17:03 / 01.10.2019
4 450

Farg‘ona viloyati hokimi Konstitutsiyaning nechta moddasini buzgan?

Farg‘ona viloyati hokimi Konstitutsiyaning nechta moddasini buzgan?
Dinni va xalqni haqorat qilgan Shuhrat G‘aniyev prezident va senatorlardan kechirim so‘rab (tabiiyki, xalqdan emas!), osongina qutulib ketdi.

Uning da’vo qilishicha, u uchun birlamchi qadriyat manbai – Konstitutsiya. Binobarin, o‘sha mash’um nutqida konstitutsiya so‘zini o‘n martadan ziyod eslab, shulardan birida “Biz konstitutsion demokratik davlatmiz,” deya ta’kidlagan.

Yuridik institutda o‘qigan yillarimda 2 ta maktab va bir kollejda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman, 3 yil Konstitutsiyadan dars berganman. Sobiq Konstitutsiya muallimi o‘laroq hokimning nutqini tahlil qilsam.

Xo‘sh, uning ishlariga Konstitutsiya asosida baho bersak, ahvoli nima bo‘lar ekan? Marhamat:
"Hurmatli hokimlar, eshitib olinglar. Birontang majlis qilsang, man borsam o‘sha kiyimda o‘tirgan ayol kishini ko‘rsam, mahalla raisimi u, o‘qituvchimi u, jamoatchimi u, deputatmi u – o‘sha ro‘molini olib og‘zingga tiqib qo‘yaman", deydi Shuhrat G‘aniyev.

"Zamonaviy kiyimlarni reklama qilishga mo‘ljallangan reklama bannerlari va plakatlarda milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lmagan tashqi ko‘rinishda, soqol bilan, hijobda turli joylari yirtilgan yoki yamoq solingan”, deydi Shuhrat G‘aniyev.

Ushbu so‘zlari bilan hokim Konstitutsiyaning quyidagi moddalarini buzgan:

“18-modda. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”.

“31-modda. Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Hech kimga sir emaski, hijob muqaddas dinimiz belgilaridan, Islomning farzlaridandir. Bunday kiyinish tarzi rus bosqinchilari kirib kelgunigacha ming yil davomida xalqimizning nafaqat diniy balki milliy libosi bo‘lgan. Axir momolarimiz shu hokimning oldida yurgan opa-singillarimiz kiyganlaridek tizzadan ko‘ylak kiymagandirlar? Har bir Islom olimi Islom farzi ekanini aytib turgan hijob arab va turk libosi bo‘lsa, shu yubka va ko‘ylaklar o‘zbek libosimi? O‘rislardan kirib kelmaganmi bizga?

“26-modda. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”.

26 – moddada, birinchidan, ish sudda ko‘rilmaguncha kishi aybdor bo‘lmasligi aytilgan. Ikkinchidan, unda hech kim zo‘ravonlik va inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi qayd etilgan. Hokim esa sudsiz, qonunsiz, zo‘ravonlik va kamsitish bilan birovning ro‘molini boshqaning og‘ziga tiqib qo‘ymoqchi. Bu inson qadr-qimmatini kamsitish va zo‘ravonlik emasmi?

U Quva tumanida qo‘shma korxona ochgan turkiyalik sarmoyadorga soqolini olish haqida gapirganini aytgan:
"Men aytdim, yaxshi, qo‘shma korxona ochibsizlar, rahmat. Lekin bunaqa soqolni qo‘yib olmanglar. Chet ellik mehmon, lekin bu shu yerda faoliyat yuritib tirikchilik qiladigan bo‘lsa, O‘zbekiston qonunlariga bo‘ysunishga majbur bo‘ladi va soqolini olamiz biz. Turkiya respublikasi fuqarosini. Shunday dedimmi?" – deydi u Quva tumani hokimiga.

Agar o‘sha soqol turk madaniyati bo‘lsa, yoki uning dini bo‘lsa, hokim aytgandek, unda hokim bu so‘zlari bilan yuqoridagi 18-modda va 31-modda bilan birgalikda quyidagi moddani ham buzgan:

“4-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

Sababi, o‘sha tadbirkor O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmasa ham, O‘zbekistonda faoliyat olib borishi davomida shu yerda istiqomat qilayotgan ekan, Konstitutsiya, jumladan, yuqoridagi modda bilan himoya qilinadi. Bu 23-moddada belgilab qo‘yilgan va hokim janoblari bu moddani ham buzgan bo‘ladilar:

"23-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar".

"Unda biz soqolini olamiz” deyapti. Bu mansabini suiiste’mol qilish ham bo‘ladi. Sababi, hokimning vakolatlari doirasiga odamlarning soqollarini majburan oldirish yoki ularga soqollarini olishlari shart ekanini buyurish kirmaydi. Bu bilan 99-moddani ham buzgan bo‘ladi:

“99-modda. Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar”.

