23:41 / 13.09.2019
5 790

Jahongir Ortiqxo‘jayevning ham O‘zbekistondan qochib ketgisi kelganmi?

Jahongir Ortiqxo‘jayevning ham O‘zbekistondan qochib ketgisi kelganmi?
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Spot nashriga intervyu berdi. Madina Ro‘zmatova Spot’dagi «Xatolar va saboqlar» loyihasi uchun davlat xizmatiga o‘tgani uchun biznesdan rasman voz kechgan biznesmen, Akfa Group xoldingi asoschisi suhbatlashdi.
***
Biz fotograf bilan intervyuga barvaqt keldik. Xususan, men o‘zim bir soat avval shu yerda edim. Ikkalamiz ham qordek oppoq qabulxonada deyarli odam kirmagan kabinet ostonasidan o‘tish uchun ancha kutdik. Aslida bu kabinetda uning sohibi, kiraverishdagi lavhada ismi-sharifi yozib qo‘yilishi lozim bo‘lgan kishining o‘zi ham kam bo‘ladi. Dastlabki daqiqalarda Jahongir Obidovich bizga intervyu berishni deyarli rad etdi.
***
— Siz hokim etib tayinlangan birinchi biznesmensiz. OAVda sizning ishlaringiz keng muhokama qilinadi va erishilgan ayrim natijalar haqida siz Alter Ego’ga bergan intervyuingizda hikoya qildingiz. Men siz bilan biznesdan chiqqan odam sifatida biznes-tafakkur va ishga biznes yondashuv haqida suhbatlashishni istardim.
— Men hozir biznes bilan shug‘ullanmayman, boshqaruvdan chiqqanman, barcha aktivlarni boshqalarga berganman. Biroq o‘z xatolarim va muvaffaqiyatsizliklarim haqida hikoya qilishga tayyorman.

— Jahongir Ortiqxo‘jayev ham xato qiladimi?
— Albatta. Hamma ham xato qiladi. Biznesdagi muvaffaqiyatsizliklar meni bugungi kunga olib chiqdi va har doim ham hamma ishga muvaffaq bo‘la olmaysiz, bu tabiiy hol.

— Umuman biznesmen men uchun oddiy so‘z emas, bu unvon, unga loyiq bo‘lish lozim.
— Ish va natijalar bilan, piar bilan emas. Sen tadbirkor, turli korxonalar egasi bo‘lishing mumkin, biroq biznesmen deb atalish uchun uni tushunish, u qanday qurilganini bilish lozim. Shu jumladan, mamlakat makroiqtisodiyotiga hissa qo‘shish kerak.

— Akfa Group eng boshidan muvaffaqiyatli biznes bo‘ldi.
— Yo‘q, Akfa Group — o‘z tarixiga ega kompaniya. Uning o‘z qiyinchiliklari, turli davrlari bo‘lgan. O‘ylaymanki, u Akfa nima ekanini odamlar bilganlaridan keyingina «muvaffaqiyatli» bo‘ldi.
Hamma biznesni muvaffaqiyatli qilish mumkin, biroq negadir faqat taniqli kompaniyalarni muvaffaqiyatli deyish qabul qilingan.

Umuman — muvaffaqiyatning o‘zi nima? Chamasi sizni bilganlari va yutuqlaringizni tan olganlari. Masalan, tez ovqatlanish qahvaxonalari ko‘p, biroq McDonalds, KFC’ni muvaffaqiyatli deb hisoblash qabul qilingan.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
— Maktab davridan biznes bilan shug‘ullanganingizni aytgansiz. Akfa’ni tashkil etish g‘oyasi qayerdan kelgan?
— Mutlaqo tasodifan. Men hamisha biznes bilan shug‘ullanishimni bilardim. Boshqa fikrlar hatto xayolimda ham yo‘q edi.
SSSRning yo‘q bo‘lishi, og‘ir zamonlar. Bozorni «qo‘yib yuborishlari» bilan atrofimdagi barcha biznes bilan shug‘ullana boshladi. Men tasodifan bu biznesga kirdim, lekin deraza profillarini sotishni, tabiiyki, rejalashtirmagan edim. Bu taxminan 2000 yillarda yuz berdi.

O‘shanda, 1992 yili xususiy kompaniyalar tashkil etishga ruxsat berildi va men o‘zimning birinchi «Jahongir» MChJni ochdim. 76 kvadrat metr maydonda sartaroshxonam va poyabzal ta’mirlash ustaxonam bor edi, o‘zim esa 17 yoshdaman. Bundan avvalroq esa poyabzal sotardim, Oloy bozorida ikkita savdo nuqtam bor edi.

18 yoshimda bir boksli avtoservis ochdim. «Volga» avtomobillari ta’miridan boshladim, keyin esa xorijiy avtomobillarga o‘tdim — u vaqtlarda badavlat odamlar Opel’da yurishardi. Yodimda, xorijiy mashinalar uchun birinchi ehtiyot qismlar olib kelish uchun Dubayga borgandim.

O‘sha vaqtlarda xorijiy mashinalarda prokurorlar, militsiya xodimlari va mafiozlar yurishardi. Shunday qilib 19 yoshimda ularning hammasi bilan ishlashimga to‘g‘ri keldi. Bu biznes 2000 yilgacha mening asosiy ishim edi. Meni shaharda shunday taniy boshlashdi.

— Siz uni keyin yopdingizmi? Avtoservisni aytyapman.
— Yo‘q, parallel ishladim. 2001 yili mening yonimga logistika va kargo bo‘yicha tovar tashish bilan shug‘ullanuvchi bir turk keldi. Aynan u menga alyumin profillar sotishni taklif qildi. Biz omborga bordik, men tovarga qaradim — hech narsani tushunmadim.

Bilasanmi, men qanday qilib bu ishga aralashib qoldim? Mening Rustam ismli bir sinfdoshim bo‘lardi. U menga maslahat berdi — bu juda yaxshi, daromadli ish ekanini aytdi. U vaqtlarda bu ishda turklar «yakkahokim» edi, ulardan boshqa hech kim deraza romlari sotmasdi.

