14:03 / 05.10.2019
5 367

Abdulla Qodiriy otilgan tun. Adibning so‘nggi iltijosi nima edi?

Abdulla Qodiriy otilgan tun. Adibning so‘nggi iltijosi nima edi?
Bundan 81 yil oldin, 1938 yilning 4 oktyabr tuni o‘zbek romanchiligi maktabi asoschisi Abdulla Qodiriy qatl etildi. Uni qanday qatl qilishgan edi? Uning so‘nggi iltijosi nima edi? Ziyouz portali asoschisi Davronbek Tojialiyev Facebook’dagi sahifasida shu haqda post qoldirdi.

Unda aytilishicha, bu haqda adabiyotshunos olim Umarali Normatov shunday yozgan:

"1938 yil 4 oktyabr tunidagi voqeaga shohid bo‘lgan Mirolim Mirkomilov xotira-hikoyasini siz, aziz o‘quvchilarga havola qilishni lozim ko‘rdim.

O‘sha hodisa shohidi Mirolim Mirkomilov – beshikchi usta hamda mirishkor bog‘bon Qodiriyning ashaddiy muxlislaridan sanalgan, bir necha bor adibning Samarqand darvozada joylashgan bog‘ hovlisidagi gurunglarda ishtirok etib, uning suhbatlarini tinglagan. O‘z navbatida, Qodiriy ham bu odamning Bo‘zsuv bo‘yidagi bog‘ida mehmon bo‘lgan. Yozuvchi boshiga tushgan ko‘rgiliklarni eshitib, ich-ichidan o‘rtanib yurgan kezlari, qarangki, bu sadoqatli zot adibning umri poyoni voqealarining shohidi bo‘lgan.

Mirolim Mirkomilov, odatdagidek, yoz oylarini oilasi bilan Bo‘zsuv bo‘yidagi bog‘ida, qish kunlarini esa shahar hovlisida o‘tkazardi. 1938 yilning erta kuzida oila a’zolari shahar hovlisiga ko‘chib o‘tgan, hali meva-chevalar oxirigacha yig‘ib olinmaganligi uchun bog‘ hovlida tanho o‘zi qolgan edi. Tunlar ayoz. Buning ustiga bir haftadirki, bog‘ ortidagi jarlikda sodir bo‘layotgan tungi notinchliklar unga uyqu bermaydi. Yarim tundan boshlab, dam-badam yangragan o‘q ovozlari, o‘limga mahkum etilgan sho‘rliklarning oh-fig‘onlari, ingroqlari, goho kalimai shahodat sadolari qulog‘iga chalinadi, bog‘bonni bezovta qiladi. Eng so‘nggi tun dahshati hammasidan oshib tushadi.

Bora-bora bog‘ devoriga yaqinlashib, o‘n besh – yigirma odim narida qorong‘i tunda sodir bo‘layotgan qotillik jazavasi poyonida kutilmagan hodisa ro‘y beradi. Birin-ketin qisqa tanaffuslar osha yangragan o‘q ovozlari, ingrashlardan so‘ng, devor ortidan bog‘bon qulog‘iga tanish ovoz eshitiladi: “Tatarmisan? Musulmonmisan?” Bog‘bon birdan hushyor tortadi. “Bu o‘zimizning Qodiriy-ku!” deya, ichdan ovozsiz hayqiradi. (Ehtimol, Qodiriy komandirning rus tilidagi tatarchaga xos ohangdagi buyruqlaridan uning tatar millatiga mansubligini sezib, shunday savol bergandir?) Shu zahoti, bog‘bon orani to‘sib turgan paxsa devorga yaqinlashib, devor tirqishidan mo‘ralaydi.

Tungi g‘ira-shirada, bir-biriga ro‘para turgan komandir bilan mahbusga ko‘zi tushadi. Boyagi savolga javob bo‘lmaydi. “Sukut alomati rizo” naqliga amal qilib mahbus so‘zida davom etadi: “Komandir o‘g‘lon! Flyagang bormi?” Yana jimlik. Mahbus endi undan iltijo qiladi: “Xudo haqi, umrim so‘nggida, sendan birgina iltimosim – flyagangni berib tur. Tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qiy. Bor-yo‘g‘i besh minut muddat ber…”

So‘nggi iltijo har qanday tosh yurakni ham eritib yuboradigan ohangda aytilganidan bog‘bon o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi. Qolaversa, mahbusning tatarcha lafzi, aytgan so‘zlari komandirning tosh yuragini yumshatdi, shekilli, mahbus o‘tinchini indamaygina bajo keltiradi. Asrga teng o‘sha fig‘onu iztiroblarga to‘la daqiqalar qanday o‘tganini bog‘bon umrining oxiriga qadar eslab, ezilib yuradi. So‘ng yana o‘sha tanish, ammo bu gal mardona ovoz eshitiladi:

“Otangga rahmat, komandir o‘g‘lon! Men tayyorman! Buyrug‘ingni beraver!” U yog‘i nima bo‘lganini bog‘bon bilmaydi. Birdan yangragan o‘q ovozi qulog‘ini kar qiladi, o‘sha so‘nggi o‘q o‘ziga tekkanday, esidan og‘ib, devor yoniga qulab tushadi. Bir payt o‘ziga kelib, ko‘z ochib qarasa, tong yorishib qolibdi. Ham tonggi ayozdan, ham boyagi ko‘rgiliklar iztirobidan vujudi titrab, arang o‘rnidan turadi. Tahorat olib, bomdod namozi poyonida Qur’on tilovat qilib, odatdagidek, bu kecha shahid ketganlar haqiga baxshida etadi.

