11:34 / 20.09.2019
4 053

To‘y azaga, ma’raka tantanaga aylanmasin

To‘y azaga, ma’raka tantanaga aylanmasin
Barchaning xabari bor, shu yil 14 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining Qo‘shma majlisida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish masalalari muhokama qilinib, yakdil fikrga kelindi.

Oliy Majlis palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, endilikda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi. Soat 23:00 dan keyin to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni davom ettirishga ruxsat etilmaydi.

Shuningdek, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi ishtirok etishi mumkin.

Dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno. Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oilaviy tadbirlarning dabdabasiz, kamxarj va ixcham, shuningdek, Nizom talablariga muvofiq o‘tkazilishi uchun birinchi navbatda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari shaxsan mas’ul etib belgilandi.

To‘y-tantana, ma’raka va marosimlar ham qadriyatlarimizning bir qirrasi sifatida xizmat qilar ekan, ularni har tomonlama chiroyli, ixcham, isrofgarchiliksiz, dabdabadan xoli tarzda o‘tkazishimiz kerak. Bunda har birimiz ibratli targ‘ibotchi, mas’ul jonkuyar, kerak bo‘lsa, qat’iyatli nazoratchi vazifasini o‘tamog‘imiz shart. Toki ortiqcha odatlar, avj olayotgan as’asalar, kimo‘zar dabdabalar tufayli to‘y azaga, ma’raka tantanaga aylanmasin.

Muharram DADAXO‘JAYeVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » To‘y azaga, ma’raka tantanaga aylanmasin