Viloyat hokimi ikki kun oldin Marg‘ilon shahridagi "Ipakchi" bozorida avtoturargohni boshqarayotgan tadbirkorning soqolini qanday oldirganini gapirgan:
"Katta avtostoyankani bittasi boshqaryapti. Soqolni qo‘yib olgan. Boshiga shialarning do‘ppisini kiyib olgan. Avtostoyankada turibdi. Shaharni hokimini chaqirdim. Gapir nima bo‘lganini", deydi Shuhrat G‘aniyev.

Shunda Marg‘ilon shahar hokimi turib soqolli erkakka tushuntirib, soqolini olishgani haqida hisobot beradi.

"O‘sha "Ipakchi" bozori rahbarini almashtirishing kerak edi o‘sha kuni. Nimaga olmading? Olib tashlang uni bozordan. Padariga la’natni o‘zini olib kirib tiqib tashlang", deydi Shuhrat G‘aniyev.

Ushbu gaplari bilan hokimto‘ra yuqorida zikr qilingan 18-modda (bechora musulmonlarning teng huquqli ekanliklari), 31-modda (e’tiqod erkinligi), 26-modda (aybi isbotlanmaguncha aybsiz ekani to‘g‘risidagi), 99-modda (vakolatlari doirasida ishlashi kerakligi) va boshqa moddalarni buzish bilan birga yana demokratiyaning asosi va bosh prinsipi bo‘lgan quyidagi moddaga ham qarshi chiqadi:

“11-modda. O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi”.

Bu moddaga qarshi chiqishining isboti shundaki, u sudga yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga buyruq berib, bechora fuqaroni “Olib kirib tiqib tashla” deyapti. Sud mustaqil bo‘lishi esa yuqoridagi modda bilan belgilangan.

Hokim janoblari yana mana bu so‘zlari bilan ham ushbu moddaga xilof qiladi:
"Ichki ishlar va sudyalarni ham chaqirib, hurmatli hokim, mahalla fuqarolar raisini ham besh sutkaga jarima qilib qamaysizlar. Bunaqa mahalla raisi ham kerakmas, posponi ham kerakmas. Rishtonning xotin-qizlar qo‘mitasini ishdan olib tashlanglar".

Qolaversa, Marg‘ilondagi avtoturargoh boshqaruvchisi mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan bo‘lsa, quyidagi modda ham buzilgan:

”37-modda. Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir”.

Xotin-qizlar uyushmasi rahbarini “olib tashlash” buyrug‘i ham Konstitutsiyaga zid. Zero, 56-moddaga ko‘ra u tashkilot "jamoat birlashmasi" hisoblanadi, 58-moddaga ko‘ra hokim uning rahbarini bu tarzda olib tashlashi uning faoliyatiga noqonuniy aralashish bo‘ladi.

"56-modda. O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi".

"58-modda. Davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi".

Uning ushbu so‘zlari Konstitutsiyaning yana 106-moddasi, 112-moddasi va 116-moddasi, 120-moddasiga qarshi chiqishdir:

"106-modda. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi".

"112-modda. Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi".

"116-modda. Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanadi".

"120-modda. O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradilar".

"Men kecha bitta jurnalistni haydab yuborsam, bugun yana o‘sha jurnalistni mani avtobusimda olib yurishgan. Haydavorsam, tadbirkorlar bilan avtobusda olib yurishibdi, ayol kishini. Yana olib yurishibdi. Munday qilib kirib keladi, lippanglab", deya o‘z noroziligini e’lon qilgan hokim.

"Olib kirib qamash kerak bularni. Yo bozorga sartarosh olib borib bittadan yurib sochini olib, soqolini olib, boshiga O‘zbekiston Respublikasi milliy qadriyatlariga mos bo‘lgan qalampir nusxa do‘ppini kiygizib qo‘yaylikmi? Nimaga hech kim indamaydi?" – deya o‘tirganlarga yuzlanadi u.

Yana yuqoridagi bir qancha moddalarni qo‘pol ravishda buzish. Oldinroq keltirilgan iqtiboslarda ham buzilgan, bu yerda ham buzilayotgan yana bir modda:

"25-modda. Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas".

"Uchko‘prik tumanidagi Xo‘ja Muhammad Vale masjidi, Oltiariq tumanidagi Shohi Tolib masjidi shu tuman hokimlari shu masjidlarning imomi, noibi, mutavallisi, balosimi baddari hammasini haydavor" deydi u.

"Hozir Nuqronning ham o‘sha imomini olib borib qamaysan, Farg‘ona tumani Damko‘lning imomini ham olib borib qamaysan ey, ikkala hokim. O‘zing borib qamatasan hozir. Eshitdingmi ey, gapimni, Farg‘ona tuman hokimi?" – deydi Shuhrat G‘aniyev.

Yana mansabni suiiste’mol qilish. Yana sud hokimiyati mustaqilligiga daxl qilish.

"Qaysi shahar yo tumanda, agar davlat tashkiloti rahbarlari, ularning xodimlari qonun buzadigan bo‘lsa. Masalan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida agar bitta noqonuniy soqol qo‘ygan odamni topsang, Farg‘ona neftni qayta ishlash korxonasi rahbari va o‘sha kasaba uyushmasi rahbari ikkalasi jinoiy javobgarlikka tortiladi. Farg‘ona shahar hokimi eshityapsizmi? Agar xulosa qilinmaydigan bo‘lsa, yaxshilikka olib kelinmaydi", deydi u.