Shundan so‘ng Mirolim Mirkomilov devor oshib, tungi o‘zi shohid bo‘lgan hodisa joyiga boradi. Boyagina tuproq tortilgan choh chekkasida shahidlardan birining oyoq uchi ochiq qolganiga ko‘zi tushadi. Bu esa, so‘nggi shahid – Qodiriyning oyog‘i ekani ayon. Qotillar tong yorishib qolgani uchun, oxirgi buyruq ijrosidan so‘ng, ajal chohiga apil-tapil tuproq tortib juftakni rostlaganlar. Usta – bog‘bon darhol ortga qaytib, bog‘ hovlisidan ketmon olib chiqadi, yalpi mozor – chohga tuproq tortib, uni shibbalaydi. So‘ng yakka o‘zi janoza o‘qib, shahid ketganlar, jumladan, qadrdoni – buyuk adib Qodiriy ruhi poki oldidagi burchini ado etadi.

Keyinchalik, arxiv hujjatlaridan ma’lum bo‘ldiki, o‘sha mash’um 4 oktyabr tuni Qodiriy qatori Cho‘lpon, Fitrat kabi jami o‘n sakkizta ziyolilar qatl etilgan. Ehtimol, ularning barchasi, ayni shu Qodiriy jismi poki qulagan chohga dafn qilingandir, o‘sha mash’um tunning so‘nggi qurboni balki Qodiriy bo‘lgandir, Qodiriyga o‘qilgan janoza ularga ham baxshidadir…

Mas’ud aka bularni o‘sha mudhish voqea shohidi sakson yoshni qoralab turgan Mirolim Mirkomilovning og‘zidan o‘tgan asrning oltmishinchi yillari oxirida eshitgan, kamina esa, Mas’ud akadan eshitganlarimni oradan yigirma uch yil o‘tib, ayni shu hodisa sodir bo‘lgan 4 oktyabr kuni iztiroblar olovida yonib qog‘ozga tushirdim. Hodisa tafsilotlari og‘izdan-og‘izga o‘tish asnosida, muayyan tahrir – o‘zgarishlarga uchrashi, tabiiy. Mas’ud akaning olamdan o‘tganiga ham o‘n besh yildan oshayapti. Kaminani ham bog‘lab qo‘ygani yo‘q.

Ko‘zimning tirigida qadrdonim – Mas’ud akaning armon to‘la arzi-holini qog‘ozga tushirib, Qodiriy muxlislari hukmiga havola qilishni burchim, deb bildim. Mabodo, Mas’ud aka Mirolim Mirkomilovdan eshitgan o‘sha mash’um kecha haqidagi xotiralarini vaqtida yozib qoldirgan bo‘lsa-yu, u topilib, e’lon etilsa, mening yozganlarim, ehtimol, o‘z kuchini yo‘qotar. Mening bitiklarimda muayyan saktaliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, oldindan uzrimni ham aytib qo‘yishni lozim ko‘rdim.

Pirovardida, o‘quvchi e’tiborini yana bir muhim jihatga tortib o‘tsam: Mirolim Mirkomilov guvohligida sodir bo‘lgan – ham uning qalbini o‘rtagan, ham uni lol qoldirgan Qodiriyning baqo bo‘sag‘asida o‘zini tutishi, imon-e’tiqod bobidagi qat’iyati, lo‘nda, mardona so‘zlash tarzi, 1926 yilgi uning ustidan uyushtirilgan jinoiy ish jarayoni, xususan, “Suddagi nutq” nomi bilan atalgan mashhur hujjat ruhiga to‘la mos keladi. O‘sha nutqda shunday jumlalar bor: “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa “ih” deydigan yigit emasman… Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmog‘on sodda, go‘l, vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tanqisroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi, jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir”.

Bu beqiyos jasur siymoning oradan o‘n ikki yil o‘tib, raqiblari qarshisida: “Men – tayyorman. Buyrug‘ingni beraver!” deya ko‘ksini o‘qqa tutib berishi, kishida zarracha shubha tug‘dirmaydi, aksincha, adib tabiatiga xos ayni haqiqatni yana bir karra tasdiqlaydi.".

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdulla Qodiriy otilgan tun. Adibning so‘nggi iltijosi nima edi?