22:26 / 21.09.2019
4 018

Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish ularning qimmatlashishiga sabab bo‘ladi

Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish ularning qimmatlashishiga sabab bo‘ladi
20 sentyabr kuni poytaxtimizdagi «Taraqqiyot strategiyasi» markazida Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish maqsadida «Qonunchilikdagi yangiliklar» matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori to‘g‘risida ham soha vakillari tomonidan ma’lumot berildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Mashanpin jurnalistlarning mazkur tartibga oid savollariga atroflicha javob qaytardi.

— Ushbu tizimni yo‘lga qo‘yishdan maqsad nima? Mobil qurilma foydalanuvchilariga qanchalik ahamiyati bor?
— Mazkur yangi tartib to‘liq yo‘lga qo‘yilgach, fuqarolar uchun qator afzalliklar tug‘iladi. Avvalo, mamlakat hududiga noqonuniy tarzda kirib kelayotgan mobil aloqa vositalari savdosiga chek qo‘yiladi. Ikkinchidan, foydalanuvchilarning shaxsiy telefonini yo‘qotish yoki o‘g‘irlatish holatlari ancha kamayib, kelgusida o‘g‘irlangan aloqa vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish hamda fosh qilish birmuncha osonlashadi.

IIV bergan ma’lumotga asosan, oxirgi uch yil davomida sodir etilgan qonunbuzarlik yohud o‘g‘irlik holatining har uchinchisida mobil telefonning yo‘qotilishi yoki uni zarar ko‘rishi bilan bog‘liq faktlar mavjud.

Uchinchidan, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalarni noqonuniy yo‘l bilan kirib kelishi bartaraf etilsa, foydalanuvchilar salomatligiga zarar yetish va aloqa xizmatlarining sifati tushishi kabi muammolar kuzatilmaydi.

To‘rtinchidan, xaridorlar uchun aloqa vositasini sotib olish paytida uning maqomini tekshirishga, mahsulot sifati kafolatliligini bilib olishga imkon yaratiladi. Beshinchidan, kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalarining noqonuniy savdosini cheklash hisobiga O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhiti rivojlanadi.

— Ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni necha bosqichda amalga oshiriladi?
— Mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni uch bosqichda o‘tkaziladi:
Ilk bosqich — shu yilning 1 aprelidan boshlangan va bu 1 noyabrga qadar davom etadi. Unda barcha mobil aloqa terminallari avtomatik tarzda bepul, foydalanuvchilarning ishtirokisiz, faqatgina aloqa operatorlari tomonidan UZIMEI bazasiga o‘tkazilmoqda.

Ikkinchi bosqich — bir oy davom etadi, ya’ni 1 noyabrdan 1 dekabrgacha. Bu muddat ichida jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalar ham mobil qurilmalarni bepul ro‘yxatdan o‘tkazishadi. Bu jarayon pochta aloqa bo‘limlari, SMS va USSD so‘rovlar, UZIMEI tizimi operatori va O‘zbekiston Respublikasining yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi.

Uchinchi bosqich — 1 dekabrdan boshlanadi va pulli asosda ro‘yxatga olinadi.

— IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qancha miqdorda haq to‘lanadi?
— Pul qiymati qarorda belgilanganidek, import qiluvchilar uchun BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 20 foizi, ishlab chiqaruvchilarga 10 foizi, jismoniy shaxslar uchun esa 30 kun davomida murojaat qilsa 20 foizi, bir oydan oshib ketsa 25 foizi miqdoridadir. Turistlar, vaqtinchalik O‘zbekistonga tashrif buyurganlar uchun esa 30 kun mobaynida bepul, undan oshsa 20 foizli to‘lov talab etiladi.

— Shu kungacha qancha qurilma ro‘yxatga olindi?
— Bugungi kunga qadar 29 milliondan ziyod qurilmalarga IMEI kodlari avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 500 mingtasi xalqaro standartlarga javob bermaydigan IMEI kodlaridir. Bunday sifatsiz telefonlarni 1 noyabrga qadar ishlatib, avtomatik tarzda registratsiya qilib olish mumkin. 1 noyabrdan so‘ng ular ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi va bu qurilmalardan telefon sifatida foydalanish imkoni bo‘lmaydi.

— O‘zbekistonga o‘tgan sakkiz oy davomida qancha mobil qurilma olib kiriladi?
— Davlat statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonga 115 mingta mobil telefonlar qonuniy yo‘l bilan olib kirilgan. Vaholanki, respublikamizda 22 milliondan ortiq mobil aloqa foydalanuvchilari mavjud.

O‘rganishlar natijasida dunyodagi barcha mobil aloqa foydalanuvchilarining 15 foizi har yili o‘z uskunalarini almashtirishi aniqlandi. Bu degani O‘zbekistonda 22 million foydalanuvchi bo‘lsa, kamida 3 million qurilma har yili yangilanishi kerak edi. Ammo Respublika hududida qonuniy yo‘l orqali olib kirilgan mobil telefonlar bor yo‘g‘i 115 mingtani tashkil qilmoqda. Raqamlar aytib turibdiki, yurtimizga noqonuniy yo‘l bilan mobil uskunalarni olib kirish ulushi juda yuqori.