Xo‘sh, nima uchun o‘shanda meni chaqirishdi — kimdir, kim uchundir tovar olib kelgan, u esa sotilmagan. Men profilni bir haftaga oldim va hammasini darrov sotib yubordim. Qayerdadir bir yil ishladim, sotib oldim, sotdim. Bu vaqt ichida taxminan 40 ming dollar ishladim va taxminan shunchaga tushdim ham.

— Qanday qilib — bu pullarni yo‘qotdingizmi?
— Menga profilni sotgan turklarning o‘zi oyog‘imdan chaldi. Biz tovarni realizatsiya qilishdan avval ulardan olish haqida kelishgan edik, ular menga jo‘natishdi va har kuni pulni yuborishimni so‘rashdi.

Men bir so‘zli odamman. Qarzga botdim, o‘z pullarimni berdim. Zarariga sotdim. Biroq o‘shanda mening qo‘limda 150 kishi ishlardi. Va ehtimol, shuning uchundir, men bu ishlarni tashlamadim. Ba’zilari endigina maktabni bitirgan bu oddiy bolalarni yo‘qotish dahshatli va alamli edi. Bu jamoani saqlab qolish uchun qarindoshlarim, yaqinlarim, akamdan qarz oldim.

O‘shanda xatolardan muhim saboq oldim. Sening qancha puling borligi emas, balki sen bilan qanday odamlar ishlayotgani muhim.

— Odamlar tufayli siz biznesda qoldingiz. Afsuslanmadingizmi?
— Sira ham. Birinchi muvaffaqiyatsizlikdan keyin xodimlarimdan birini Turkiyaga jo‘natdim, aytmoqchi, u hozir ham kompaniyada ishlaydi, unga qayerga borish va tovar borasida kim bilan kelishib olishni tushuntirdim. Xodim mening gapimga quloq solmadi va boshqa joydan tovarni arzonroq narxda olib keldi.

Qarangki, turk hamkorlarimiz yil davomida bizni aldab kelishgan va tovarni ancha qimmatga sotishgan ekan. Biroq, mening nazarimda, bu bizni ular bilan musobaqalashishda belimizni yanada mahkam bog‘lashga va bu raqobat urushida yutib chiqishimizga yordam berdi.

Bir yildan so‘ng servis va brendga kiritgan mablag‘larimiz va jamoa yordamida biz bozorda yetakchi bo‘lib oldik. Yo‘qotilgan pullar o‘rnini bir yarim oydayoq to‘ldirdik.

— Va bu endi Akfa kompaniyasi edi.
— Sen hayron bo‘lasan, ammo Akfa keyinroq va kutilmaganda paydo bo‘ldi. Biz savdoda yetakchilik qilib turgan paytlarimizda bizga Akpa nomi ostidagi turk kompaniyasi murojaat qildi. U hech narsani eslatmayaptimi?

Shunday qilib, bu turk xoldingi rahbari — men uni o‘z ustozim deb bilaman — Adnan Chalishkan bizning yonimizga keldi va hamkorlik qilishni taklif etdi. Uch yil birga ishlagandan keyin men kompaniyaga ular brendining O‘zbekistondagi vakolatxonasi eksklyuziv huquqlarini so‘rab murojaat qildim.

Senga tushunarli bo‘lishi uchun, bu 2000 yillarning boshlari edi, u vaqtlarda «reklama», «marketing» so‘zlarini Toshkentda kam odam eshitgan, biz esa brendga ko‘p mablag‘ kiritgandik. Butun shahar bo‘ylab tashqi reklamalar o‘rnatilgan, biz muntazam ravishda uni turli formatlarda, hamma boradigan joylarda aylantirardik.

Albatta, qaysidir bir vaqtda biz o‘ylab qolardik — nega faqat bizning jamoa reklama beradi, tovarni esa istagan kishi sotadi. Eksklyuziv shartlar borasida bizga rad javobini berishdi va men Akpa bilan barcha kelishuvlarni to‘xtatdim.

Adnanbeyning ukasi bor edi, u o‘shanda menga shunday dedi: «Akpa — katta va kuchli brend. Mahsulotimizni har qanday holatda sotib olishadi, sendanmi, boshqadanmi, ahamiyatsiz». Bu yerda noqulay holat yuzaga keldi, bu ish meniki emasligini aniq tushundim.

Bu — muvaffaqiyatsizlik orqali navbatdagi biznes-saboq edi. O‘z brendingizni yo‘lga qo‘ying, o‘zgalarnikiga faqat agar sizda eksklyuziv sharoitlar bo‘lsagina mablag‘ kiriting. Natijada boshqalarning brendini ommalashtirdim hamda o‘z kompaniyamni tashkil etib, uni mohiyatan yo‘q qildim.

— O‘zingiz bunyod etgan narsa vayron bo‘layotganini tushunganingizda dahshatga tushdingizmi?
— Shaxsan o‘zim uchun — yo‘q. Menga yana jamoam uchun tavakkal qilish qo‘rqinchli edi, endi jamoam 200 kishidan ortiq, ularga o‘z vaqtida maosh berish, boqish lozim. Biroq negadir men hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonardim. Negadir hech qachon o‘zim uchun qo‘rqinchni sezmadim. Va turklardan ham xafa bo‘lmadim, hissiyotlarning biznesga aloqasi yo‘q bo‘lsa kerak.

— Ishlab chiqarishga ham siz Akpa bilan bo‘lgan voqea tufayli kirgan ekansiz-da?
— Akpa bilan hamkorlikdan voz kechganimdan keyin o‘zimga va ularga tez orada butun mamlakat yana faqat mendan sotib oladi, deb va’da bergandim — yetti oydan keyin shunday bo‘ldi ham. Ammo bunga qadar Adnanbek bilan biznesim haqida suhbatlashdik.

