«Ibi, hokim buva, bu nimasi?» Hokimlik o‘z qarorini sud orqali bekor qilmoqchi

  • 02 oktyabr 2019, 10:05
  • 1 348
  • Jamiyat
  • «Ibi, hokim buva, bu nimasi?» Hokimlik o‘z qarorini sud orqali bekor qilmoqchi
    Hokimlik o‘z qarorini bekor qilishni so‘rab... sudga murojaat etdi! Bunaqasi bo‘lgan emas. To‘g‘ri, sudlarda hokimlarning ozmuncha qarorlari bekor bo‘layotgani yo‘q. Illo, ularning birortasida tashabbus hokimlikning o‘zidan chiqmaydi, desak, ishonavering!

    Nima bo‘lgandi o‘zi?
    «Advokatnews.uz» sayti yozishicha, Quva tumani hokimi «Ko‘hinur» xususiy korxonasiga tegishli dorixona binosini («ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi binosi qurilayotgani» vaji bilan) buzish haqida qaror (2019 yil 27 iyundagi 3222-son) chiqargandi deng. Tadbirkor bunga ortiqcha e’tiroz bildirgani yo‘q. Xayrli maqsad uchun joy kerak ekan, bosh ustiga.

    Biroq amalda ish boshqacha ketdi. Tadbirkordan olvolgan shu joyni hokim... boshqasiga tortiq qilvordi!

    «Ibi, hokim buva, bu nimasi?»
    Hokimning bunday yo‘l tutishining quvvati nimalarga borib taqaladi – keling, fol ochmaylik. Faqat bir gapni aytish shart: bitta tadbirkorning burnini qonatish evaziga boshqasini qo‘llab-quvvatlash «...tumanda ishbilarmonlarga ke-yeng sharoit yaratib berilayotganini» anglatmaydi.

    Hokimning gapiga laqqa tushib, joyidan ayrilgan tadbirkor («Ko‘hinur» rahbari) nima qildi? Nimayam qilardi: o‘sha, go‘yoki «ko‘p tarmoqli poliklinika binosini qurish» vaji bilan chiqarilgan 2019 yil 27 iyun kungi 3222-sonli qarorning «Ko‘hinur» xususiy korxonasiga tegishli dorixona binosini buzish qismini haqiqiy emas deb topish»ni so‘rab sudga murojaat etdi. To‘g‘ri qildi. Axir, dorixona qurish uchun yer maydoni unga qonuniy ajratilgan (2001 yil 24 yanvardagi 62-sonli qarorga asosan). Qurilishga ozmuncha mehnat va mablag‘i ketmadimi?

    Masala Quva tuman ma’muriy sudida ko‘rilishi kerak edi. Hokimning baquvvat qo‘llari sudgacha yetib borishi ehtimolimi yoki boshqa sababmi, xullas, viloyat sudi orqali «ish» Rishtonga yuborildi.

    Rishton tuman ma’muriy sudida hokimlikning «ikki yuzi» ochila boshlagach, nima qilindi deng? Hokimlik huquqshunosi «Ko‘hinur» xususiy korxonasiga bundan o‘n yetti yil avval yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishni so‘rab murojaat etsami?! Mana endi tushungandirsiz hokimlik sudda o‘z qarori nima uchun bekor qilishni so‘raganini?! Yo‘qsa, qaysi tashkilot, birinchi navbatda hokimlik o‘z hujjati bekor qilinishini xushlaydi, deysiz?! Aksincha, bunga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilishi ayon. Ikkinchidan, xo‘p, qarorni bekor qilish kerak ekan, sudga murojaat etib nima qiladi? Hokim janoblari yangi qaror chiqarib, o‘sha eskisini bekor qilib qo‘ysa bo‘ladi-ku?!

    Shunaqa, do‘ppi tor kelganda amaliyotda uchramaydigan voqeliklar sodir bo‘larkan-da.
    Sud qanday qaror chiqardi?
    Bu endi keyingi maqolaga mavzu.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » «Ibi, hokim buva, bu nimasi?» Hokimlik o‘z qarorini sud orqali bekor qilmoqchi