Kasaba uyushmasi ham jamoat birlashmasi hisoblanadi. Yana yuqoridagi 10 dan ziyod moddaning tahqirlanishi.
"Bolnitsada nima haqqi bor, oq ishton, oq lozim kiyib olib boshida oq do‘ppi kiyib olib yotishini... Nima haqqi bor? Shifoxonaga ko‘rganlar kelsa, Marg‘ilonda, bittasi yotibdi".

Hokim 47 yoshli bemorga bu milliy kiyimlarni kiyish nega mumkin emasligini quyidagicha izohlagan:
"Mandan 5 yosh kichkina ekansiz-ku, dedim. Bu nima kiyim? Nechi kun bo‘ldi, bu kiyimni kiyganingizga, ishton bilan ko‘ylakni, dedim. 4 kun bo‘ldi, dedi. Nima bu kiyinish, ichkari ko‘rinib yotibdi-ku. Sizga kirib ukol qilayotgan ayol birovning ayoli, nima haqqingiz bor ko‘rsatishga, dedim. Sasib yotibsiz-ku, dedim. Tur, chiqarib haydavor, dedim. Bolnitsadan chiqartirib yubordim. Ustingdan yozaman, palon piston. Yozsang, yozavur dedim" deydi u.

Bu yerda yuqoridagi o‘nlab moddalardan tashqari, tubanlikning yangi chuqurchasiga tushib, yana bir qancha moddalarni buzgan hokimto‘ra:

“40-modda. Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”.
O‘sha bemorning sassiqlikda ayblanib, haqorat ostida haydab yuborilishi obro‘si va sha’niga qanday dog‘ bo‘lishini hisobga olsak, 27-modda:

“27-modda. Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega”.
Hokimning ushbu fuqaroning tibbiy yordam olish va jamoat joyida bo‘lish huquq-erkinliklarini sudsiz cheklashini hisobga olsak, 19-modda:

"19-modda. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas".

Hokim janoblarining ham fuqaro ekanliklarini inobatga olsak, 48-modda:

"48-modda. Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar".
U viloyatdagi tashqi reklama bilan shug‘ullanadigan uch firmagan 300 milliondan so‘mdan jarima solish topshirig‘ini bergan.

"Hozir uchchovini chaqirasan-da, tushuntirish xati olib, uchchala tashkilot har biri 300 milliondan 900 million so‘m jarima solasan. Qonuniy jarima solasan", deydi viloyat hokimi.

Yana sud ishlariga aralashish, o‘sha jarima o‘laroq talab qilinayotgan pul tadbirkorlarning xususiy mulki ekanini hisobga olsak, quyidagi modda ham buzilgan:

"53-modda. Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin".

Shuhrat G‘aniyev yaqinlashib kelayotgan parlament saylovlarida kimlar deputat bo‘lishi mumkinligiga ishora bergan:
"4 kundan keyin saylovlar turibdi. Saylovlarda ham kim deputat bo‘ladi? Mana shu masalalarda o‘zini ko‘rsatgan odamlar deputat bo‘ladi".

Bu bilan hokim yana bir bor mansabini suiiste’mol qilib, saylov ishlariga aralashishini aytadi, saylovda saylanuvchilar – nomzodlarning tengligi va saylovchilarning – xalqnig irodasini o‘z xohishiga bo‘ysundirishini aytadi, bu bilan Konstitutsiyaning quyidagi moddasini buzadi:

“117-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi”.

Shunday qilib, hokim O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘nlab (hisobdan adashib ham ketdim ko‘pligidan) moddalarini buzishi bilan qonun ustuvorligiga putur yetkazadi va bu 7-modda hamda 15-moddalarni bir necha bor buzishiga olib keladi:

"7-modda. Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi. Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi".

"15-modda. O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar".

Qolaversa, birovlarning shaxsiy hayotiga daxl qilishi, jumladan, “sochini oldirishi”, “soqolini oldirishi”, “ro‘molini yechtirishi” kabilarni Konstitutsiyada yozilgan kiyinish – yashash tartibi deya Konstitutsiya moddalarini fuqarolarning insoniy huquqlarini toptash ma’nosida talqin qilib, 16-moddani ham buzadi:

"16-modda. Mazkur Konstitutsiyaning bironta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas".

Shunday qilib, hokim Konstitutsiyaning 4-, 7-, 11-, 16-, 18-, 19-, 23-, 25-, 26-, 27-, 31-, 37-, 40-, 48-, 53-, 58-, 99-, 106-, 112-, 116-, 117-, 120-moddalarini buzgan.

Endi muhtaram yurtdoshlarim, o‘zimizga savol beraylik:
"Bu Konstitutsiya faqat xalqni, oddiy odamlarni tiyib turish uchun qabul qilinganmi? U mana shu “qahramonimiz” kabi amaldor hokimto‘ralar uchun shunchalik qadrsiz va e’tiborsizmi?"
Mahmud Usmon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘ona viloyati hokimi Konstitutsiyaning nechta moddasini buzgan?