20:44 / 16.09.2019
2 661

Anqara hokimi Toshkent ko‘chalaridan birini «Anqara» deb nomlashni taklif etdi

Anqara hokimi Toshkent ko‘chalaridan birini «Anqara» deb nomlashni taklif etdi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Anqara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Toshkent shahar hokimi oxirgi 3 yilda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi davr kuzatilayotganligini qayd etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi davomida 30dan ortiq loyihalarni amalga oshirish borasida 3,5 milliard dollar hajmidagi bitimlar imzolanganligi hamda hozirda qator sohalardagi aloqalarimiz rivojlanib borayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Anqara shahri hokimi Toshkent shahar hokimi va hokimlik vakillariga samimiy va do‘stona mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat va ikki shahar o‘rtasidagi munosabatlarning taraqqiy etishi o‘zaro manfaatli ekanligini aytib o‘tdi. Savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari kengayib borayotganliga e’tibor qaratib, hozirda O‘zbekistonda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritayotgani, o‘zaro savdo aylanmasi 2 mlrd. AQSh dollariga yetganligini aytib o‘tdi.

16 sentyabr Toshkent va Anqara munosabatlari tarixida unutilmas kun sifatida muhrlandi. Ikki shahar hokimlari qardoshlik, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni yanada yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat «Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida»gi memorandumni imzolashdi.

Toshkent shahar hokimi bu hujjat azaldan do‘st va hamfikr bo‘lgan ikki davlat, ikki shahar o‘rtasidagi aloqalar istiqbolida nihoyatda ahamiyatli ekanligini, iqtisodiyot, sanoat, shaharsozlik, san’at, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mansur Yavash ayni paytda Anqarada O‘zbekiston nomli 3 ta, Toshkent deb yuritiluvchi 12 ta, Samarqand nomli 8 ta va Buxoro deb ataluvchi 11 ta ko‘cha borligini aytib, o‘zaro do‘stlik va birodarlik timsoli sifatida Toshkentdagi ko‘chalarning birini Anqara deb nomlashni taklif etdi. Shuningdek, hamkorlikka oid boshqa takliflarni bildirdi.

Anqara shahar hokimi Mansur Yavvash boshchiligidagi delegatsiya a’zolari shahrimizning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, poytaxtimiz tarixi, taraqqiyoti va bugungi kuni bilan tanishishdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Anqara hokimi Toshkent ko‘chalaridan birini «Anqara» deb nomlashni taklif etdi