Repetitorni qanday tanlash kerak?

  • 12 sentyabr 2019, 19:01
  • 938
  • Jamiyat
  • Repetitorni qanday tanlash kerak?
    Eng zo‘r pedagog topishning 9 oddiy qoidasi.

    1. Aniq maqsad qo‘ying
    Birinchi navbatda farzandingizga repetitor nima uchun kerakligini aniqlashtiring: biror fandan baholarini yaxshilash uchun, qiyin mavzularni tushuntirish maqsadida, imtihonga tayyorlanishga ko‘maklashish yoki yangi bilim egallash uchun, masalan, ikkinchi xorijiy til.

    Aniq maqsad pedagog o‘z oldiga samarali ish rejasini tuza olishiga, siz esa jarayonni baholashingizga yordam beradi.

    2. Bola bilan gaplashing
    Repetitor bilan shug‘ullanuvchi odam siz emas, farzandingiz. Ma’lum bir o‘qituvchidan o‘rganish u uchun ham qulay bo‘lishi kerak. Bola kimdan bilim olishni istayotgani haqida albatta so‘rang: erkakmi yoki ayol, talabami yo katta yoshli o‘qituvchi, muloyim yoxud qattiqqo‘l tyutor (tarbiyachi).

    3. Pedagogning ish tajribasi va bilimini baholang
    Diplom va sertifikatlar yig‘imi har doim ham sifatni belgilamaydi. Repetitor ancha vaqt oldin oliy ta’limni egallagan, so‘ngra o‘z sohasi bo‘yicha ishlamagan, kurslarni esa qandaydir tushunarsiz holda olib borishi mumkin.

    Pedagogning malakasi haqida so‘rang va hujjatlarini ko‘zdan kechiring, ammo shular bilan cheklanib katta baho berib yubormasdan uning mashg‘ulot vaqtida o‘zini qanday tutishiga e’tibor qarating.

    4. Pedagog va bola yoshi muvofiqligini inobatga oling
    Uchinchi sinf o‘quvchisi bilan universitet professori ish olib borishidan ma’no yo‘q, o‘smirlar esa talaba-tyutorlarga nisbatan o‘zlarini jiddiy tutmasliklari mumkin. Shuning uchun yaxshisi repetitorni shunday tanlagan ma’qul:

    - kichik sinf o‘quvchilari uchun talabalar va universitetni yaqinda tamomlagan bitiruvchilar mos keladi;
    - o‘rta sinf — bitiruvchilar va maktab o‘qituvchilari;
    - katta sinflar uchun — nisbatan malakali pedagoglar.
    Ammo ikkinchi tomonini yoddan chiqarmang: bola o‘zi ham qaysi yoshdagi tyutor bilan mashg‘ulot o‘tkazishni istayotganini bildirsin. Qulaylik har narsadan ustun.

    5. Narxlarni taqqoslang
    Mashg‘ulotlar uchun to‘lov miqdori bir necha parametrlarga bog‘liq bo‘ladi:

    Malaka. Odatda talabalar ko‘p so‘rashmaydi, 5-7 yillik kichik ko‘nikmaga ega tyutor va universitet professori yoki ko‘p yillik repetitor belgilagan narxida tafovut bo‘lishi ham tabiiy.

    Mashg‘ulot davomiyligi. Repetitor bilan dars 45 daqiqa (xuddi maktabdagidek), 60 daqiqa (astronomik soat), 90 daqiqa (universitet paralaridek) yoki hatto 2 soat bo‘lishi mumkin. Dars soati qancha uzun bo‘lsa, narxi ham ko‘tariladi.

    Intensivlik darajasi. Masalan, 11 sinf o‘quvchisi o‘quv yili boshida repetitorga murojaat qilsa — mashg‘ulot uchun vaqt yetarli, demak, jadallik o‘rtacha. Maktab bitiruvchisi oliy ta’lim muassalari imtihonlaridan atigi bir oy oldin mashg‘ulotlarni boshlamoqchi bo‘lsa intensivlik sezilarli darajada yuqori. Narx ham shunga yarasha oshadi.

    Fan. Fanlar turlicha baholanadi. Ingliz tili va matematikadan dars olish eng qimmat bo‘lib turibdi, masalan, Toshkent shahrida oyiga o‘rtacha 500-700 ming so‘m, ba’zi kurslarda 1,5 mln so‘mgacha yetadi. Ona tili kurslari esa maksimal darajada 200-300 ming so‘m.
    O‘z shahringizdagi repetitorlar belgilagan narxlarni solishtiring. Eng arzon tyutorni tanlamang (talaba va yangi boshlovchilar — istisno).
    Yodda tuting: sizning vazifangiz iqtisod qilish emas, farzandingiz fanni o‘zlashtirishida yordam bera oluvchi pedagogni topish. Ham talablaringiz, ham hamyoningizga mos repetitorni topishga urinib ko‘ring. Oltin o‘rtalikni toping.

