10:13 / 19.09.2019
3 005

Botir Parpiyev: «Ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatish» degan jumla faqat qog‘ozda qolib ketyapti

Botir Parpiyev: «Ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatish» degan jumla faqat qog‘ozda qolib ketyapti
Foto: Respublika mahallalar kengashi
Avval xabar berganimizdek, Sirdaryo tumanida Respublika mahallalar kengashi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va «Nuroniy» jamg‘armasi bilan hamkorlikda «Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda keksa avlod vakillarining o‘rni» mavzusida seminar o‘tkazildi.

Tadbirda qayd etilishicha, viloyatda mahallalarning moddiy-texnika ta’minoti bilan bog‘liq kamchiliklar talaygina. Ma’lum bo‘lishicha, Sirdaryo viloyatidagi 222 ta mahalladan 177 tasining xizmat binosi o‘z balansida emas, shundan 43 ta mahalla 1 xonali, 72 ta mahalla 2 xonali binoda faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, 66 ta mahalla ta’lim va tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan.

2019 yil davomida 62 ta mahallani ta’mirlash, 24 tasini rekonstruksiya qilish, 30 tasini yangidan qurish belgilangan, ammo to‘qqiz oy ichida hech qanday ish qilinmagan.

26 ta mahalla yangi mebel jihoziga muhtoj. Viloyat bo‘yicha bor-yo‘g‘i 43 ta mahalla xizmat telefoni hamda 37 tasi elektron axborot almashuv tarmog‘iga ulangan. 178 ta mahallada esa xizmat telefoni ham, internet tarmog‘i ham mavjud emas.

Sayxunobod tumanidagi «Ittifoq», «Nurobod», «Nurli yo‘l» mahallalarining xizmat binolari tuman hokimining qarori bilan tadbirkorlarga berib yuborilgan. Mirzaobod tumani «Yo‘ldoshobod» va «Bog‘iston» fuqarolar yig‘ini xizmat binosi esa tuman hokimining qarori bilan «Bekklaster» kompaniyasiga berilgan.

Eng achinarlisi, 2018 yilning 1 dekabriga qadar qurib bitkazilishi kerak bo‘lgan 11 ta «Mahalla markazi»dan faqat 2 tasi Oqoltin va Sardoba tumanlarida qurilgan.

Shuningdek, viloyatdagi o‘z xizmat binosiga ega bo‘lmagan jami 10 ta fuqarolar yig‘ini mutlaqo nomunosib sharoitda ishlayapti. Jumladan, Boyovut tumani «Qarobchi», Guliston tumani «Yulduz», Mirzaobod tumani «Yo‘ldoshobod», Oqoltin tumani «Yangi hayot», Sardoba tumani «Zomin», Sayxunobod tumani «Farovon», Sirdaryo tumani «Kamolot», Xovos tumani «Qayirma», Shirin shahar Mirzo Ulug‘bek, Yangiyer shahar «Navro‘zobod» MFYlar fuqarolarning uyida va boshqa bo‘sh binolarda faoliyat yuritmoqda.

Haqli savol tug‘iladi — bunday noqulay ish sharoitida faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolar yig‘inlaridan qanday yaxshi natija kutish mumkin?

Respublika Mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari Botir Parpiyev tomonidan mahallalarda tashkilotlararo hamkorlikning bugungi kun talablariga javob bermasligi e’tirof etilib, aholi muammolari bilan ishlash borasida qator kamchiliklar sanab o‘tildi:

— Ayrim mahallalarda fuqarolar yig‘ini hamda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Buning natijasida aniqlangan muammolar tegishli mutasaddilarga vaqtida taqdim etilmayapti, ularning bartaraf etilishini hech kim nazorat qilmayapti. «Ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatish» degan jumla faqat qog‘ozda qolib ketyapti. Natijada aholida mahallaga hamda tegishli mutasaddilarga nisbatan norozi munosabat yuzaga kelmoqda.

Ma’ruzachi ta’kidlaganidek, «oilaga kirib, muammoni aniqladik degani, bu xalqning dardi bilan yashayapman degani emas. Odamlar uchun natija muhim, natijaga erisha olmayapsizmi, demak, siz vazifangizni uddalay olmayapsiz. Oilalarga kirildimi, ularning muammosi bilan qiziqildimi, qanday muammo bo‘lishidan qat’iy nazar, albatta bartaraf etilishi kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Botir Parpiyev: «Ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatish» degan jumla faqat qog‘ozda qolib ketyapti