100 yil avvalgi qaror: «Kuyov-navkar 40 kishidan oshmasin. Faqat surnay mumkin, karnay — yo‘q»

  • 17 sentyabr 2019, 10:40
  • 1 599
  • Jamiyat
  • 100 yil avvalgi qaror: «Kuyov-navkar 40 kishidan oshmasin. Faqat surnay mumkin, karnay — yo‘q»
    O‘zbekiston parlamenti — Oliy Majlis palatalarining 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishida mamlakatda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

    Qaror bilan 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan ayrim bilan cheklovlar nazarda tutilgan. Xususan, oilaviy tadbirkorlar 23:00 dan kechikib ketmasligi kerak; Kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda mashinalar soni uchtadan oshmasligi kerak; «Chorlari», «quda chaqirdi», «tog‘ora yuborish», «kelin navkari» kabi rasm-rusumlar taqiqlanadi.

    Parlament qabul qilgan qaror talablariga rioya etilishi ustidan ichki ishlar organlari nazorat o‘rnatishi kutilmoqda — talablarni buzgan shaxslar javobgarlikka tortiladi, deyilgan. Qiziq tomoni, O‘zbekistonda to‘y-marosimlarni tartibga solish, ayrim qo‘shimcha rasm-rusumlarni cheklash, taqiqlash choralari birinchi marta ko‘rilayotgani yo‘q.

    Bundan 102 yil avval o‘sha vaqtda jamiyat hayotiga yetarlicha kuchli ta’sir ko‘rsata olgan «Sho‘roi Islom» ijtimoiy-siyosiy tashkiloti tomonidan ham to‘y-marosimlardagi bid’atlarni yo‘qotish, isrofgarchiliklarga qarshi kurashish bo‘yicha qarornoma qabul qilingan edi.

    Oradan bir asrdan ko‘proq vaqt o‘tib nimalar o‘zgargani (va o‘zgarmagani) haqida «Sho‘roi Islom»ning qarornomasini o‘qib, xulosa qilish mumkin.

    «Sho‘royi islom» qarornomasi («Najot» gazetasining 1917 yil 27 aprel sonida e’lon qilingan)

    Muhtaram musulmonlar!

    Hozirg‘i qiymatchilik va oziqsizlik shul qadar qo‘rqinchiluq darajaga bordiki, ko‘p oilalar, faqir va bechoralar pulga ham ozuq topolmasdan, ko‘chaba-ko‘cha sargardon bo‘lib, necha kunlargacha och turmoqqa majburiyat ko‘rurlar. Hozirda davom etub turg‘on daxshatliq urush, bu yilg‘i suvsizliq va chogirdka balolari bu holni minba’d yana qo‘rqinchliroq darajag‘a olib boradirg‘ong‘a o‘xshab ko‘rinadur. Turkiston musulmonlarining s’ezdi mana shu holni e’tiborg‘a olinmak oramizda bo‘lub turg‘on ba’zi bid’at va isrofot ishlarini, chunonchi, to‘y, ma’raka, gap, bazm, yalochi, qozoqlar orasidagi uloq, poyga va janoza bo‘ladurg‘on isrofotni bilkulliya barham bermoqg‘a qaror berdi.

    «Sho‘royi islomiya»ning 12 aprelda voqe’ umumiy majlisida Toshkandning qozilari va ulamolari ham bu ishning aksarini shariatga xilof topdilar va o‘z oralarindan bir komissiya saylab, to‘y va ma’rakalarini shul komissiyalarg‘a topshurdilar.

    Birinchi. Janoza kuni imom va ulamolarg‘a yirtish va choponlar ulashmoq, qarindosh-urug‘larg‘a qora kiyimliklardek nimarsalar bermoq, yug‘uchi va otunlarg‘a ijroyi xizmatlaridan ziyoda har xil kiyimlar bermoq, otunlar kelib tovush chiqorib o‘qimoq, sadr qilmoq, xotunlarg‘a ulashiladig‘on yetti, gul, qovoq oshi, qor yog‘di, laylak keldi, qovun-tarvuz, yigirma, qirq, hayit, fotiha va yil oshidek xalqa osh beriladurg‘on isrofdir; qozoqlar orasidagi yil oshi, poygalar va ahli kasabalar tarafidan arvoh, pari ismi bilan beralidurg‘on osh va ziyofatlarni yo‘q qilindi va bular badalig‘a janoza kuni davlatlik kishilar ulamo-imomlarg‘a pul berish, xayrot qilmoqlari ham yuqorida mazkur ma’raka kunlarida mahalladan uch-to‘rt kishi chaqirib, xatmi Qur’on qildirmoqlari mumkindir.