O‘zbekistonga har oyda 10 tonnadan ortiq alyumin profil olib keldim, u esa meni telba deb atadi. Faqat logistikaning o‘zi 70 ming dollarga tushdi. Nafaqat u, boshqa ko‘pchilik menga: «Zavod och. Savdo-sotig‘ingga qara, senga savdo emas, balki ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish ko‘proq foyda keltiradi», deyishdi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Men derazalar uchun profillar va aksessuarlar sotishda davom etdim. Menga nima uchundir zavodni eplay olmaydigandek, bu juda qiyin, qimmat va ilojsizdek ko‘rinardi. Oxir-oqibat 2005 yili zavodni birga ochdik.

2011 yilga kelib, ishlab chiqarish hajmi bir necha ming foizga o‘sdi. Biz barcha detallar, aksessuarlarni ishlab chiqara boshladik, butun siklni yo‘lga qo‘ydik. O‘sha vaqtda O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq, MDH bo‘yicha 500 dan ortiq mijozlarimiz bor edi — o‘shandayoq eksportni boshlagandik.

Men hozir xususiy mijozlar to‘g‘risida emas, balki B2B bozori haqida gapiryapman. Barcha kichik sexlar butlovchi qismlarni bizdan sotib olar, ulardan deraza yasab sotishardi. Akfa’da u vaqtlarda 7500 kishi ishlardi.

— Siz yo‘lga qo‘ygan, biroq, yurishmagan, keyin yopishga to‘g‘ri kelgan loyihalar bormi?
— Albatta, bo‘lgan. Yaxshiki, ular xolding ichidagi kichik bizneslar, qandaydir aralash yo‘nalishlar, kichik kompaniyalar edi. Biz ishlab chiqarishni kengaytirayotganda ko‘p xatolar qildik — ishlab chiqarishda juda qimmat loyihalarni yo‘lga qo‘ydik, importdan qimmat tovarlar ishlab chiqardik.

Men ish bermaydigan kompaniya yoki loyihani yopishni orqaga surishni ko‘p qiziqmaslik kerak bo‘lgan juda xavfli o‘yinga tenglashtiraman. Sen hammasini yutishing yoki hammasini yutqazishing mumkin. Lotereyadagi kabi.

Shuning uchun biznes yuritganimda hamisha qoidalardan chetga chiqmaslikka harakat qilganman — foyda keltirmaydigan, muvaffaqiyatsiz, istiqbolsiz loyihalarni yopishni uzoq cho‘zish kerak emas. Oxir-oqibat baribir yutqazasan. Mag‘lubiyatni darhol tan olish kerak, bu arzonroq tushadi. Men odatda kompaniyani yopganman, boshqaruvchilarni ishdan bo‘shatganman, shunaqasi ham bo‘lgan.

— O‘z xatolarni tan olish qiyin.
— Yo‘q. Mening nazarimda juda qattiq tavakkal qilmaganman. Muvaffaqiyatsizliklarga ham xotirjam munosabatda bo‘lishga harakat qilganman. Chamasi, 15 foiz kompaniyalarni qisqartirganmiz.
Eng qiyini odamlaringni yo‘qotish.

Biznesdan chiqishimdan oldin biz top-menejment bilan bu mavzuni muhokama qilgandik. Hisoblab ko‘rsak, Akfa Group faoliyati davomida top-menejmentdan atigi uch kishi bo‘shabdi. Qolganlar 25 yildan ortiq vaqtdan beri kompaniyada ishlaydi.

— Sizda pul yetmagan vaqtlar ham bo‘lganmi?
— Aslida yaxshi biznesmenga hamisha pul yetmaydi. Hamisha. Biznesda men shunday madaniyatni shakllantirdimki, boshqaruv kengashi doim yangi imkoniyatlar qidiradi. Bu ham pul doim yetishmasligi lozimligi bilan bog‘liq.
Biznesmenda ortiqcha pul bo‘lsa, tamom, u noto‘g‘ri yo‘lda. Agar pul yetarli bo‘lsa, biznes rivojlanishdan to‘xtaydi.

Men kompaniya rahbari bo‘lgan vaqtlarimda biz doim hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarimiz bo‘lishiga harakat qilardik, o‘z boshimizga ish orttirardik. Nazarimda, bu men vujudga keltirgan biznes ichidagi korporativ madaniyat asosi bo‘lib qoldi.

Tabiiyki, juda murakkab davrlar bo‘ldi, men biznesni 20 yillar avval boshlaganman. Bu shunday davr ediki, sobiq bezorilar biznesmen bo‘lib qoldi, hamma narsa ko‘cha qonunlari bilan hal etilardi. U vaqtlarda hamma shunday ishlardi. Barcha mafiya va militsiyadan qo‘rqardi.

— Jahongir Ortiqxo‘jayevga qachondir qiyin bo‘lganiga ishonging kelmaydi.
— Qiyin bo‘lgan, albatta. Biznesing qancha katta bo‘lsa, mas’uliyat ham shuncha yuqori bo‘ladi. 2011 yili menejment bilan kelgusida qaysi yo‘ldan borishimizni jiddiy muhokama qildik. Tashqaridan bu telbalik bo‘lib tuyular — biznes gullab-yashnayapti, savdo ketyapti va men intensiv rivojlanishni to‘xtatib turish haqida qaror qabul qilish uchun kengash chaqiryapman.

Ayni o‘shanda kompaniya gullab-yashnab turgan bir paytda biz diversifikatsiya to‘g‘risida qaror qabul qildik. Chunki bozorda eng yirik ishtirokchi bo‘lib qolish ancha xavfli edi.

Birinchidan, monopol bo‘lib qolish xavfi mavjud, biz esa hech qachon bunga intilmaganmiz. Ikkinchidan, tanglik yuz bersa, kompaniyani yopishga to‘g‘ri keladi. Biz yangi ishlab chiqarishni, bu safar maishiy texnika ishlab chiqarish korxonasini ochishga qaror qildik.

