18:44 / 28.09.2019
2 679

AQSh hukumati xalq ta’limiga 50 million dollar ajratadi

AQSh hukumati xalq ta’limiga 50 million dollar ajratadi
Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati
Bugun, 28 sentyabr kuni, Xalq ta’limi vazirligi binosida O‘zbekiston va AQSh tomonlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi kelishuv imzolandi. Hujjatni xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, AQSh elchixonasining muvaqqat vakili Alan Melsar va USAID’ning Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi rahbari v.b. Juli Sausfildlar imzolashdi.

Unga ko‘ra, 50 million AQSh dollari 5 yil davomida O‘zbekiston xalq ta’limi tizimini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ushbu mablag‘ning qaysi maqsadlarda foydalanilishi va kelishuvning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

“Ushbu kelishuvdan asosiy maqsad boshlang‘ich va o‘rta ta’limni sifat bosqichiga olib chiqishdir. Bu yil ta’lim tizimiga 50 million AQSh dollarining 19.5 million dollarga teng bo‘lgan birinchi qismi ajratiladi. AQSh hukumati ta’lim sifatini oshirish, axborot texnologiyalari va ingliz tilini o‘rgatish yo‘nalishlarida bizga moliyaviy ko‘mak berishi ko‘zda tutilgan.

Shu paytgacha o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini ob’ektiv baholash vositalari bo‘lmagan. USAID agentligi yordami bilan boshlang‘ich sinflarda o‘qish va matematika (EGRA va EGMA) fanlari bo‘yicha tadqiqot olib boriladi. Bu orqali o‘quvchilar bilimini xalqaro darajada baholash indikatoriga ega bo‘lamiz. Ta’limning qaysi joyida bo‘shliqlar borligini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi. USAID agentligi bu loyihaga qo‘shimcha 1.5 million AQSh dollari ajratadi”.

Ta’lim vazirining qo‘shimcha qilishicha, mablag‘ning ma’lum miqdori ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga sarflanadi. Ushbu tashabbus vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan “English speaking nation” dasturi doirasida amalga oshiriladi. AQShlik hamkorlar bu loyihaga qo‘shimcha 5 mln. AQSh dollari taqdim etadi.

Shu bilan birga AQShlik mutaxassislar O‘zbekistonda axborot texnologiyalarini o‘qitish metodologiyasini o‘rganib, o‘z xulosalarini beradi va zamonaviy o‘qitish tizimini joriy qilishda amaliy yordam beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » AQSh hukumati xalq ta’limiga 50 million dollar ajratadi