni ikkiga bo‘lmasdan, hammani teng ko‘rish, uyushgan va uyushmagan emas, hammani O‘zbekiston yoshlari deb qarash to‘g‘ri qaror, aslida. Endi “Uyushmagan yoshlar” degan tushunchaga o‘rin qolmadi. Tashkilotda yangi islohotlar boshlangani yaqin orada katta yangiliklar bo‘lishiga ishoradir. Umuman, Yoshlar tashkiloti butun O‘zbekiston yoshlari uchun xizmat qilib, uning imkoniyatlari, loyihalari butun O‘zbekiston yoshlari uchun yaratiladi.

Tizimdagi yana bir yangilik Yoshlar ittifoqining raisi o‘rinbosarligiga va hududiy Kengashlardagi boshqaruv lavozimlariga nomzodlar tanlov orqali qabul qilinishidir. Bu qaror ham masalaga aniq maqsadli va kreativ yechim bo‘la oladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Alisher Sa’dullayevning dastlabki harakatlaridanoq tizimga yangi atmosferani olib kirishi uning yoshlar manfaatlari yo‘lida chinakam qayg‘urayotganidan darak.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa’dullayev tashkilotning kelgusidagi rejalarini e’lon qilib, barchasini ochiqlik va oshkoralikdan boshlagani ham endi tizim tadbirbozlikdan holi tarzda yosh liderlarni shakllantirishga xizmat qilishini bildiradi. Bunda avvalo tashkilot byudjeti ochiqlanadi. So‘ngra har bir soha yoshlari uchun grantlar e’lon qilinadi. Qabul qilingan loyihalar esa shaffof baholanadi. Natijada yoshlar bir maqsad atrofida birlashishni, yakdillikni o‘rganadi.

Shaxnoza Nurullayeva

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yoshlar ittifoqida a’zolik bo‘lmaydi, tashkilot barcha O‘zbekiston yoshlari uchun xizmat qiladi