— O‘shanda qaroringizga nima ta’sir ko‘rsatdi?
— Otam. U SSSRda xizmat ko‘rsatgan muhandis, butun umr gazchi bo‘lib ishlagan. Ishlab chiqarish to‘g‘risida o‘ylagan paytimda u menga elektronika, maishiy texnika tomon borishni maslahat berdi. Artel shunday paydo bo‘ldi. Bu yangi risk edi. Biz hamkorlarim bilan uch yo‘nalishga bo‘lindik va har birimiz ishlab chiqarishning yangi liniyasini barpo etishga ketdik.

— Siz Artel’ni ochganingizda yangi muvaffaqiyatsizliklar yuz bergan...
— Albatta. Men uchun ishlab chiqarish ochish, zavod qurish — bu qandaydir boshqacha lazzat beradi. Biznesda shaxsan meni hamisha bu jarayon hayajonga solgan — qachon barpo etasan, ish o‘rinlari ochasan, qachon bu ulkan mashina ishlay boshlaydi.

Biz Artel’ni ochishga qaror qildik va eng boshida hammasi silliq ketayotgandek edi. Chet elga bordik, ularning tajribasini o‘rgandik, bitimlar imzoladik, kreditlar to‘pladik. Zavod barpo etdik, gaz plitalarining birinchi turkumi chiqdi, bozorga tovar chiqardik… u esa sotilmadi. Vaqt o‘tar, tovar ishlab chiqarilar va omborda qolardi. Hech kim sotib olmasdi.

Men shaxsan «Malika»ga bordim, sotuvchilardan ular nega Artel’ni sotmayotganliklarini so‘radim. Yosh bir sotuvchi yigitga yaqinlashaman, faqat ugina mening savolimga javob berdi.

Bozorda yozilmagan qoida bor edi — u yirik ishlab chiqaruvchilar va import o‘rtasida bo‘lingan edi. Agar yangi ishlab chiqaruvchini olsang — kimdir senga o‘z tovarini o‘tkazmasligi mumkin, shuning uchun sotuvchilar bizni inkor etishdi. O‘sha yigit menga shunday dedi: «Aka, sizning texnikangizni qo‘ya olmayman, qo‘ysam ko‘chada och qolaman». Boshqa bir necha do‘konda ham shunday javob berishdi. Shunday qilib bozor rastalari bo‘ylab yurdim, hamma yerda rad javobini oldim.

Do‘konlarning birida meni tanib qolishdi. O‘shanda Akfa haqida bilishardi va sotuvchi men bilan salomlashib, nega biz faqat gaz plitasini sotuvga qo‘yayotganimizni so‘radi.

Mantiqan to‘g‘ri, odamlar turli ishlab chiqaruvchilar texnikasini sotib olishni xohlashmaydi, bunda servis xizmati xarajatlari oshib ketadi. U menga texnikani komplekt qilishni maslahat berdi. Biz bir yil hech narsa sota olmadik, chunki faqat gaz plitalari chiqargandik.

— Bu sizga qanchaga tushdi?

— Artel’ni Akfa’ning pullari hisobiga rivojlantirdik. Qariyb bir yil omborga ishladik, savdo deyarli yo‘q edi. 1,5 mln dollardan ortiq mablag‘ sarfladik. Savdo do‘konlari bo‘ylab qilgan ekskursiyadan juda xafa bo‘lib qaytdim, chunki yana loyiha «ish bermaydigan» va odamlar ishini yo‘qotadigan bo‘lib ko‘rindi. Bu axir butun boshli zavod edi, biz uni qurib bo‘lgandik.

Mahsulotlar qatorini kengaytirish, maishiy texnikani to‘plam qilib ishlab chiqarish haqida qaror qildik.
Ishlarni bo‘lib oldik, men muzlatgich ishlab chiqarish, o‘rinbosarim — konditsioner, qolgan hamkorlarimiz — televizor va boshqa buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullandik. Hamma yangicha ishladi. Chet ellarga boramiz, jihozlar olib kelamiz, quramiz, yo‘lga qo‘yamiz.

Va butun kelasi yil davomida biz bir-birimiz bilan musobaqalashdik. Umuman, biz doim shunday chellenjlar o‘tkazardik — kim yaxshiroq, ko‘proq ishlab chiqaradi, kimning mahsuloti xaridorgir bo‘ladi.

Savdo do‘konlaridagi o‘sha voqeadan 1,5 yil o‘tib, biz bozorga to‘la komplekt bilan chiqdik. Juda tez brendni aylantirdik, talab juda ulkan edi. Va bu biznesda hech qanday imtiyoz yo‘q, faqat maqbul pullarga sifatli mahsulot bor edi, xolos.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Artel mahsulotlari nafaqat bizning bozorda sotiladi, mening bilishimcha, kompaniya hozir ham ko‘p eksport qilmoqda, hali men borimda eksport ancha salmoqli edi, yaqinda eshitishimcha, AQShga ham mahsulot yetkazib bera boshlashdi.

— Siz har doim odamlar, ularni yo‘qotish sizga og‘irligi, biznesni ular tufayli tashlamaganingiz haqida ko‘p gapirasiz. Sizga sotqinlik qilishganmi?
— Yo‘q. Gapirishga arzigulik darajada hech qachon bunday bo‘lgan emas. Qandaydir mayda-chuyda qilmishlar bo‘lgan mening yigitlarimda, ehtimol kichik mojarolar. Ammo sotqinlik qilishmagan.

Akfa Groupda 35 mingdan ortiq kishi ishlaydi, ularni hech kim zo‘rlik bilan ushlab turmaydi. Ular bu kompaniyani har kuni tanlaydi, demak, ularni nimadir ushlab turadimi?
Men xiyonatga loyiq bo‘lish kerak, deb hisoblayman.

Bu mening tushuncham. Agar sen o‘z vaqtida odamlar bilan muloqot qilsang, uning mehnatini xolis va odilona baholasang, u bilan muammolar haqida ochiq gaplashsang, ular nega seni sotishsin?

— Muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz, birinchi navbatda nima qilasiz?
— Avvaliga asabiylashaman. Keyin bundan qanday xulosa chiqarish, foyda olish haqida o‘ylayman. Har bir salbiy holat men uchun ijobiy, har qanday muvaffaqiyatsizlikdan foyda olishim mumkin. Kamida tajribam oshadi. Albatta, jiddiy tangliklar bo‘lgan, o‘shanda menejment bilan o‘tirib muammolarni zudlik bilan hal qilganmiz.

— Siz qatiqqo‘l rahbarmisiz?
— Talabchan. Biroq hech qachon urushmayman. Shunday rahbarlar bor, xodimlarga ovozini ko‘tarishi, ularni so‘kishi mumkin. Kompaniyadagi 15 yillik faoliyatim davomida men so‘kinish nima ekanini butkul unutdim. Umuman, qandaydir qattiqqo‘llik zarur bo‘lgan vaziyatlar juda kam bo‘lgan.

Hozir davlat xizmatida, albatta, asabiy vaziyatlar ko‘p. Men muammoni odamlardan qidirmaslikka harakat qilaman, biznes uchun o‘zim javobgarman. Odam, umuman, odatda o‘ziga o‘zi muammo.

— Sizga odamlarni ishdan bo‘shatish juda qiyinmi?
— Buni juda yomon ko‘raman. Xato qilganini his qilaman. Buning ustiga xodimgina emas, mening o‘zim qayerdadir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘laman, uni ishdan bo‘shatishgacha olib kelgan vaziyatni oldindan ko‘rabilmaganman.
Modomiki men rahbar ekanman — hammasi uchun shaxsan o‘zim javobgarman. Boshqalar emas.

— Siz biznesni qarindoshlaringiz bilan qurganmisiz?
— Yo‘q, o‘zim.

— Qo‘lingizda qarindoshlaringiz ishlashganmi?
— Yuqori lavozimda emas, bu prinsipial vaziyat. Hamma uchun umumiy shart-sharoitlar.
Men agar biznesga xavf tug‘diradigan bo‘lsa, qarindoshlarim bilan ishlamaslikka harakat qilaman.
Agar loyiq bo‘lmasa, ularning hech birining lavozimi ham ko‘tarilmaydi. Men uchun umuman ishda «qarindosh» degan tushuncha yo‘q, hamma uchun tartib bir xil.

— Hozirgi savolimni berishni istamasdim, biroq uni ko‘p eshitaman, shuning uchun so‘ramoqchiman. Nega sizning xodimlaringiz hamma yerda sizni himoya qilishadi? Buning ustiga boshqalarning fikrini eshitishmaydi.
— Himoya qilishadimi?

— Aftidan, ha.
— Nima deb o‘ylaysan? Mana, hokimlikda, qara hozir qanday?

— Bilmadim, bugun masalan dam olish kunimi, bu yerda juda jim-jit.
— Kompaniyadami, bu yerdami, xohlagan odamingdan so‘rashing mumkin. Ular qayerda men bilan ishlashmasin, doim o‘z odamlarimni himoya qilaman. Ularning hammasi buni aniq bilishadi. Hatto ular haq bo‘lmasalar ham (pauza).

Bu ichki ish, xato bo‘lishi mumkin, men o‘zim keyin ular bilan buni aniqlashtiraman. Biroq agar bu odam ataylab xato qilmagan bo‘lsa, uni oxirigacha himoya qilaman.

— Mamlakatdan ketmoqchi bo‘lganmisiz?
— Ha. 2013 yilda.

— Nega, bu biror narsa bilan bog‘liqmidi?
— O‘sha vaqtdagi siyosat bilan.

— Nega qoldingiz?
— Ortimda qancha odamlar bor edi, agar men qochib ketsam ularga nima bo‘lardi? Meni ta’qib qilishgandi, agar qochsam kompaniyani yopishardi, o‘n minglab odamlar ko‘chada qolgan bo‘lardi. Men shunday o‘yladim — mayli, meni qamashsin, biroq bu odamlar ishsiz qolmasin.

— Bu oson qaror bo‘lmagan bo‘lsa kerak.
— Bu yerda hech qanday qahramonlik yo‘q. Men Vatanda qolganim uchun zo‘rman yoki qahramonman, demoqchi emasman. Umuman, Yaratgan senga qancha boylik, pul, resurs va imkoniyatlar bergan ekan, xuddi shuncha muammo va sinovlarga ham duch kelasan. Masalan, bir million pul ishlab topsang, uning muammosi ham millionga teng bo‘ladi. O‘sha ikki yil, ya’ni 2012—2013 yillar barcha biznesmenlar uchun juda murakkab bo‘lgan.

— Sizga bosim o‘tkazishdimi?
— Ha, hammaga o‘tkazishgani kabi. Men yana bu shaharni juda yaxshi ko‘rganim uchun ketganim yo‘q. Bu yerda mening oilam, do‘stlarim, tarixim bor. Boshqa biror joyda men kim ham bo‘lardim?

— Biznesdan chiqqan odam uchun siyosatda qiyin bo‘lsa kerak?
— Qiyin.

— Eng qiyini nimada?
— Biznesda hamma narsa tez hal bo‘ladi. Siyosatda esa uzoq vaqt kerak. Har bir so‘zingni o‘ylab gapirishing, ko‘p muloqotda bo‘lish, ochiqlik va mashhurlik lozim.

— Sizga mashhur bo‘lish yoqmaydimi?
— Yo‘q, mutlaqo yoqmaydi. Men hech qachon bunga intilmaganman. Agar mashhur bo‘lishni xohlaganimda, ehtimol, qo‘shiq yozarmidim (kuladi).

— Biznes bilan shug‘ullanayotganingizda nega hech qachon intervyu bermagansiz?
— Odamga mashhurlik nimaga kerak? Pul uchunmi? Menda pul shundoq ham yetarli bo‘lsa. Menda hatto Facebook yoki Instagram ham yo‘q edi. Hozir bor, davr taqozosi. Biroq ommaviylikda hech qachon biznes yoki o‘zim uchun imkoniyat ko‘rganim yo‘q. Menga buning qizig‘i yo‘q.