    Ikkinchi. Qiz to‘ylarida sovchigarchilik, patir, kichik to‘y, qozon qaytarish, katta to‘y, bazm va kecha isroflari va yuz ko‘rar, hayitlarda mol yoyib, kelin ko‘rmoq, qiz oshi bermoq va nikoh kunlarida yalochilar o‘ynamoq, yor-yor aytmoq, xotunlarning har birig‘a alohida non va oshlar tortmoq, «to‘qqiz-to‘qqiz», sandug‘larda churib ketadurg‘on gulko‘rpa, falak, ko‘rpalardek foydasiz mollar, ko‘chalardin miyoncha ko‘tarib yoki aroba va tuyalarga g‘alla va boshqa xil narsalar ortib to‘y yubormoq, qozoqlardagi qalin olmoq va shunga o‘xshash isrofot va bid’atlar bilkulliya mamnu’dir.
    Bunlar o‘rnig‘a kelin va kuyov taraflari kiyim va zaruriyat uy asboblari to‘g‘risinda pul ila bitishsunlar, ham nikoh kuni kuyov o‘zi oshnalari va mahalla kishilari birlan bekarnay, faqat surnay bilan borub, nikoh qilurlar va kelin taraf o‘z qarindoshlari birlan kelinni olib borurlar. Faqat kuyov ila boradurg‘on kishilarning yigirma- qirq kishidan oshmasligi lozimdur. Chorlari ham martaba kuni bo‘lib, kuyov ila birga boradurg‘on kishilardin kelin ila boradurg‘on xotunlar ham o‘n kishidan ortuq bo‘lmasun. Chorlari faqat taom yemoq uchungina bo‘lib, tugib olib ketmoqlari va yana beshik to‘yi, chillagarizonlar butunlay yo‘qolib bitsunlar.

    Uchinchi. O‘g‘il to‘yida atrofdagi mahallalardan odamlar chaqirub, osh bermoq, uloq bermoq, xotun oshi bermoq, xatna qilinadurg‘on bolalarga nasha va ham ko‘chaba-ko‘cha sargardon qilib, oqcha yig‘moq va shunlarg‘a o‘xshag‘on isroflar bilkulliya mamnu’dir. Faqat davlatlik kishilar ulamo va imomlarni chaqirub, kichikroq bir mavlud majlisi yasab va faqir kishilar mahalladan uch-to‘rt kishinigiga chaqirub, o‘g‘illarini xatna qildirurlar.

    «Sho‘royi islomiya» davlatlik kishilardin iltimos qiladurki, mavlud majlisini ham ko‘b katta yubormasdan, mumkin qadar qasdi rioya qilsalar (tejab sarf qilsalar) ham to‘yda… pul va g‘alla sarfi mahallaridag‘i och va yalang‘och, beva-bechoralarg‘a, maktab va madrasa va «Jamiyati xayriya»larg‘a bersalar.

    Ushbu tartibg‘a muxolifat qilg‘on kishilarning ma’raka va to‘ylari to‘xtamli va aybnoma (protokol) yozub, qozilarg‘a topshurmoq va shahar boshluqlarig‘a havola qilinadi. Bunday kishilarg‘a ittifoqi musliminni bu kim omilini va shar’an harom bo‘lg‘on isrofgarchilig‘ini belgi uchun muhtaram qozilar shariatg‘a muvofiq qattig‘ jazog‘a mustahiq qiladurlar. Muhtaram mahalla imomlari va mahalla komitetlaridan iltimos qiladurki, ushbu e’lonnomani xalqqa tushuntirib, xalqni ushbu tartibdan chiqmasligiga targ‘ib va tashviq qilsalar edi. Chunki janobi Haq ta’oliy isrof qilg‘uvchilarni suymas.

    «Sho‘royi islom» raisi muovini: Munavvarqori

    Komissiyalar: Mullo Said Ahrorxon mahzum, Mullo Murodxo‘ja eshon, Mullo Abdusa’me’ qori.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » 100 yil avvalgi qaror: «Kuyov-navkar 40 kishidan oshmasin. Faqat surnay mumkin, karnay — yo‘q»