O‘zbekiston vs. America: Nega hamma “Grin karta” o‘ynaydi?

  • 03 oktyabr 2019, 18:56
  • 1 331
  • Jamiyat
  • O‘zbekiston vs. America: Nega hamma “Grin karta” o‘ynaydi?
    Millionlab odam intiqib kutgan kun keldi: AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi “Grin karta” lotereyasiga hujjat topshirish rasman boshlandi. Hujjatlar AQSh davlat departamenti saytida 3 oktyabrdan 6 noyabrgacha qabul qilinadi.

    “Grin karta” nima?
    “Grin karta” AQShda doimiy yashovchi rezidentlarga beriladigan hujjatning norasmiy nomi. Rangi yashil bo‘lgani uchun xalq orasida “Grin karta” deb ataladi. AQShda rezident sifatida yashaydigan barcha muhojirlarga shunday hujjat beriladi va u asosida besh yil yashab, so‘ng AQSh fuqaroligini olish mumkin.

    “Grin karta” olish yo‘llari ko‘p. Lotereya shulardan biri. AQShda o‘qib, so‘ng ish topib qonuniy qolib ketganlar ham, AQSh fuqarosi yoki doimiy yashovchi rezidenti tomonidan AQShga chaqirib olingan xorijliklarga ham, agar ular qonuniy maqomda bo‘lsa va rezidentlik shartlariga to‘g‘ri kelsa, “Grin karta” beriladi.

    Birgina lotereya dasturining o‘zidan har yili o‘rtacha 50 ming odamga AQShda doimiy yashash hujjati beriladi. Rasmiy nomi “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi” (Diversity Immigrant Visa) deb nomlanadigan bu dastur Kongress tomonidan 1990 yilda yo‘lga qo‘yilgan va undan asosiy maqsad “Amerikada yashash oruzi”ni dunyo bo‘ylab oddiy odamlarga ham taqdim etish ekani aytiladi.

    Ayni paytda O‘zbekiston uchun har yili 5000 ga yaqin o‘rin ajratiladi. Bu o‘rinlar uchun millionlab odam hujjat topshiradi. Odam qancha ko‘p bo‘lsa, yutish imkoniyati shuncha kam bo‘lishi tabiiy. Chunki bu o‘z nomi bilan lotereya.

    Nega hamma Amerikaga intiladi?
    Asosiy sabab – iqtisodiy imkoniyatlarning kengligi. Amerika boy davlat, qudratli davlat. Bu yerda ish haqi “ko‘k”ida to‘lanadi va to‘langanda ham yaxshigina miqdorda to‘lanadi. Maktab ko‘rmagan odam ham shu oddiy haqiqatni biladi va AQShda yashasam, ko‘proq pul topaman, boyib ketaman, deb o‘ylaydi.

    Bu qarash, umuman olganda, xato emas. Amerikada, darhaqiqat, qattiq mehnat qilgan; o‘z oldiga maqsad qo‘yib, shu maqsadi yo‘lida to‘g‘ri va halol ishlagan odam, albatta, o‘z maqsadiga erishadi. Bu yerda odamning statusini tanish-bilish yoki pora emas, balki kalladagi bilim, bilakdagi kuch (mehnat) belgilaydi.

    Sabab faqat iqtisodiy manfaatdorlikmi?
    Hammaning Amerikaga intilayotganini faqat moddiy manfaatdorlik bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Qiymatini moddiy yo‘l bilan baholab bo‘lmaydigan yana bir sabab bor: bu o‘lkadagi mavjud ozodlik, inson qadr-qimmatining haqiqiy ma’noda tan olinishi.

    Amerika madaniyati o‘zbekistonliklarga, musulmonlarga yot. Bu yerdagilar sizning tilingizda gapirmaydi, siz yeydigan ovqatlarni yemaydi; kiyinishlari, oilaviy munosabatlari, ota-ona va farzand aloqalari, yosh yigit-qizlarning emin-erkin birga yurishi, munosabat qurishi sizni hayratga solishi mumkin. Lekin bir jihati sizga yoqishi aniq: Ular sizni rangingizga qarab ajratmaydi; qaysidir amaldor kelib mol-mulkingizni tortib olmaydi; ingliz tilini bilmasangiz yoki aksent bilan gapirsangiz ustingizdan kulmaydi; poytaxtga yoki katta shaharlariga ko‘chib kelsangiz, propiskang bormi, deb hech kim sizdan hujjat so‘ramaydi; nega soqolingni olmading, nega boshingga ro‘mol o‘rading, deb sizni hokimlar turtkilamaydi; hatto g‘ayridin yoki dahriy bo‘lsa ham. Chunki Amerika Qo‘shma Shtatlari shaxsiy daxlsizlik, vijdon va so‘z erkinligi, inson qadr-qimmatini himoya qilish kabi oliy qadriyatlar asosiga qurilgan va Amerikani buyuk qilgan, uni dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga aylantirgan ham aslida mana shu qadriyatlardir.