Keyin, ommaviylikka bo‘lgan bu trend tez orada o‘tib ketadi, deb o‘ylayman. Bir yildan so‘ng o‘zini bloger, media kishisi deb atash hozirgidek urf bo‘lmay qoladi. Men uchun jurnalist va blogerlar boshqa kasb egalari kabi odamlar.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Nega men, masalan, jurnalistlar bilan uchrashuv tufayli kimnidir qabul qilmasligim kerak? Qandaydir imtiyozlarni berish, ularning shaxsiy masalalarini navbatdan tashqari ko‘rib chiqishim kerakmi? Shaharda hammaning muammosi bir xil.

Hozir men o‘zimni yaxshilab piar qilishim uchun hamma resurslar bor, chiroyli suratlar chizish, hech narsa qilmay, ko‘p intervyu berish va mashhur bo‘lish. Men bunday qilmayman.

Mening piarim — bu ish, aniq o‘zgarishlar. Mayli, muvaffaqiyatsizliklar, negativ, murakkab muloqotlar, mening shaxsiy xatolarim evaziga bo‘lsin. Bu ishlarning natijasi ko‘rinadi, ularga chiroyli maqolalar yoki reportajlarning hojati yo‘q.

— Keling, biznesingizga qaytamiz. Biznesingiz boshqaruvidan butunlay chiqib ketdingiz. Bu ruhan og‘ir bo‘ldimi?
— Men nimaga va nima uchun ketayotganimni bilganman. Bilasanmi, bu Yaratganning ishi. Hech qachon seni nima kutayotganini bilmaysan.

— Siz jamoangizni to‘plab: «Bo‘ldi, bolalar, endi meni ofisda har kuni ko‘rmaysizlar, men ketyapman», degan kuningizni eslaysizmi?
— Shunday bo‘lganini sen qayoqdan bilasan? (jilmayadi). Haqiqatan shunday majlis o‘tkazganman, o‘rnimga odam taklif qilganman, o‘z rejalarim haqida gapirganman. Men ko‘pdan beri bu kompaniyaning yagona egasi emasdim va uning istiqbol taqdiri haqidagi qarorni birgalikda qabul qilganmiz. Tabiiyki, ketish oson bo‘lmadi.

— Jamoa sizning ketish haqidagi qaroringizga qanday qaradi?
— Axir rahbarini mamlakat Prezidentining shaxsan o‘zi bunday lavozimga tayinlagandan keyin ular qanday munosabatda bo‘lishardi? Albatta, ular men uchun xursand bo‘lishdi. Bu ulkan mas’uliyat. Men uni rad etishim mumkinmi? 32 million fuqaro orasidan men tanlandim, o‘sha damlarda haqiqatan baxtli edim.

— Prezident sizni hozir ham qo‘llab-quvvatlayaptimi?
— Qo‘llab-quvvatlayapti.

— Kuniga necha soat ishlaysiz?
— Har xil. Ilgari ertalab 7:00 da boshlardim, hozir soat 8:00 dan yarim tungacha. Ba’zan oqshom 20:00 larda ish tugaydi. O‘rtacha 16—17 soat ish.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
— Siz Kirill Altman (Alter Ego boshlovchisi)ga bergan intervyuingizda to‘rt oy mobaynida faqat bir marta oilangiz bilan kechqurun birga ovqatlanganingizni aytgansiz. Yaqinlaringizni kam ko‘rayotganingizga achinmaysizmi?
— Kecha kechqurun birga ovqatlandik. Hozir ularga sal ko‘proq vaqt ajratishga harakat qilyapman. Qattiq achinaman, biroq boshqa ilojim yo‘q. Shunga qaramay, rafiqam, farzandlarim meni juda qo‘llab-quvvatlashadi. Agar men kabinetda o‘tirsam va hech narsa qilmasam, bu vaqtni behuda o‘tkazganim uchun qattiq xafa bo‘lgan bo‘lardim.

— Shokolad fabrikasi [Crafers]ga sarmoya kiritish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
— Men unda shahar hokimi emas edim, menga yaxshi tanishim qo‘ng‘iroq qildi va qandolat-shokolad fabrikasiga sarmoya kiritishni tashkil qildi.

Men hayron bo‘ldim, unga: «Biznesim butunlay boshqa yo‘nalishda va men mahsulot yoki boshqa biror narsa bilan shug‘ullanishni rejalashtirayotganim yo‘q», deb aytdim. Biz uzoq gaplashdik va u meni bu sohaga investitsiya kiritish masalasini o‘ylab ko‘rishga ko‘ndirdi. Bu mening Akfa Group’dagi murakkab, oxirgi loyiham edi.

— Nega Amilov Crafers’ga o‘zgartirildi?
— Egasi nomi shov-shuv bo‘lishini istamadi. Shunchaki ommalashishdan cho‘chidi, bu normal holat. U mashhurlikka ancha tobi yo‘q odam, brendni o‘z nomi bilan bog‘lanishini xohlamadi.

— Biznesdagi oxirgi qarorni qabul qilish baribir sizda qolgan, shundaymi?
— Yo‘q, bo‘lmagan gap. Mening fikrim — ko‘p fikrlarning biridir. Barcha qarorlar kollegial qabul qilingan, boshqaruv kengashining har bir a’zosi ularning muhokamasi va qabul qilinishiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin edi.
***
Intervyuning katta qismini biz Jahongir Obidovich bilan birga shahar aylanib oldik. U bizga ish kunlari qanday yo‘lga qo‘yilgani, shahar hokimini Toshkentni aylanganda nimalar tashvishlantirishi haqida so‘zladi.

Tashkent City’ga eng oxirida kelamiz. Bu yerda, MDHda o‘xshashi yo‘q noyob musiqiy favvora yonida turib, u bizga ushbu loyihaga hech kim ishonmagani haqida hikoya qiladi.

