08:15 / 04.10.2019
3 434

Jazmanning rashki jinoyatga boshladi...

Jazmanning rashki jinoyatga boshladi...
Rashid Azmiddinov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) «yurib qo‘ygan» yigitlardan. Buxorolik. Gapga chechan, so‘zga boy, lutfni xirmon qiladiki, uncha-muncha ayol qanday «ilib» qolganini bilmay qoladi go‘yo... Uning navoiylik Gulzima Tog‘ayeva bilan tanishishi juda oson kechdi. Hammasiga do‘sti Safarali sababchi. Bir kuni u Rashidga: «Ketdik, Navoiyga, u yerda bitta «oyimcham» bor, uning aytishicha, senbop dugonasi bor ekan, bi-ir maza qilib kelamiz...».

Ikkovlon Buxorodan Navoiyga kelishdi. Ularni Safaralining «oyimchasi» kutib oldi. Ko‘p o‘tmay dugonasini chaqirib, «yigiti»ning o‘rtog‘i bilan tanishtirib qo‘ydi.
Rashid va Gulzima shu tariqa «topishdi».

O‘sha kuni ikki juft «yoshlar» Gulzima ijarada yashayodigan dala hovlida tunni o‘tkazishgani, keyinchalik ham davom etgan bor-keldilarning tafsiloti shartmas...

Rashid Navoiy shahriga ser­qatnov bo‘lib qoladi. Gulzimaning ijara puli, kundalik xarajatlari uning zimmasida edi. Shu yilning yanvar oyida Rashid Navoiy shahriga Safarali bilan birga keladi. Bu galgi tashrifning o‘ziga xos sababi bor edi: Gulzimaning tug‘ilgan kuni! Yigit hotamtoyligini ko‘rsatib, ayolning tug‘ilgan kunini qahvaxonada o‘tkazib beradi. «Tantana» yakunida keyingi diydor kuni aniqlandi. Hademay 14 yanvar keladi. Shu sana yana bir diydor uchun yaxshigina bahona emasmi?! Faqat uchrashuv Navoiy emas, Buxoroda bo‘lsa-chi? Yigitlar e’tiroz bildirishmadi.

Xullas, o‘sha kun ham keldi. Navoyida ancha barvaqt Buxorga yetib kelgan ikki dugonani yigitlar kutib oldi. Shaharni aylantirishdi. So‘ng qahvaxonada 14 yanvar — bayramni nishonlashga tushildi. O‘tirish avjiga chiqayotganida xabar keldiki, Rashidning ikki yil avval «yurgan qizi» boshqa qahvaxonada uni kutayotgan ekan.

— Hammamiz boramiz! — deydi shirakayf Rashid.
Ajab, bu taklifga hamma rozi bo‘ladi. Hatto Gulzima ham.

Qahvaxonada ularni yoshgina qiz iliq kutib oladi. U Rashid bilan ju­da quyuq ko‘rishadi. Qizning yonidan joy olgan Rashid uning yelkasi osha qo‘lini o‘tkazib oladi. Gap orasida Rashid qizga «Matiz» rusumli avtomashina sovg‘a qilganini maqtanib qo‘yadi.

Shundog‘am bo‘lari bo‘lib o‘tirgan Gulzimaning ko‘nglida bu gapdan keyin alam tug‘iladi. Avvaliga hammaning ko‘zini shamg‘alat qilib, qo‘l telefoniga Rashid va qizning bir-biriga yopishib-qapishib o‘tirgan holatini suratga oladi. So‘ng shunga o‘xshash holatni videotasvirga tushiradi.

«Endi holingga voy, Rashid!».

Arzimagan bahonadan janjal chiqarib, o‘sha kungi o‘tirishning rasvosini chiqargan Gulzima keyinroq, telefonidagi surat va tasvirlarni ko‘rsatib, Rashidni ipsiz bo‘g‘ishga tushadi: «Bularni internetga chiqarvorsam nima bo‘lishini bilasizmi, yigit?».

