18:18 / 13.09.2019
4 035

Nasroniy atirguli (3-qism)

Nasroniy atirguli (3-qism)
O‘tgan yili sohilda kezib yurganimizda ukam mendan shar olib berishimni so‘radi. Bir bolaning qo‘lidagi sharni ko‘rib tikilib qolgan va “Menga ham shundan olib beringlar”, deb turib olgan, lekin undan topolmagandik.

Bir gal telefonda gaplashganimizda onam aytib qoldilar, oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, haliyam o‘sha sharni unutmagan ekan. Holbuki, Germaniyada unga bundan ham chiroyli sharlar olib berishgandi. Lekin u o‘sha sohilda ko‘rganimiz sharni hech unutolmasdi.

Qayta-qayta o‘sha shardan olib berishimizni so‘raganida unga baqirib tashlagandim:
– Xuddi umrida shar ko‘rmagan bolaga o‘xshaysan! Hatto hech narsa ko‘rmagan boladaysan! Germaniyada shar yo‘qmi?

Buni qarang, bola bir nima ko‘rmagan bo‘lsa, u aybormi yoki bolaga biror nimani ko‘rsatmagan kattalar aybdormi? Ha, teskari qarashga o‘rganib qolganmiz. Teskariga to‘g‘ri qarashda davom etyapmiz.

“Hatto hech narsa ko‘rmagan bolaga o‘xshaysan!” deya jerkiganim uni hayron qoldirgandi. Shunday javob qildi Ug‘urim:
– Opajon, men ko‘p shar ko‘rdim, lekin unaqasini hech ko‘rmaganman-da, axir!

Insondagi pinhon hislardan biri edi bu javob. Odam bolasi nega buncha xudbin? Nega faqat o‘ziga yoqqan narsalarga ahamiyat beradi? Ayniqsa, bolalarning qiziqishi, quvonchiga nega beparvo qaraladi? O‘zimni gunoh ustida qo‘lga tushirdim.

Ukam hozir olti yoshda va biroz vaqtdan keyin men uni ko‘raman. Litseyda o‘qish uchun Turkiyaga kelgandim. Avvaliga hech yoqtirmadim, lekin keyin ko‘nikib ketdim va nihoyat litseyni tugatdim. Germaniyaga ota-onamning yoniga boryapman.

Qaytganimda ukamga sevgan sharidan olib borish uchun bir necha kun shar do‘konlarini aylandim. Ulgurji sotadiganlarni ham izladim. O‘sha shardan menga topib berganlarga besh yuz marka berishni va’da qildim. Qayerda shar sotuvchi ko‘rsam, unga shunday dedim: “Agar topsangiz, shu telefonga xabar qiling!” Oppoq sharda boshiga kapalak qo‘ngan delfinning rasmi borligini aytib, hammaga ta’rifladim. Balki “O‘zi bir shar bo‘lsa, shugina matoh uchun buncha urinishning nima keragi bor edi?” deganlar chiqib qolar. Ha, to‘g‘ri. Men uchun ham shunchaki bir shar. Lekin ukam uchun bu shar nima ekan?

Bir kuni ertalab qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Javob berdim, sharni ta’riflaganim bir odam hayajon bilan xabar berdi:
– Topdim, opa, siz aytgan shardan topdim. Nechta olay?

Quvonchimdan yuragim hapqirib javob qildim:
– Besh- o‘nta olavering, – dedim.

Manfaatparastlardan nafratlanaman. To‘g‘ri, hamma ulardan nafratlanadi deb o‘ylayman-ku, men hammaning nafrati darajasida nafratlanaman. Go‘shakning naryog‘idagi kishining savoli meni aqldan ozdirayozdi. Duduqlana-duduqlana:
– Opa... Har bir donasiga besh yuz markadan berasizmi?

Bunaqangi imkon poylab yuradigan kimsalarni chirigan, tekkan joyiga yopishib qoladigan saqichga o‘xshataman. Ikki og‘iz so‘zni arang gapiroldim:
– Bitta olsangiz yetadi.

Olib keldi. “Bittasi mendan unga hadya bo‘lsin”, – dedi. Endi o‘sha shardan unga olib boraman. Juda ham sevinadi. Uni juda ham sog‘indim. Ukam haqida nega bu qadar chuqur, qalbim bilan so‘zlab berganimni, hayot hikoyasini Ismat devonadan keyin ukam bilan boshlaganim sababini, uning hayotimdagi o‘rni nechog‘li ekanini bilganingizda tushunib olasiz...

Yo‘lga chiqish uchun tayyorlanyapman.
Bobom va buvim esa juda ham xafa.

– Jonim qizim, ketganingdan keyin ota-onangdek bizni unutib yubormagin, xo‘pmi? Tez-tez telefon qilib tur bizga, – deyishdi.

Farzandining sog‘inchida o‘rtanayotgan ota-onalar. Ota-onasini unutgan farzandlar. Va hamma o‘zini vafodor inson o‘laroq bilishi... Eng xunuk narsa ham buning oldida chiroyli ko‘rinadi.

Germaniyaga qaytish safarimning tayyorgarligi boshlandi. Yangi dunyoga tayyorlanayotganim uchun hayajondan bir joyda o‘tirolmasdim. Boylik ichida meni quvontiradigan biror nima yo‘q edi. Montan aytganidek, hashamatli hayot bizni qilichdan battar parchalaydi. Parchalar ichida tirilishga uringan sari noqulay sharoit hammani boshi berk ko‘chaga tiqishtirib qo‘yadi. Ukamni o‘ylab juda ham sevinaman va bu dunyoda mening ham joni dildan sog‘inadigan yaqinim borligini angladim.

Yangi dunyomdan oilamning xabari yo‘q edi. Mening yangi shaxsiyatim ularga syurpriz bo‘lardi.

Ota-onam hech kimning e’tiqodiga aralashmaydigan demokrat insonlar edi. «Demokratman» deganlarning hammasi demokrat bo‘lolmasdi, lekin o‘ylashimcha, mening ota-onam demokrat edilar. Men bilan ishlari yo‘q edi. Bunga ishonchim komil. Balki xursand bo‘lishlari mumkin. Chunki yangi shaxsiyatim, yangi dinim va yangi nuqtai nazarlarim bilan ularning qarshisida mutlaqo boshqa bir farzand turardi.
Davomi bor...

Amina Shenliko‘g‘lu

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nasroniy atirguli (3-qism)