09:09 / 13.09.2019
4 293

Nasroniy atirguli (2-qism)

Nasroniy atirguli (2-qism)
Bir paytlar bu uyda uch farzandli oila yashagan ekan. Bolalar voyaga yetibdi va onalarini tez-tez do‘pposlaydigan otalariga qarshilik ko‘rsata boshlabdi. Telba ota esa endi bolalarini uradigan odat chiqaribdi. Bu odamni hech kim yaxshi ko‘rmas ekan. Farzandlari “otamiz tezroq o‘lsayu uy bizga qolsa”, deb o‘z otalarining o‘limini intiqib kutarkan.

Kunlarning birida kaltaklardan to‘ygan ona uch o‘g‘lini ham, erini ham tashlab ketib qolibdi. Xuddi yer yorilganu yerning tagiga tushgandek, izsiz g‘oyib bo‘libdi. Farzandlari uni qidirib o‘tirmabdi. Oradan hech qancha o‘tmay otalari vafot etibdi.

Ana shunda uch farzandning har biri hashamatli uyga yakka o‘zi egalik qilishning yo‘llarini izlay boshlabdi.

Kunlardan birida o‘g‘illardan biri ovqat tayyorlashni bo‘lishib olishni taklif qilibdi. Biri kompot va palovni, ikkinchisi somsani, uchinchisi esa asosiy taomni tayyorlabdi. Har uchovi ham o‘zi pishirgan ovqatga zahar qo‘shibdi. Dasturxon yozilibdi. Aka-ukalarning har biri hayajonlanarmish. Hech biri o‘zi pishirgan taomdan yemabdi, lekin taomlarning bari zaharli bo‘lgani uchun uchovi ham o‘libdi.

Ularning o‘ligi ikki kun uyda qolib ketibdi. Hovlidagi kuchuk vovullayverganidan nihoyat qo‘shnilar uyga kirib, aka-ukalarning o‘lib yotganini ko‘rishibdi. Uch yigit tuproqqa berilibdi...

Keyinroq onalari bo‘lgan voqeadan xabar topibdi. O‘g‘illarining qabrini quchib yig‘labdi. “Sizlar meni qidirmadingiz, lekin men qabringizni so‘roqlab keldim”, – degancha uvvos tortibdi. Keyin esa “bu uyda bir oila sarg‘ayib so‘ldi”, deb uyni sariq rangga bo‘yattirib, sotib yuboribdi.

Buni menga Ismat devona aytib berdi. “Kim meros payida o‘z jigarini o‘ldirsa yoki o‘ldirishni istasa, albatta, o‘sha meros uning halokati bo‘ladi”, – dedi u.

Villamiz qarshisidagi torgina yo‘l pastga tushib, asosiy yo‘lga bog‘lanib ketardi. Villamiz va o‘rtamizda bog‘imiz va asosiy yo‘l bori edi. Go‘yoki dengizning og‘ushida edik...

Onam, otam va ukam Ug‘ur bor Germaniyada yashashardi. Hammadan ko‘p ukamni sog‘inar, uni o‘ylardim. She’rlarimning eng ko‘pini unga atab yozganman, ko‘z yoshlarimning eng ko‘pi uning uchun to‘kilgan. Tushlarimga eng ko‘p Ug‘ur kirardi...

Ismat devona ham Ug‘urni so‘rab turardi. O‘tgan yili ukam kelganida, atrofida parvona bo‘ldi. Men esa ishqilib ukamni bo‘g‘ib qo‘ymasin-da, deb qo‘rqardim. “Bundan keyin o‘sha jinni bilan umuman gaplashma”, – deb tayinladim ukamga. Ug‘ur bola emasmi, Ismat devonaga “opam sen bilan gaplashishimni taqiqladi, menga gapirma”, debdi. “Opangdan buni kutmagandim”, – debdi devona yig‘lagan ko‘yi.

“Kutmaganmish, men unga kim bo‘libmanki, men haqimda bunchalik ishonch bilan gapiradi?” – deb jig‘ibiyron bo‘lgancha bir necha kun uxlay olmadim.

Har telefonlashganimizda otamga hasrat qilardim:
– Otajon! Meni go‘zal yurtimdan ayirib, notanish insonlarning orasiga tashladingiz. Axir Germaniya mening birinchi vatanim, o‘sha yerda tug‘ilganman, o‘sha yerda o‘sganman. Nega bunday qildingiz?

Otam esa meni noshuklikda ayblardi:
– Jonim qizim, Jamilam. Seni xursand qilish uchun villa olib berdim. Yap-yangi mashina oldim, haydovchi yolladim. Yoshing yetishi bilan haydovchilik guvohnomasini olib, mashinani o‘zing haydaysan. Malikalardek yashayapman. Nega ko‘zing to‘ymayapti?

Bir kuni haydovchi kelib, meni olib ketdi. Eh, haydovchilik guvohnomamni olsam bormi, xuddi kinolardagi yoshlarga o‘xshab maqtanib yuraman. Hozircha yollanma haydovchiga bilan yurishga majburman.

Xayollarga berilib ketar ekanman, narigi mahalladagi Ismat devonaning uyi oldidan o‘tishga majburligimiz esimga tushdi. Qarasam, Ismat devoni ko‘chada, yo‘lkaning ustida g‘amga botib o‘tiribdi. Unga shunchaki gap otdim. Chuqur va hurkituvchi ko‘zlarini menga qadadi, lekin og‘iz ochmadi. “Nima bo‘ldi?” – deb so‘radim. “Ukangdan so‘ra, aytadi”, – dedi u.

Oqshom payti ukamni savolga tutdim, u bor gapni aytib berdi. Juda xafa bo‘ldim, jahlim chiqdi. Ug‘ur esa tinmay o‘zini oqlardi: “Axir u bilan gaplashmaslikni o‘zingiz tayinladingiz-ku!”

Ug‘ur bilan bog‘liq shu voqeani ko‘p eslayman. Jonim ukam! Uni bir yildan beri ko‘rmayapman. Ukamni shunchalar sog‘indimki, eslagan sari yuragim eziladi.
Davomi bor...

Amina Shenliko‘g‘lu

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nasroniy atirguli (2-qism)