Rashid Gulzimaga pul berdi, «dom»ining ta’mirini ko‘tardi. Yana katta-kichik chiqimlaridan ham qochmadi. Shundayam ayol uni tinch qo‘ysa, qani! Qo‘lingdan kelganini qil, deya qo‘l siltamoqning iloji yo‘q. Surat va videolar internetga chiqib ketsa bormi?!

Nihoyat, pichoq suyakka yetgach, Rashid qasoskor mahbubasiga masalani ko‘ndalang qo‘ydi: «Nima qilsam tinch qo‘yasan?!».
Ayol shu gapni kutib yurgan ekan: «Mengayam bitta «Matiz» olib berasiz, keyin oramiz ochiq!».

Sotiladigan «Matiz» ham tayyorgina ekan. Mashina egasi 47 million so‘m so‘radi...
Bunga qurbi yetmasligini anglagan Rashid to‘g‘ri borib, ichki ishlar organiga ariza yozdi.

Mazkur ariza yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Gulzima qo‘lga olinadi. Uning jinoiy sherigi ham bor bo‘lib, ayol uni ham o‘zi bilan «tortib ketdi»...

Sudda sudlanuvchi G.Tog‘a­yeva va S.Haydarovning tovlamachilik, ya’ni bir guruh shaxs­lar tomonidan oldindan til biriktirib, jabrlanuvchini o‘zi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘r­qitib, o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qi­lishda ifodalangan tovlamachilik jinoyatiga qo‘l urgani rad etib bo‘lmaydigan da­lillar bilan isbotlandi.

Darvoqe, G.Tog‘ayevaning himoyachisi sudda sudlanuvchining harakatini Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandidan shu moddaning 1-qismiga, ayolning jinoiy sherigi S.Haydarovning himoyachisi esa, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandidan Ji­­noyat kodeksining 28,165-moddasi 1-qismiga qayta malakalashni so‘­rashdi. Sud hi­moyachilarning fikrini muhokama qildi. Ammo ularning vajlarini sudlanuvchilarning tergov va sudda bergan ko‘rsatmalari, vo­qea jo­yi­­ni ko‘zdan kechirish, CD-diskni olish va eshitib ko‘rish, pullarni ko‘z­dan kechirish, kimyoviy ishlov berish va ovoz yozish moslamasini fuqaroga berish, undan ushbu moslamani olish va eshitib ko‘rish, yuzlashtirish bayonnomalariga asoslanib, rad etdi.

Shu o‘rinda Jinoyat kodeksining 28-moddasiga to‘xtalish lozim. Gap shundaki, ushbu moddaning 1-qismida jinoyat­ni bajaruvchi bilan bir qatorda tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham jinoyat ishtirokchilari deb topilishi; 5-qismida esa, jinoyat sodir etilishiga o‘z maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan, vositalar berish yoki to‘siqlarni yo‘qotish bilan ko‘maklashgan, shuningdek, jinoyatchini, jinoyat sodir etish quroli, izlari va vositalarini yoxud jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan narsalarni yashirishga, bunday narsalarni olish va o‘tkazish to‘g‘risida oldindan va’da bergan shaxs yordamchi deb topilishi ko‘rsatilgan.

Haqiqatan ham, yordamchi kelib chiqadigan jinoiy oqibatni oldindan ko‘ra bilgani holda uning yuz berishini istaydi. Bunga ong­li ravishda yo‘l qo‘yadi.

Shunga qaramay, sud sudlanuvchilarga imkon darajasida qonuniy yengillik berdi. Zero, ularni jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin, degan xulosaga keldi. Endi ular ham, ular misolida turmush atalmish muqaddas dargohga yengil-yelpi qa­rashga moyil insonlar ham maqolamiz «qahramon»lari yo‘l qo‘ygan xatolarni o‘zlari uchun ibratli saboq deb bilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Aziz Avezov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Navoiy shahar sudining sudyasi

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jazmanning rashki jinoyatga boshladi...