08:10 / 13.09.2019
9 170

Nasroniy atirguli (1-qism)

Nasroniy atirguli (1-qism)
Ko‘hna davrlarning insonlari bilan o‘zimizni solishtirsak, maqtashga arzigulik hech narsamiz yo‘qligiga guvoh bo‘lamiz.
Ulardan ortiqroq o‘ldiryapmiz!
Ulardan ko‘proq janjal ko‘taryapmiz!
Ulardan ancha qoloqmiz!

Boshqa dinlarning vakillari, ya’ni butun dunyo bilan aslida qarindoshmiz. Barimiz ilk insonning avlodlarimiz. Shunday ekan, qaysi dinga e’tiqod qilishimizdan qat’i nazar, bir-birimizga tuhmat toshlarini otmasligimiz, bir-birimizga g‘ov bo‘lmasligimiz, boshqalarning yashash huquqini cheklamasligimiz darkor.

Bir xalqning uch-to‘rt vakili xatoga yo‘l qo‘ysa va bu xatoning badali butun boshli xalqdan so‘raladigan bo‘lsa, insoniylikdan og‘iz ochish mumkinmi?..

Boshqa dinlarning vakillari bilan bir ota-onadan tarqalganmiz. Bir-birimizni o‘z dinlarimizga chaqirimiz mumkin, biroq bu chaqiriq javobsiz qolsa, bir-birimizni shundoqligimizcha qabul qilishga majburmiz.
Bu kitobni o‘qib bitirmay turib u haqida fikr bildirish uchun yo noxolis, yoki johil bo‘lish kerak...
* * *
Bizga qilingan haqoratlar uchun o‘ch olishni o‘ylamay, qiziquvchilarga foydasi tegar degan ilinjda “Nasroniy atirguli”ni qalamga oldim.
Ba’zi do‘stlarim o‘qib ko‘rishdi, “Bu roman mavzu nuqtai nazaridan yangilik bo‘libdi", – deya fikr bildirishdi. Buni ezgu tilak sifatida qabul qilib, do‘stlarimga tashakkur izhor etaman.

Mazkur asarni yozishda yordam bergan, “Iyegova guvohlari” safidan musulmonlikka qaytgan Jamilaga va Oynur Bebekka, “Bu musulmonlarga ko‘zgu tutgulik roman bo‘libdi”, – deya maqtagan filolog-yozuvchi Yashar Qoplonga ham chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Ushbu kitobning ta’sirli bo‘lishi uchun har doimgidek As-Some’ga murojaat qildim. Murojaatim U va mening oramda qoladi...
Amina Shenliko‘g‘lu,
2000 yilning 1 apreli, Istanbul


NASRONIY ATIRGULI

Men Jamilaman.
Hayotim hikoyasini men uchun eng ajavtovur kishi hisoblanuvchi Ismat devona bilan boshlamoqchiman.

Yoshi mendan ancha katta bu odamni umrimning oxirigacha unutmasam kerak. Qorachadan kelgan, uzun bo‘yli, qora ko‘zli va qalin qoshli Ismat devona vahimali odam edi. Ammo shu vahimasi bilan bir qatorda kishini hayratga soladigan jihatlari ham bor edi.

Bo‘g‘ozdagi[1] villamizning oldidan har kuni o‘tishni kanda qilmaydigan Ismat devona nima bo‘lsa bo‘lsin, mendan xabar olmay qo‘ymasdi. Yuragimni anchagina siqqan bu odam go‘yoki mahallamizning tumori edi. Biz bu mahallaga ko‘chib kelganimizdan ikki-uch oy keyin u ham paydo bo‘ldi. O‘zi devona bo‘lsa-da, menga yordam berishga oshiqishi, meni himoya qilishga urinishi asabimni buzardi. Gohida isyon qilardim. “Jinni-ku bu, kelib-kelib menga yo‘liqdimi? Onam ham emas, otam ham emas, nega meni qo‘rimoqchi bo‘laveradi?” – degancha ho‘ngrab yig‘laganlarim esimda.

Men Germaniyada tug‘ilganman, o‘sha yerda ulg‘aydim. Otam Turkiyadagi litseyda o‘qishimni, menga villa olishlarini aytganlaridan keyin shu yerga – villayu qasrlardan iborat mavzega kelib qoldim. Keyin menga Ismat devona yo‘liqdi. Faqat menga emas, buvimga ham. Vaqti-vaqti bilan buvimga banan, xilma xil hadyalar olib kelardi. Sovg‘alari ham o‘ziga o‘xshagan devonasifat edi. Masalan, buvimga tez-tez pechene keltirar va “Bu sizga sovg‘a”, der edi. Oradan qancha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, hammasi kechagidek esimda.

Mahallamizda g‘alati odamlar ko‘p edi. Har bir mahallada ham g‘alati odamlar bo‘lsa kerak, bizdagilar esa hech qayerda topilmaydigandek tuyulardi menga. O‘zi bu ketishda g‘alati odamlar va hodisalarning ko‘pligidan odamzodni hech narsa hayron qoldirmay qo‘ysa kerak. Hatto o‘zga sayyoraliklar ham!

Villamizning shundoq yonida “Sariq villa” deb ataluvchi hashamatli uy joylashgan edi. Bu uy haqidagi hikoya etni junjiktirib yuboradi...

Davomi bor...

[1] Istanbul bo‘g‘ozi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nasroniy atirguli (1-qism)