12:39 / 23.09.2019
4 724

Bekobodda toʻrt nafar egizaklar tugʻildi

Bekobodda toʻrt nafar egizaklar tugʻildi
Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi Joʻrayevlar xonadonida, bir yoʻla 4 nafar egizak farzand dunyoga keldi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, oʻtgan yili turmush qurgan Shoira Joʻrayeva Bekobod shahridagi farmatsevtika zavodida kichik xodim, Bekzod Joʻrayev esa Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida injener.

— Quvonchimni, hayajonimni hech qanday soʻz bilan izohlay olmayman, — deydi baxtiyor ona Shoira Joʻrayeva. — Dastavval 4 nafar egizak kutayotganimni eshitganimda ham xursand boʻldim, ham qoʻrqdim. Shifokorlardan minnatdorman. Men bilan yelkama-yelka turib, yaqin jigarlaridek gʻamxoʻrlik koʻrsatishdi. Farzandlarim eson-omon tugʻilishida yordam berishdi.

— Shoira Joʻrayeva homiladorlikning boshlanishidan turar joyidagi tibbiyot muassasasida nazoratga olingan, — deydi markazning homiladorlar patologiyasi boʻlimi boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza Hayitova. — Unda erta tugʻruq xavfi boʻlgani uchun avgust oyining oxirida Bekobod shahridan markazga oʻtkazildi. To tugʻruqqacha unga zamonaviy perenatal texnologiyalar boʻyicha barcha yordam koʻrsatildi.

Shifokorlarning tajribasi sabab erta tugʻruqning oldi olinib, tugʻruqni 34 haftaga olib borishga erishildi. Bolalarni sogʻ-salomat ona qoʻliga topshirish chora-tadbirlarini belgilash maqsadida odatdagidek markaz direktori, oʻrinbosari hamda barcha mutaxassislar ishtirokida tugʻruq rejasi tuzildi. Tugʻruq jarayoni uchun barcha zamonaviy apparatlar shay holatga keltirilib, 21-sentyabr kuni ayol jarrohlik amaliyotiga rejali ravishda olindi.

Tibbiyot tarixida kamdan-kam kuzatiladigan koʻp homilali operatsiyalarning asoratli ehtimoli juda kuchli boʻladi. Yaʼni, bu jarayonda bachadondan qon ketib, ayolning ahvoli ogʻirlashishi mumkin. Shu bois barcha zaruriy tayyorgarliklar koʻrildi. Har bir bolaga toʻliq tibbiy yordam koʻrsatish uchun alohida mutaxassislar va apparatlar tayyorlandi.

Shu tariqa akusher-ginekolog, neanotolog, reanimatolog, anesteziolog kabi mutaxassislardan tarkib topgan oʻn kishidan iborat malakali guruh operatsiyada ishtirok etdi. Tugʻruqning asoratsiz oʻtishi uchun jarrohlik amaliyoti soʻnggi perinatal texnologiyalar boʻyicha olib borildi. Salkam bir soat davom etgan jarayonda barcha xodimlar birdek jonbozlik koʻrsatdi. Operatsiya muvaffaqiyatli kechdi. Hozirda chaqaloqlarning uch nafari intensiv bolalar boʻlimida. Bir nafarining ahvoli eʼtibortalab boʻlgani uchun chaqaloqlar reanimatsiyasi boʻlimida kuzatuv va intensiv davolash jarayonida.

Onaning ahvoli ancha yaxshi. U operatsiya stolidayoq toʻrt nafar bolasi, yaʼni ikki nafar oʻgʻil va ikki nafar qizaloqni bagʻriga oldi. Bolalarni parvarishlashda bevosita oʻzi ishtirok etmoqda. Bu kunni orziqib kutgan oila aʼzolari ham xursand. Nafaqat ular, balki markaz shifokorlari ham goʻdaklarni ona qoʻliga topshirishda hissa qoʻshishganidan juda xursand. Darhaqiqat, mehnat samarasini koʻrganda har qanday mashaqqatlar unutiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bekobodda toʻrt nafar egizaklar tugʻildi