12:15 / 04.10.2019
3 717

Salla o‘rniga kalla oladigan rahbarchalar ko‘payib bormoqda

Salla o‘rniga kalla oladigan rahbarchalar ko‘payib bormoqda
Foto: «Adolat» SDP viloyat kengashi
Rahmatli onamni o‘ylasam, u kishining begim kunlari boshidan qo‘ymaydigan oddiygina chit ro‘moli ham yodimga tushadi. Bayramlarda esa albatta gulli ro‘mol o‘rab, gul-gul ochilib yurardi. O‘sha paytlari ro‘molsiz, bosh yalang yurish ayol kishi uchun uyat sanalgan bo‘lsa kerak-da. Zero, yodimdan qolgani, onam hatto shundoqqina yon qo‘shnimiznikiga chiqsa ham albatta boshiga ro‘mol tashlab olardi. Otam ishdan kelganida ham onamning boshida albatta ro‘mol bo‘lardi. Bu biz uchun tabiiy hol edi.

Keyinroq, shaharga kelganimizdagina sochini to‘zg‘itib, bosh yalang yuradigan xotin-xalajni ko‘rib hayron bo‘lganlarimiz esimda. «Ha, endi shaharda urf shunaqa bo‘lsa kerak-da», deb qo‘ya qolgandik. Ammo, buni qarangki bu «urf» qisqa muddat o‘tmay qishloqlarga ham kirib bordi. Kuni kecha otaxon-onaxonlar yonidan bosh yalang o‘tishga istihola qiladigan qiz-juvonlar endi ro‘molga salkam eskilik sarqiti deb qaray boshlaganlari, nari borsa uni ma’rakalarda o‘rash lozim, degan ajabtovur tushunchaga o‘tganlari ham bor gap.

Vaholanki, keyinroq ayrim adabiyotlarda o‘qib-o‘rganib bildikki, ro‘mol nafaqat milliylik yoinki ma’naviyat timsoli, balki sihat-salomatlik, soch parvarishi uchun ham katta ahamiyatga ega ekan. Har qalay dono momolarimiz bejiz qiz farzand-u nabiralaridan ro‘mol o‘rashni talab qilishmagan ekan.

Mana, komsomolcha «budyonnovka»lar sho‘ro zamonida qolib ketdi, biz o‘z qadriyatlarimizga qaytmoqdamiz. Ko‘chalarga qarang, tabarruk momo-buvilarimizning boshlarida biri-biridan chiroyli ro‘mollariga e’tibor qiling. Qanchalar go‘zal!

Rahbarlikni «o‘zim xon, ko‘lankam maydon» deb biladigan ayrim kimsalar hamma zamonlarda ham bo‘lgan. Bir paytlar bunday kimsalar markazga yoqish uchun ayollarning chachvoniga yopishgan, «Hujum» harakati uyushtirgan. Buni qarangki, endi, mustaqillik zamonida ham bular ora-sira o‘zlarining aslida kimligini bildirib qo‘yadigan xatti-harakatlar qilib qo‘yishadi, raiyat oldida bema’ni, maza-matrasiz gaplarni tilga olishadi, do‘q-po‘pisa, tahdid qilishadi.

Shunday rahbarchalardan biri katta yig‘inda uyalmay-netmay ro‘mol o‘rab olgan ayolga ko‘zi tushsa, uning ro‘molini yulib olib, o‘sha tuman hokimi og‘ziga tiqib qo‘yishini aytib ayyuhannos soladi. Bu nima, ma’naviy so‘qirlikmi, farosatsizlikmi, telbalikmi? Bu bilan nimaga erishyapti u? Kimga, qanday hisobot bermoqchi ertaga? «Falonta ayolning boshidan ro‘molini yulib oldim!» debmi?

Essiz rahbarlik... Odatda bunday kimsalarga ikki karra ikki to‘rt bo‘lishini aytsangiz ham baqrayib, tan olmay turaveradi. Ehtimol ro‘mol milliy libosimizning ajralmas qismi ekanligini ham ular tan olishmas. Ammo haqiqat baribir haqiqatligicha qolaveradi.

Bunday rahbarlar Prezidentimizning «Qanday yarashadi o‘zbekona ro‘mollar. Qanday yarashadi o‘zbekona kiyinishlarimiz», degan purhikmat so‘zlarini kabinetlariga shior qilib osib qo‘yishlari kerakdir balki. Ehtimol ana shunda ular salla o‘rniga kalla olishni bas qilishar. Yoki xalqning nafratiga uchrab o‘tib ketaveradimi bunday rahbarchalar...

Ubaydilla ABDULLAYeV,
Xalq deputatlari Guliston tuman Kengashi deputati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Salla o‘rniga kalla oladigan rahbarchalar ko‘payib bormoqda