Pichoq ko‘targan «majnun» nima uchun sevgilisining onasini o‘ldirdi?

  • 02 oktyabr 2019, 11:24
  • 1 320
  • Jamiyat
  • Pichoq ko‘targan «majnun» nima uchun sevgilisining onasini o‘ldirdi?
    Hozir Majnunday seva oladigan yigitlar yo‘q, ular faqat badiiy kitob yoki filmlarda deydiganlar adashadi. Oramizda shunday yigitlar bor, ular o‘z sevgi qissalarini yozishmoqda. Bu yaxshi, albatta. Biroq muhabbatning o‘z imtihonlari bor. Undan matonat bilan o‘ta olgan oshiqlargina mahbubasiga erishadi. Ammo zo‘rlik bilan emas. Agar ishq qissasi qotillik bilan yakun topsa, bu muhabbat emas, jinoyat deb ataladi.

    Mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib, rizqini terib yurgan Jasur Jalilovni (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) taqdir Sirdaryo viloyatiga yetakladi. 2015 yilda u Sirdaryo tumanidagi qandolat sexida yollanib ishlay boshladi. Bu yerda u Shoira ismli ayol bilan tanishib qoldi. Bu tanishuv yigitning muhabbati sari yo‘l ochdi. Yo‘q, u o‘sha ayolni sevib qolmadi. Biroq sevgi qissasining bir tomoni aynan shu ayolga borib taqalar edi-da. Sababi, Shoira opaning birinchi turmushidan 2000 yilda tug‘ilgan Nigora ismli qizi bo‘lib, Jasur uni yoqtirib qoldi.

    Qiz ham yigitning sevgisini rad qilmadi. Tunlari uzoq suhbatlar, pinhona uchrashuvlar ikki dilni bir-biriga bog‘lab qo‘ydi. Bu orada Shoira opa Jasurga sherigi bilan birga Sirdaryo shahridagi xonadonida ijarada turishi mumkinligini bildirdi. Bu esa sevishganlar orasidagi masofani ham yaqinlashtirardi. Jasur sherigi Ilhom bilan Shoira opaning uyiga ko‘chib o‘tdi. Yigitning baxtiga og‘aynisi ishlari ko‘ngildagidek bo‘lmayotgani sababli uyi­ga qaytib ketdi. Jasur esa sevgilisining yonidan bir qadam ham jilishni istamasdi.

    Jasurning muhabbati chin edi, Nigora bilan to‘rt yilni shirin orzu-havaslar og‘ushida o‘tkazishdi. Nihoyat Jasur qizning onasiga Nigoraga uylanish qarorini ma’lum qildi. Biroq Shoira opa rozilik bermadi.

    — Qizimni uzoqqa, buning ustiga qishloqqa bermayman, — deydi qat’iy ohangda ona.

    Mana shu javobdan keyin Jasur qizni olib qochib bo‘lsa ham muhabbatiga erishish haqida o‘ylay boshladi.

    «Onasi Nigorani bermasligini eshitganimdan keyin 2019 yilning aprel oyida u bilan gaplashib, uyimizni ko‘rsatish uchun Qashqadaryo viloyatiga olib keldim. U ikki kun uyimizda yashaganidan keyin IIB xodimlari kelib, Nigorani onasining oldiga qaytarib olib ketishdi», — dedi Jasur o‘zining ko‘rsatmasida.

    Vo ajab, o‘g‘li bir qizni uyiga yetaklab kelib, «Bu bo‘lajak keliningiz!» desa, ota-ona jimgina kutib olaversa. To‘g‘ri, Jasurning niyati o‘zi sevgan inson bilan turmush qurish bo‘lgan. Biroq ota-onasi u tanlagan yo‘l to‘g‘ri emasligini uqtirib, qulog‘idan cho‘zib qo‘yganida ehtimol mud­hish voqea ro‘y bermagan bo‘lardi. Afsuski…

    Yor sog‘inchimi yo boshqa sabab bilanmi, 2019 yilning 17 may kuni Jasur Sirdaryoga ot soldi. Manzilga yetib kelganida darvoza ichkaridan qulflangan edi. U qulfini ochib hovliga kiradi va ichkaridagi xonada Nigora telefonda kim bilandir suhbatlashayotganini eshitib, darhol o‘sha xonaga yo‘naladi. Kira solib Nigoraga o‘dag‘aylab ketadi.

    — Kim bilan gaplashayapsan? — deya jinoyat ustida qo‘lga tushgan odamday esankirab qolgan qizning qo‘lidan telefonni yulib olib, Nigoraning suhbatdoshiga ham zahrini sochadi. — Sen kimsan, nega unga qo‘ng‘iroq qilayapsan? U mening sevgan qizim.

    Shu bilan aloqa uziladi. Jasur esa Nigorani kim bilan gaplashayotgan eding deb qistaydi. Qiz Sherzod ismli tanishi bilan gaplashayotganini aytganida Jasurning zardasi qaynab, Nigoraning yuziga tarsaki tortib yuboradi. Bunga ham qanoat qilmay, qizning telefonini yerga urib parchalab tashlaydi.

    Bu orada janjalning ustiga Shoira opa kelib qoladi. Jasur endi qizi qolib, onasi bilan ham adi-badi aytishib ketadi. Rashk sabab o‘zini telbalardek tutayotgan yigit stol ustida turgan pichoqni qo‘liga olib, Shoira opaning qorniga tiqib oladi. U og‘riqdan ingrab, yerga qulaydi.

    Oshiq yigit bu holatda zudlik bilan tez yordam chaqirishni o‘ylab ham ko‘rmadi. Aksincha sevgilisining bo‘yniga pichoq tirab, uni o‘zi bilan ketishga majburladi. Nigora noiloj uning shartiga ko‘ndi. Ular yarador onani uyda qoldirib, Qashqadaryoga yo‘l olishdi.

    Avvalgi safar sevgilisini uyiga olib borganida ichki ishlar xodimlari ortiga qaytarib ketgani «dars» bo‘lgan chamasi, Jasur bu gal boshqa manzilni tanladi. U Nigorani yarim tunda tog‘asining xonadoniga boshlab bordi. Go‘yo shu bilan huquqni muhofa qiluvchi organ xodimlarini chalg‘itmoqchi edi. Ammo uning hiylasi o‘tmadi. Ertasi kuni uning qo‘llariga kishan solindi. Chunki shifokorlar tibbiy yordam ko‘rsatganiga qaramay Shoira opa olgan jarohati oqibatida kasalxonada vafot etgan edi.

    Joriy yilning 14 avgust kuni pichoq tutgan «Majnun»ga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra J.Jalilov 8 yilu 2 oy muddatga «kesildi».

    Zufarjon Ilyasov,
    Sirdaryo tumani prokurorining o‘rinbosari

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Pichoq ko‘targan «majnun» nima uchun sevgilisining onasini o‘ldirdi?