Qurib bitkazilgan Hilton mehmonxonasi, Tyusso xonim muzeyi, ko‘p qavatli yangi binolar qurilishlari, ulkan parkni ko‘rib, men shaharning bu qismini zo‘rg‘a taniyman va o‘zimizning Toshkentda turganimga ishongim kelmaydi.
***
— Intervyuingizda siz Tashkent City’ga mablag‘ kiritishni taklif qilgan deyarli barcha investorlar buni rad etganlarini aytgansiz. Nega?
— Ular bu loyiha amalga oshishiga ishonmadi.

— Ularni ishontira olmadingizmi?
— Bu o‘tish davri edi, hali konvertatsiya ochilmagandi, bundan keyin islohotlar qanday davom etishi mavhum edi. Ularning aksariyati qurilishni boshlaganimizdan keyin O‘zbekistonda bo‘lishdi, hozir hayron qolishyapti.

— Har bir yangi rad etishdan qanday xulosa chiqardingiz?
— Menga ular telbadek tuyuldi. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, muzokaralardan ko‘nglim aynidi. Kuniga 20—30 besamar uchrashuvlar bo‘lardi. Rad etish ortidan rad etish, loyihaga o‘zimning ham ishonchimni yo‘qotmaslik oson emasdi. Biroq men negadir ko‘r-ko‘rona u amalga oshishiga ishondim.

Xohlaysanmi, borib ko‘ramiz? U yerda binolardan tashqari chiroyli park, noyob favvora, yana ko‘plab boshqa ajoyib maskanlar bo‘ladi.
Xulosa faqat bitta — qulay shart-sharoitlarni kutmasdan ishga kirishish lozim.

Hozir ko‘pchilik biz agar yana Tashkent City lotlarini taklif qilsak, muzokaralarda ular o‘zlarini boshqacha tutishlariga ishonaman.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
— Siz shahar ma’muriyati boshqaruviga biznes-mexanizmlarni joriy etishingiz haqida gapirdingiz. Eng qiyini nima? Bu holatda xalq kim — hamisha haq bo‘ladigan mijozmi yoki sizni aktivlarni boshqarish uchun yollagan minoritar aksiyador?
— Mijoz emasligi aniq. Bu shahar odamlarniki, ular barcha jarayonlarning bevosita qatnashchisi. Aksiyadorlar? Bo‘lishi mumkin, biroq ular biznesda CEO’ni yollaydilar va agar o‘z dividendlarini olib turishsa, uning ishiga aralashmaydilar.

Men uchun bu juda to‘g‘ri qaror bo‘lardi, biroq joriy voqelikda bunday emas. Ular meni saylaganlari yo‘q, biroq shaharliklar keyinroq bonuslarini olishlariga ishonaman.

Agar bu qiyoslashni davom ettirsak, hozir men shahar resurslarini rejalashtirishga, keyinroq bu rejalarni amalga oshirishga biznes-yondashuvni joriy etishni rejalashtiryapman.

Shahar pul ishlashi kerak. Poytaxtga og‘ir sanoat inshootlari kerak emas, bizga ko‘proq xizmatlar kerak, Toshkent servis sektorini rivojlantirishi zarur. Umumiy ovqatlanish, biznes-markazlar, go‘zallik salonlari, magazinlar, xizmat ko‘rsatish sohalarining turli yo‘nalishlari.

— Ya’ni qanday?
— 1 million so‘mlik rejalashtirib, cho‘ntagingga faqat ming so‘m tushsa — bu yomon. Hozir men tizimni shunday tuzyapmanki, shahar qisman o‘z xarajatlarini qoplasin. U faqatgina soliq to‘lovchilar pullariga yashay olmaydi — bu mohiyatan noto‘g‘ri yondashuv. Hokimlik pul topishi mumkin va pul topishi lozim.

Misol keltiraman. Ko‘ryapsanmi, shaharda hozir har oyda, har haftada turli tadbirlar o‘tkazilyapti. Kelasi yili shahar bu iventlardan reklama va ishtirokchilar uchun joylar hisobidan 250 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ oladi. Shu bilan birga shaharliklar uchun bu tadbirlarning barchasi bepul bo‘lib qoladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
— Hokim bo‘lib ishlash — mashaqqatli va ayni paytda, ta’bir joiz bo‘lsa, qadrsiz ish. Siz yaxshi bilasiz, shahar uchun ham, undagi o‘zgarishlar uchun ham hech kim rahmat demaydi. Buning ustiga ko‘p narsa katta mashaqqat, ba’zan dahshatli hodisalar evaziga amalga oshiriladi. Biznesdan chiqish va shahar boshlig‘i bo‘lish — har qalay siz uchun nima, muvaffaqiyatsizlikmi yoki omad?
— Buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha muhokama qilishga erta. Biroq, agar biznesdagi xatolarim, tajribam bo‘lmaganda bu yerda bo‘lmagan bo‘lardim.

Vaqtim tugayapti, shahardagi tadbirni ko‘rishga borishim kerak (suhbat Mustaqillik kunining 28 yilligi bayrami kunlari bo‘lib o‘tdi — Spot). Men bir necha ob’ektlarga borishim lozim, ular mening o‘zimga ham juda yoqadi, kel, suhbatni u yerda davom ettiramiz.

— Yaxshi.
***
Yo‘lga chiqishdan avval men Jahongir Obidovichdan ishdagi eng yaxshi ko‘rgan joyi haqida so‘radim. U menga shu vaqtgacha ko‘rgan «muzokaralar stollari» orasidagi eng g‘ayritabiiysi — mo‘’jazgina oshxonani ko‘rsatdi. U kabinetiga qaraganda bu yerda ko‘proq bo‘ladi. Bu yerda uning bevosita qo‘l ostida ishlovchilar bilan tezkor uchrashuvlar o‘tadi. Shu yerda hokim navbatdagi bir finjon achchiq qahvani ichadi.
***
—Biz yo‘lda ketayotganda, bo‘sh vaqtlaringizda nima bilan shug‘ullanishingiz haqida so‘zlab bering?
Agar bo‘sh vaqt topsam kitob o‘qiyman, uxlayman, davolanaman.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
— Agar bo‘sh vaqtingiz bo‘lsa, nima qilgan bo‘lardingiz?
— Pianino chalgan bo‘lardim. Ko‘pdan beri pianino yoniga kelmadim, u juda yaxshi tinchlantiradi odamni.