    6. Darslar qayerda o‘tkazilishini tanlang
    Repetitor bilan mashg‘ulotlar 3 xil ko‘rinishda o‘tkazilishi mumkin:

    Uyga kelib. Bunday yo‘l bola uchun eng qulayidir. Siz ham mashg‘ulotlar qanday kechayotgani haqida ko‘p bosh qotirmaysiz. Ammo bu holatda repetitorlar ko‘proq pul so‘rashadi. Yo‘l kira va vaqt masalalarini inobatga olishadi, albatta.
    Video-aloqa orqali. Internet sifati bunga javob bera olgan va shunday bilim olish bola uchun qoniqarli bo‘lganda yondashsa bo‘ladi.
    Repetitor hududida. Uyda yoki ish joyida (maktab, litsey, universitet yoki o‘quv markazi). Bunday mashg‘ulot narx borasida eng yaxshisi hisoblanadi. Bolaga oson bo‘lishi uchun uyga yaqinroq hududdan repetitor izlang. Adashib qolish yoki uzoq yo‘lda charchab qolish ehtimoli kamayadi.

    7. Repetitor bilan shaxsan tanishing
    Bolani mashg‘ulotga yuborishdan avval, o‘qituvchi bilan ko‘rishing. Shundagina pedagog obrazini to‘liq tasavvur qila olasiz. Keyingi detallarga ahamiyat qarating:

    Tashqi ko‘rinish. Repetitor iloji boricha saranjom bo‘lishi kerak.
    Nutq. Ovoz tembri, balandligi va keskinligi — hammasi ahamiyatli. Shuningdek, bexato gapirishiga ham e’tibor berish kerak: na ona tili o‘qituvchisi va na fizika repetitorining so‘zlarni chalkashtirib gapirishga haqqi bor.
    Interer. Agar repetitor o‘z uyida dars berishini aytsa, kelishishdan avval o‘sha xonadonga tashrif buyuring. Xona pokiza va yetarli darajada yorug‘ bo‘lsin.
    Birinchi uchrashuv davrida o‘qituvchidan dars qanday o‘tishi haqida so‘rang. Yoki unda tahsil olgan o‘quvchilar va ularning ota-onalarining fikrlari bilan qiziqing. Shundagina farzandingiz tyutor yordamida qanday natijalarga erisha olishi haqida ma’lumotga ega bo‘lasiz. Repetitorga avvalgi o‘quvchilarining imtihon natijalari va qaysi oliygoh talabasi bo‘lganliklari haqida ham savollar berishingiz mumkin.

    Masalan, farzandingiz fizika fanidan mashg‘ulotlarga qatnamoqchi va texnika mutaxassisligi yo‘nalishida hujjat topshirish niyatida bo‘lsa, pedagog yetishtirgan bitiruvchilar orasida talabalar safiga qo‘shilganlari mavjudligi haqida bilish muhimdir.

    Birinchi darsda farzandingiz bilan birga qatnashib, o‘qituvchi ish jarayonida o‘zini qanday tutishini bilib olish nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

    8. Qo‘ng‘iroqlashib turishga kelishing
    Natijaga erishish uchun darslar qanchalik muvaffaqiyatli ketayotganidan xabardor bo‘lish kerak. Pedagog sizga jarayon qanday ketayotgani yetkazib turishini so‘rang: bola qaysi darslarni tugatgani va endilikda nima mavzu o‘rganishi haqida boxabar qilsin.

    9. Variantlarni taqqoslashdan qo‘rqmang
    Birinchi urinishda mukammal repetitorni topish mumkin, ammo mushkul. Tyutor bolaga yoqmasligi yoki shunchaki o‘zi va’da qilgan natijani taqdim etmasligi mumkin.

    Shunday holatda yaxshisi yangi repetitor topish kerak: pedagogni xafa qilishdan uyalish yoki qo‘rqish kerak emas. Yodda tuting: mashg‘ulot maqsadi — farzandingiz ta’lim ko‘rishi va yangi bilimlarni o‘rganishida ko‘maklashish.
    Repetitorlarning o‘zi mashg‘ulotdan bosh tortishi mumkin emas. Ularning vazifasi har bir o‘quvchiga individual yondashishdir.

    Internet materiallari asosida N. Qarshiyeva tayyorladi

    Manba: Kun.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Repetitorni qanday tanlash kerak?