10:25 / 08.10.2019
1 651

O‘zbekistonda startaplar qay tartibda qo‘llab-quvvatlanadi?

O‘zbekistonda startaplar qay tartibda qo‘llab-quvvatlanadi?
Foto: Shutterstock
O‘zaro uzluksiz aloqa jarayonida turli yangi texnologiyalar va g‘oyalar oqimi davlatlar o‘rtasida mutassil almashinib boriladi. Mana shu jarayonda mamlakat yangi innovatsion g‘oyalarni – startaplarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangisini qo‘llashdan ko‘ra, mavjud va sinalgan importni mamlakatga kiritish ko‘proq foyda bermaydimi, degan savolga Innovatsion rivojlanish vazirligi xalqaro konsultanti Yerbal Suleimonov startaplar mamlakatdagi ichki ilmiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlashda katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi. Bundan tashqari, ular kichik biznes va yuqori texnologiyalar bozorini rivojlantirishda ham muhim omil hisoblanadi.

Nega davlat startaplarni rag‘batlantirishi kerak?
quora.com saytida ta’kidlanishicha, aholi bandligini oshirish – startaplar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining eng katta sababi hisoblanadi.

O‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash tamoyili esa ishsizlik darajasini ancha qisqartiradi.
Mamlakatda ishlab chiqarish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lishi YaIM ko‘rsatkichi o‘sishiga va boshqa jihatlar bilan farovonlik oshishiga yordam beradi.

«Hukumat startaplarni qo‘lab-quvvatlashda o‘zini xususiy sektor bilan bir xilda tutishi shart emas. U eng avvalo, o‘sha yangi biznesning ishlab ketishi va bozorda uchrashi mumkin bo‘lgan birlamchi to‘siqlarni olib tashlasa, yetarli», - deya yozadi ejinsight.com sayti.

weforum.org ma’lumotlariga ko‘ra esa, iqtisodiy o‘sish va ish o‘rni yaratishning asosiy kaliti ham startaplardir. Ular har yili yuqori texnologik hab (markaz)lardagi 40 foiz yangi ish o‘rnini yaratadi.

O‘zbekistonda startap yaratish uchun...
Innovatsion rivojlanish vazirligi saytida Garvard universtiteti va boshqa turli nufuzli universitetlarni tugatgan malakali mutaxassis Odil Abdurazzoqov tomonidan tavsiya qilinishicha, startaplarni boshlash uchun ayrim muhim jihatlarga e’tiborli bo‘lish zarur:

«Vitamin emas, «og‘riq qoldiruvchi» startaplar yaratish zarur. Masalan, kuchli tish og‘rig‘i yoki bosh og‘rig‘i boshlanganda odamlar darhol og‘riq qoldiruvchi dori sotib oladi. Qarz olib bo‘lsa ham, og‘riqqa tezroq barham berishga harakat qiladi. Vitamin foydali ekanligini hamma bilsa ham, kamdan kam odam sotib oladi.

Demak, muvaffaqiyatli bo‘lish uchun bozorga taklif etilayotgan innovatsiya og‘riq qoldiruvchi bo‘lishi, ya’ni bozordagi jiddiy muammoni hal etishi zarur», deydi Odil Abdurazzoqov.

Uning qayd etishicha, startaplar yuqori texnologiyalarga asoslangan bo‘lishi tufayli ham geografik jihatdan cheklanmaydi. Shuning uchun ham faqat 33 million aholisi bor O‘zbekiston uchun emas, balki kamida MDH, Sharqiy Yevropa va Turkiya bozorlariga yo‘nalgan bo‘lishi kerak.

Ayni paytda 3 milliardga yaqin odam internet tarmog‘idan foydalanishi hisobga olinsa, startapni yo‘naltirishning imkonini topish mumkin.

Bundan tashqari, respublikada davlat sektori, biznes sektori va oliy ta’lim muassasalari negizida texnopark, innovatsiya markazlari va akseleratorlar faoliyat boshlamoqda. Startap ekotizimining muhim sharti hisoblangan bu kabi markazlar startaplar bozorga tezroq chiqishiga yordam beradi.