— Jahongir Obidovich, biz hozir Anhor yaqinidagi park bo‘ylab ketyapmiz. Bu yerdagi «snos»lar bilan bog‘liq voqeani eslayman. Siz «snos»larga qanday munosabatda ekaningiz haqida so‘zlab bering, odamlarni uylaridan ko‘chirishingiz, ularning muammolarini hal qilish zarurligini tushunish va tunlari xotirjam uxlash… bu nima?
— Men hozir boshqa misolni eslayapman. Sebzor yaqinidagi uylarning buzilishini. Menga bir kecha-kunduz vaqt berishdi. Men shaxsan bordim. Hali-hanuz tunlari o‘sha dahshatlar tushimga kiradi.

Sen uy oldida turasan, chekasan va hozir bu odamlarga ularning uyi buzilishini aytishing kerakligini bilasan. Buning ustiga bu so‘zlar iltimos ma’nosida aytilmaydi.

Bunday majburiyatdan meni baxtli deb o‘ylaysanmi? Bu butun faoliyatim davomidagi eng og‘ir lahzalar bo‘lsa kerak (pauza).
***
Biz uzoq vaqt jim qolamiz. Jahongir Obidovich ko‘p chekadi. Va ayni shu yerdan Qoraqamishdagi sohil bo‘ylarini ko‘rish uchun borishni taklif qildi, bu joylar qachonlardir jinoyatchilikda yetakchi edi, endi esa har oqshom sayr qilib yurgan aholini ko‘rasiz. Bu sohilbo‘yini qurganlarida shaharga odamlardagi qo‘rquvlarni bartaraf etish uchun ko‘p vaqt va kuch-g‘ayrat sarflashga to‘g‘ri keldi.
***
O‘sha tunda men umuman uxlaganim yo‘q (pauza). Odamlarga noqulaylik, tashvish va og‘riq keltiruvchi har bir «snos» — mening og‘rig‘im, bu bilan hisoblashmay bo‘lmaydi. Birinchi marta, garchi men shahardagi eng ko‘ngli bo‘sh odam bo‘lmasam ham, tomog‘imda nimadir tiqilib turardi.

Men uchun ishdagi ikkinchi ana shunday hissiyotli lahza qachon bo‘lganini bilasanmi? Men bu odamlarga ularning yangi uylari kalitlarini topshirish uchun kelganimda. Buni sen yozolmasang kerak, biroq uylar shahar pullari hisobidan emas, balki xususiy mablag‘lar, shu jumladan, Akfa Group’ning yangi egalari va rahbarlari qaroriga ko‘ra kompaniyaning pullari hisobidan sotib olindi.

Bu piar uchun aytilgan so‘zlar emas. Men haqiqatan quruvchilar, biznesmenlar, developerlar xato qilgan va odamlarga munosib tovon puli bermagan har bir holatni o‘z muvaffaqiyatsizligim debgina bilmayman, shaxsan aralashishga, buning uchun javobgarlikni zimmamga olishga harakat qilaman.
***
Biz park bo‘ylab borarkanmiz, hokim bilan ko‘p suratga tushishadi, ko‘pincha bizga o‘tishga ham qo‘yishmaydi.
***
— Siz tanqidni o‘zingizga og‘ir olasiz.
— Yo‘q, juda ijobiy yondashaman. Muhimi, tanqid ish bo‘yicha bo‘lishi kerak, biroq men xalq meni yomon ko‘radi yoki men ularda faqat negativ uyg‘otaman, deb o‘ylamayman. Agar meni xalq yomon ko‘rsa, hozir sen bilan shahar markazida xotirjam suhbatlashib keta olarmidim?

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
— Biznesda ayollarga qanday munosabatdasiz?
— Sen audiyozuv haqida so‘ramoqchimisan? Ayollarga munosabatim yaxshi, kompaniyamda har doim ishtiyoqmand, faol va juda chiroyli ayollar ishlagan. Men ularning lavozimlari o‘sishiga hech narsa xalal bermasligini shaxsan o‘zim nazorat qilib borardim.

O‘sha vaziyatda, birinchidan, yozuvni kesib olishgan. Ikkinchidan menga ayol kishi o‘zini erkaklar kabi tutishi yoqmaydi. O‘shanda ayni shuning uchun o‘zimni tutolmadim. Bunday qilish kerak emas, ayollarni ehtiyotlash, e’zozlash, baxtli qilish lozim.

O‘sha kuni shunday bo‘lganiga hozir ham juda afsusdaman va men hozir rasman bayonot beraman — menda ularga nisbatan hech qanday yomon munosabat yo‘q. Ayollarni juda hurmat qilaman, ayniqsa biznesdagi ayollarni.

— O‘z xatolaringizdan qanday asosiy saboq oldingiz?
— O‘zingga mos bo‘lmagan biznesga hech qachon kirma.

— Qaysi biznesga siz hech qachon kirmaysiz?
— Neftgaz sektori, oltin, paxta.

— Sizning xatolaringiz pulga chaqqanda millionlab dollarga tushgandir?
— Hech qachon sanamaganman. Ehtimol.

— Endigi savolni men bu turkumdagi intervyuni nihoyalayotganda hammaga beraman, u ko‘p takrorlangan, biroq muhim. Muvaffaqiyatsizliklar qimmatga tushadi, biroq…
— Muvaffaqiyatsizliklarda ham yaxshi pul topish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jahongir Ortiqxo‘jayevning ham O‘zbekistondan qochib ketgisi kelganmi?