13:35 / 30.09.2019
3 803

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati Shuhrat G‘aniyevning kecha tarqalgan audiosi bo‘yicha bayonot berdi

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati Shuhrat G‘aniyevning kecha tarqalgan audiosi bo‘yicha bayonot berdi
Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati Shuhrat G‘aniyevning kecha tarqalgan audiosi bo‘yicha bayonot berdi. Shuhrat G‘aniyev viloyatdagi ish joylarida namoz o‘qishga sharoit yaratiladigan holatlar aniqlansa, o‘sha korxona rahbariga jinoyat ishi ochilishini ma’lum qildi. U shuningdek, uning oldida kim bo‘lishidan qat’iy nazar ro‘mol o‘rab olgan ayolga ko‘zi tushsa uning ro‘molini o‘sha tuman hokimi og‘ziga tiqib qo‘yish bilan tahdid qilgan edi.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati bayonotida shunday deyiladi:
Shu kunlarda BBS va “Ozodlik” radiolari Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyevning ishchi yig‘ilishdagi so‘zlarini tarqatmoqda.
Viloyat hokimligi axborot xizmati shuni ma’lum qiladiki, ularda notiqning so‘zlaridan o‘zgacha ma’no izlab, buzib talqin qilish hollari ro‘y bermoqda.

O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham ulkan o‘zgarishlar va islohotlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari hamda viloyatning barcha tumanlari, chet qishloqlari yangicha qiyofa kasb etmoqda. Ko‘plab horijiy mamlakatlar kompaniya va tadbirkorlari viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritayotgan investitsiya hajmi kundan kunga ortib bormoqda. Mamlakat eksport hajmidagi Farg‘ona viloyati ulushi salkam 40 foizga yetib qoldi. O‘nlab ijtimoiy soha ob’ektlari qurib foydalanishga topshirildi. Oliy ta’lim o‘quv yurtlari esa beshtadan o‘ntaga yetdi. Bu kabi islohotlar tufayli erishilgan natijalar haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Lekin, eng muhimi, xalqimiz ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlayotganligidir.

Bunday jarayon o‘z o‘zidan ro‘y berayotgani yo‘q. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra din davlatdan ajratilgan. Davlat, davlat xizmatchilari din niqobidagi ayrim noqonuniy xatti harakatlarga befarq qarab turolmaydi. Shu yilning o‘zida bir guruh targ‘ibotchilarning “faoliyati” tufayli bir qancha fuqarolar Suriyaga yo‘l olayotgan chog‘i qaytarildi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, targ‘ibotchilar diniy axkomlarni pesh qilib, ularni dastlab soqol qo‘yishga undaganlar. Ahli ayollarini esa hijobga kirishga majburlaganlar. Ular Suriya janggohlaridan nimani ko‘zlagandi? Bu yerda yolg‘iz qolgan farzandlari kelgusida qaysi yo‘lni tanlar edi?

Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev navbatdagi yig‘ilishda asosiy mavzudan chekinib, aslida ma’nosiga yetmay turib beo‘xshov soqol qo‘yish, hijobga kirish, tashqi qiyofani o‘zgartirish muqaddas dinimizning haqiqiy talablarini aks ettirmasligidan kuyunib gapirganida ba’zi bir qo‘pol iboralarni ham ishlatgan. Ammo viloyat rahbari ozod va obod vatanimizning har bir fuqarosi shu aziz yurtga, uning milliy qadriyat hamda urf-odatlariga munosib tashqi qiyofa egasi bo‘lishi kerakligini nazarda tutgan. Afsuski, joylarda beo‘xshov soqol qo‘yuvchilar, milliy madaniyat va ma’naviyatimizga nomunosib shaklda o‘zga xalqlar urf odatiga amal qilib ro‘mol o‘raydigan va kiyinadiganlar uchrab turadi. Hokimning kuyukib gapirgan so‘zlari avvalo ularga qaratilgan.

Sh.G‘aniyevning bozorlarga noqonuniy yo‘llar bilan millatimizga mos bo‘lmagan diniy liboslarni keltirib sotayotgan tadbirkor va bozor rahbarlarga nisbatan talabchanlikni kuchaytirish, terroristik tashkilot sifatida faoliyati ta’qiqlangan diniy oqimlarni tanqid qilishi, Rishton “Baraka” bozorida ta’qiqlangan adabiyotlar savdosi bilan shug‘ullanayotganlarga qonuniy chora ko‘rishni talab qilgani, rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etadigan jurnalistlar, shahar, tumanlarda bo‘ladigan yig‘ilish qatnashchilari munosib kiyimda bo‘lishini, shuningdek, reklama bannerlaridagi odamlar suratlari milliy qadriyatlarimizga xos tashqi ko‘rinishda aks ettirilishi lozimligini eslatgani, shifoxonada davolanayotgan bemorlar ochiq, sochiq kiyimda yotganligini tanqid qilgani, farzandiga ism qo‘yishda dunyo xalqlarining la’natiga uchragan terroristlarning ismini emas, millatimizning buyuk vakillari nomi bilan atashni tavsiya etgani, ayniqsa, yoshlarning soch qo‘yishda ommaviy madaniyat ta’siriga berilmasligi hamda mamlakatimizda erkin diniy e’tiqod uchun yaratilgan sharoitlarni qadrlash va yana boshqa mavzulardagi mulohazalari avvalambor viloyatda ijtimoiy-ma’naviy muxit barqarorligini yanada mustahkamlashga qaratilgandir. Bu fikrlarga o‘zgacha yondoshuv va urg‘u berish, viloyat hokimining so‘zlaridan boshqacha ma’no izlash adolatdan emas.

Shuni ma’lum qilamizki, horijiy OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi bildirilgan fikr – mulohazalarni Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev, hokimlik mutasaddilari o‘rganib, tegishli xulosalar chiqardilar.
Bundan buyon muhokama qilinayotgan har qanday masala bo‘lmasin uning qonuniy mohiyatiga va muloqot madaniyatiga qat’iy rioya etiladi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati Shuhrat G‘aniyevning kecha tarqalgan audiosi bo‘yicha bayonot berdi