«Bu kabi markazlarning asosiy vazifasi startaplarga bino, jihoz, Wi-fi berish bilan bir qatorda ularga mentorlar, ya’ni maslahatchilar va investorlar bilan aloqa o‘rnatish imkoni bilan ta’minlashi zarur», deya ma’lumot berdi Odil Abdurazzoqov.

O‘zbekistonda startaplar
«Mamlakatda ham doimiy ravishda hukumat tomonidan startaplar moliyalashtirib boriladi. O‘tgan 2018 yilda 50 milliard so‘m mablag‘ ayni shuning uchun yo‘naltirilgan. Bitta startapga yarim milliard (500 million) so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Ular moliyalashtirishdan oldin tanlov shaklida saralab olinadi, so‘ng mablag‘ ajratiladi», deya ma’lumot berdi Yerbal Suleimonov.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda yaratilayotgan startaplarning asosiy foizi axborot texnologiyalari yo‘nalishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Startaperlarga faoliyatlari davomida turli yengilliklar ham beriladi: soliq va bojxona bilan bog‘liq imtiyozlar shular jumlasidan.

«G‘oyam bor, lekin...»
«Ba’zida shunaqasi ham uchrab turadi. Ya’ni Innovatsion rivojlanish vazirligiga yangicha g‘oya bilan keladigan, lekin uni qanday qilib amalga oshirishni bilmaydiganlar ham murojaat qiladi.

Bu toifadagi insonlar uchun maxsus qisqa muddatli kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularni treninglarga jalb qilish orqali kerakli tomonga yo‘naltirishga harakat qilinadi», deydi xalqaro konsul’tant.

Startaperlarning muammolari bormi?
Spot.uz sayti ERGO Research & Advisor kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnomaga tayanib, O‘zbekistonda startaperlar duch kelayotgan asosiy muammolar haqida ma’lumot beradi:

«O‘zbekistondagi startaplar nisbatan kichik kompaniyalar bo‘lib, kelgusida ishchilari sonini 3 nafardan 5 kishigacha oshirishni rejalashtiradigan 1 nafardan 9 nafargacha xodimlardan iborat bo‘ladi.

Startaplarning yarmidan ko‘pi faoliyat uchun bino ijaraga oladi, bu ularning xarajatlari oshishiga sabab bo‘ladi, 25 foizi esa uyda ishlaydi.

So‘rovnomaga ko‘ra, ularning asosiy muammolari 2019 yilda, asosan, mablag‘ topish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ekanligi aniqlangan», deya yozadi Spot.uz.

Bundan tashqari, moliyaviy resurslar kamligi va biznesni amalga oshirish jarayonida ortiqcha byurokratiya va murakkab qonunchilik tizimi ham startaperlar tomonidan tanqidga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, nashr startaperlar orasida xotin-qizlar kamligi haqida ham ma’lumot beradi. Bunda har 9ta startapning faqat 2tasi xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hamma startap ham o‘zini oqlaydimi?
Har qaysi yaxshi niyat bilan boshlangan startap ham oxirigacha o‘zini oqlab beradimi, degan savolga konsul’tant Yerbal Suleimonovich javob berdi.

«Har qanday yangilik boshlanganda uning kelajagini 100 foiz ko‘ra olishning iloji yo‘q. Butun dunyo amaliyotida ham hech qachon boshlangan startaplar 100 foiz o‘zini oqlamagan. O‘zbekistonda ham xuddi shunday. Moliyalashtiriladigan startaplarning taxminan 70 foizi o‘zini oqlayapti deyish mumkin», deydi u.

Garchi tavakkalchilik asosida yuzaga chiqsa-da, o‘zini oqlagan startaplar an’anaviy biznesga qaraganda o‘sha sohani tezroq rivojlantiradi va ish o‘rinlarini yaratadi. Shuning uchun ham mamlakatga startaplar va ularni yarata oladigan yangicha fikrlovchi intellektlar hamisha kerak bo‘laveradi.
Zilola G‘aybullayeva

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda startaplar qay tartibda qo‘llab-quvvatlanadi?