— O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar va sayyohlar ham yurtimiz hududi o‘z telefon qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari shartmi?
— 30 kun muddatgacha bemalol foydalanishlari mumkin. Bir oydan ko‘proq yashashsa, BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 20 foizi miqdorida pul to‘lab, ro‘yxatdan o‘tkazishadi. O‘zbek fuqarosi bo‘lmaganlar xorij sim kartasidan foydalanganda registratsiya qilishi shart emas. Mahalliy operator sim kartasini 30 kundan ortiq muddatda foydalansa, registratsiya qilishi lozim.

— O‘g‘irlangan yoki yo‘qotilgan, «qora ro‘yxat»ga tushgan telefonni xarid qilsa, ishlatsa nima bo‘ladi?
— Telefonga sim karta qo‘yganidan keyin aloqa operatori tomonidan bu telefon o‘g‘irlangan yoki yo‘qotilganlar ro‘yxatida ekani, qurilmani ichki ishlar bo‘limiga topshirish kerakligi haqida SMS xabar keladi.

— O‘zbekistonda «qora ro‘yxat»ga kiritilgan telefonni boshqa davlatlarda foydalansa bo‘ladimi?
— O‘zbekistonda «qora ro‘yxat»ga kiritilgan qurilmalar GSMA xalqaro tashkiloti bazasiga kiritiladi. GSMAga a’zo bo‘lgan 40 dan ortiq davlatda bu telefon ishlamaydi. Boshqa davlatda «qora ro‘yxat»ga tushgan qurilmalar ham O‘zbekistonda ishlamaydi.

— Qurilmaning IMEI kodi maqomini tekshirish pullimi?
— Bu bilan bog‘liq tizim operatoridan barcha SMS xabarlar va abonentlardan SMS/USSD so‘rovlar bepul asosda amalga oshiriladi. IMEI raqami ro‘yxatga olinganini uzimei.uz sayti yoki mobil operatoriga SMS/USSD so‘rovi yuborish orqali bilib olish mumkin. Avval ro‘yxatga olingan mobil qurilmalar qayta ro‘yxatga olinmaydi.

— Kompyuter, noutbuk va shunga o‘xshash qurilmalar ham pulli ravishda ro‘yxatdan o‘tkaziladimi?
— Yo‘q. 1 dekabrdan faqatgina telefon, smarfon va planshetlar pulli asosda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, xolos.

— Foydalanuvchilar ishlatilmagan mobil qurilmalarni ham ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yishi kerakmi?
— Albatta. Agar fuqarolar vaqtincha foydalanmayotgan qurilmalarini 1 noyabrgacha bir marta sim karta qo‘yib ishlatishsa, antenna ko‘rinishi bilan IMEI ma’lumotlari mobil operatori orqali UZIMEI bazasiga avtomatik ravishda kiritiladi.

— Agar telefonda ikki va undan ortiq sim karta sloti mavjud bo‘lsa, har biri alohida registratsiya qilinadimi?
— Ha, telefon qurilmalarida har bir slot uchun alohida IMEI raqami biriktiriladi. Agar ikkinchi yoki uchinchi slotdan ham foydalansangiz, uni ham ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Telefoningizda bitta sim karta bo‘lib, ikkinchisi bo‘sh turgan bo‘lsa, 1 noyabrgacha sim kartalar o‘rnini almashtirib, qurilmani yoqsangiz, ikkinchi slot ham avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tadi. Bu bajarilmasa, 1 dekabrdan so‘ng 2-slotdan foydalanish uchun pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

— Qurilma IMEI raqamining ro‘yxatga olinishi bilan foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari yig‘ilib, telefonlar kuzatilishi mumkinmi?
— O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari saqlanmaydi. Boshqa ma’lumotlar mobil operatorlari va huquq-tartibot organlarida saqlanadi. Ertaga birovning telefoni yo‘qolsa yoki o‘g‘irlansa, IIV tomonidan markazga ma’lum IMEI raqamini o‘chirish so‘rovi keladi. Bu IMEI raqami barcha mobil operatorlari bazasida bloklanadi.

— Mazkur tartib qo‘shni mamlakatlarda ham joriy qilinganmi?
— Qozog‘istonda shu yilning may oyidan boshlab yo‘lga qo‘yildi. Qirg‘izistonda harakatlar boshlangan, yil yakunigacha joriy etilishi rejalashtirilgan. Tojikiston va Turkmanistonda esa bu to‘g‘risida endi o‘rganish ishlari ketmoqda. Hozirgi paytda eng katta jarayon faqat bizda bo‘lyapti. Ushbu tartib Rossiya Federatsiyasida mavjud emasligi bois ular bizning tajribamiz va Nizomni o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga kelishmoqchi. Turkiya, Ozarboyjon kabi davlatlar tajribasini chuqur o‘rganib, ham fuqarolar, ham davlatga qulaylik yaratishga qaror qilganimiz qo‘shni mamlakat mutaxassislarida ham qiziqish uyg‘otmoqda.

— Tizim to‘liq amalga oshirilsa, O‘zbekistonda telefon qurilmalari narxiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
— Albatta, narxlar qimmatlashadi. Sababi bu holatda faqatgina qonuniy ravishda olib kirilgan qurilmalar ro‘yxatga olinadi. Bunda bojxona va soliq xarajatlari, shuningdek IMEI uchun to‘langan miqdor ham telefon narxiga qo‘shiladi. Keyinchalik sog‘lom raqobat muhiti shakllanib, eng katta telefon kompaniyalarining rasmiy vakolatxona va do‘konlari, xizmat markazlari ochilsa, narxlar tushishi mumkin.

Mirolim ISAJONOV yozib oldi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish ularning qimmatlashishiga sabab bo‘ladi