    Amerika nega buyuk?
    Har qanday qudratli iqtisodiyotning asosida pul emas, inson kapitali yotadi. Inson esa o‘zini erkin va xavfsiz his qiladigan joyda yashashni istaydi. Shu bois dunyoning eng aqlli “kallalari” AQShga qarab oqmoqda; dunyoning eng so‘nggi texnologiyalari Amerikada kashf qilinmoqda. Chunki o‘zini erkin va xavfsiz his qilgan odamgina ijod qilishi, kashfiyotlar qilishi, nimadir yangilik yaratishi mumkin. Ertangi kuniga ishongan odamgina, kimdir mol-mulkini tortib olishga urinsa, sud uni himoya qilishiga ishongan odamgina foydaga kirishi kamida 10-15 yil vaqt oladigan bizneslarga qo‘rqmasdan milliardlab dollar pulini tikadi. Mana shu ishonch, mana shu qonun ustuvorligi Amerikaning qudratini ta’minlab berayotgan eng muhim omillardir.

    Shu bois hamma Amerikada yashashni istaydi. Shuning uchun o‘zbekistonliklar har yili oktyabr oyini intiqib kutadi. Chunki bu oyda “Amerikada yashash oruzi”ni qo‘lga kiritish imkoniyati bor…

    O‘zbekistonda “Amerika”ni qurish mumkinmi?
    Albatta, mumkin. Faqat Amerikaning shaklini emas, ruhini bunyod etish kerak bo‘ladi.

    Dunyoga mashhur Silikon vodiysi joylashgan AQShning Kaliforniya shtatini misol qilib olaylik. Bu shtat hududi va aholisi soni jihatidan O‘zbekiston bilan deyarli teng. Lekin yillik yalpi ichki mahsuloti O‘zbekistonnikidan qariyb 13 barobar katta: 3 trillion dollar. Agar mustaqil davlat bo‘lganda, bu mamlakat dunyoda AQSh, Xitoy, Yaponiya va Germaniyadan so‘ng dunyoning beshinchi eng boy mamlakati bo‘lardi.

    Tasavvur qiling: agar taqdir charxpalagi bir aylanib, Silikon vodiysi O‘zbekistonga in’om qilib yuborilsa, Kaliforniya shtatida O‘zbekiston qonunlari, O‘zbekiston hokimlari hukm surishni boshlasa, O‘zbekiston bir aylanib dunyoning eng boy beshinchi mamlakatiga aylanib qoladimi?

    Afsuski, yo‘q. Chunki Kaliforniya shtatini boy qilayoygan narsa “Google”, “Facebook”, “Apple” kabi gigant kompaniyalar o‘tirgan binolar, ularning serverlari joylashgan kompyuterlar emas, balki ularni egallab turgan, ishlatayotgan odamlardir. Agar O‘zbekistondagi biznes muhiti Silikon vodiysida hukm sursa, bu “miyalar” eng qisqa fursatda Kaliforniyani tark etib, o‘ziga eng qulay bo‘lgan boshqa shtat yoki davlatga borib o‘rnashadi va O‘zbekiston qo‘lida ship-shiydam binolardan boshqa narsa qolmaydi.

    Demak, O‘zbekiston “Amerika”ni qurishi uchun amerikacha biznes qonuniyatlarini, boshqaruv muhitini, inson qadr-qimmati va mol-mulki himoyasini, eng muhimi, haqiqiy ma’nodagi qonun ustuvorligini ta’milashi kerak bo‘ladi.

    Ungacha esa har yili millionlab o‘zbekistonliklar “Grin karta” o‘ynashda davom etadi…

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » O‘zbekiston vs. America: Nega hamma “Grin karta” o‘ynaydi?