13:45 / 21.09.2019
4 512

Qurilish sohasida 2020 yil 1 yanvardan yangicha tartib o‘rnatiladi

Qurilish sohasida 2020 yil 1 yanvardan yangicha tartib o‘rnatiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qurilish-pudrat tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

- markazlashgan manbalar va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlarning hamda qo‘p qavatli uy-joylarning qurilish-montaj ishlarini bajarish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalash tizimini joriy etish;

- markazlashgan manbalar va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlarning qurilish-montaj ishlarini bajarish bo‘yicha tender savdolarida faqatgina qurilish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari ishtirok etishiga ruxsat berish;

- O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tasarrufidagi 14 ta ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida qurilish-pudrat tashkilotlari bilan shartnoma asosida ularning mutaxassis-quruvchilari va ishchilarini qayta tayyorlash va kasbga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini, jumladan, sayyor o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ishtirokchilarga muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga ega bo‘lganligi to‘g‘risida II-daraja (razryad)li va undan yuqori darajali sertifikatlarini berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanishi mumkin.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) qurilish-pudrat tashkilotlari quyidagi talablarga javob beradigan va ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan taqdirdagina, ularga litsenziya beriladi:

- qurilish tashkilotlarining qurilish-pudrat ishlarining turi va yo‘nalishi bo‘yicha ixtisoslashganligi, qurilish-montaj ishlarining tarkibi va xususiyatiga muvofiq mutaxassislik diplomi va malaka sertifikatiga ega bo‘lgan doimiy mutaxassis-quruvchilari va ishchilari bilan ta’minlanganligi;

- qurilish tashkilotlarining ixtisosligi va tashkiliy tuzilmasiga muvofiq asosiy ishlab chiqarish fondlari, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar asosida tegishli bo‘lgan ishlab chiqarish bazasi, qurilish texnikasi, mashina va mexanizmlari, shuningdek kichik mexanizatsiya vositalari mavjudligi;

- O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2014 yil 3 martdagi “Qurilish tashkilotlarini yanada rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2137 sonli qarori bilan ma’qullangan namunaviy tuzilmalarning joriy etilganligi;

- tashkilotning auditorlik xulosasi bilan tasdiqlangan moliyaviy-iqtisodiy holati, shuningdek aylanma mablag‘lar bilan ta’minlanganligi.

b) markazlashgan manbalar va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlarning qurilish-montaj ishlarini bajarish bo‘yicha tender savdolarida qurilish-pudrat tashkilotlarining ilovaga muvofiq ob’ektlarning murakkablik toifalari klassifikatori va smeta qiymati ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda ishtirok etishiga ruxsat beriladi.

“Qurilishmashlizing” AJning ustav kapitallaridagi davlat ulushlari O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga beriladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) yuklatilgan asosiy vazifalarni bajarish va faoliyat yo‘nalishlarini amalga oshirish borasida “Qurilishmashlizing” AJning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi;

b) “Qurilishmashlizing” AJning ustav kapitalida ulushi mavjud bo‘lgan tijorat banklari tomonidan “Qurilishmashlizing” AJga litsenziyaga ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlariga qurilish texnikalari, mashina-mexanizmlari, kichik mexanizatsiya vositalari va maxsus transportlarni lizing asosida yetkazib berish uchun imtiyozli shartlarda:

- mahalliy valyutada kreditlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasi miqdoridan yuqori bo‘lmagan stavkalarda bir yillik imtiyozli davr bilan beriladi;
- xorijiy valyutadagi kreditlar xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kredit liniyalari hisobidan beriladi.

Litsenziyaga ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari, “Qurilishmashlizing” AJ tarkibidagi tashkilotlar 2022 yil 31 dekabrga qadar:

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan import qilinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, kichik mexanizatsiya vositalari, texnologik uskunalar, shuningdek asbob-anjomlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlarini (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan;

xorijiy davlatlarda qurilish-pudrat ishlarini amalga oshirish hisobiga olgan daromadlari uchun yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qurilish sohasida 2020 yil 1 yanvardan yangicha tartib o‘rnatiladi