«Zirapcha» — men sevgan realiti shou

  • 08 oktyabr 2019, 10:50
  • 1 061
  • Jamiyat
  • «Zirapcha» — men sevgan realiti shou
    «Sevimli» telekanalida efirga uzatilayotgan «Zirapcha» shousini Youtube orqali tomosha qilyapman. Odatda, o‘zbek telekanallaridan sifatli ko‘rsatuvlar chiqishiga ishonchim u qadar katta emas. Ayniqsa, oxirgi marta qachon o‘zbekistonliklar ishlagan badiiy filmni tomosha qilganimni eslolmayman.

    Lekin «Zirapcha» ko‘rsatuvi meni o‘ziga rom etdi. Men uni ayollar dasturi, ko‘ngilochar ko‘rsatuv emas, balki inson fojiasini ochib beruvchi ijtimoiy asar deb atagan bo‘lardim.

    Realiti shouda qatnashayotgan har bir inson alohida bir dunyo; alohida taqdirga, fojiaga ega. Ko‘rsatuv rejissyoriga, ijodkorlariga katta rahmat. Mana shu taqdirni, fojiani ishtirokchilarning o‘z tilidan ochib bera olgan. Men bu dasturni aynan shuning uchun tomosha qilyapman.

    Har bir qahramonga qo‘shilib yig‘lagingiz keladi, kulgingiz keladi. Ularga achinasiz, rahmingiz keladi; ba’zan mehringiz jo‘shadi.

    Ularning fojialarini bir-biriga bog‘lab turuvchi umumiy sabablarni topgandek bo‘lasiz. Bular — otasiz yoki onasiz o‘sish, ota-ona mehriga to‘ymaslik, bolalikdan og‘ir va shafqatsiz turmushga, turli fojialarga guvoh bo‘lish, ularda ishtirok etish...

    Bugun ularning aksariyati ko‘pchiligimizga yoqmaydigan shaxslarga aylangan: alkogol ichadi, chekadi, yengil-yelpi hayot kechiradi, hatto o‘g‘riliklarga qo‘l urgan...

    Ehtimol, ular baxtli bolalikka ega bo‘lganda, sevimli ota-ona bag‘rida ulg‘ayganda, hayot mashaqqatlariga bu qadar erta yo‘liqmaganda, siz bilan bizdek normal odamlarga aylangan bo‘larmidi?! Meni shu savol ko‘p o‘ylantiradi.

    Kamchiliklar
    Shou rejissura va prodyuserlik nuqtai nazaridan a’lo darajada ishlangan. Kamchiliklar ko‘proq psixolog va mutaxassislar maslahatlarida ko‘rinadi. Asosiy psixolog Aziza opa o‘z vazifasini yaxshi bajarayotgandek. Barcha ishtirokchilar uni yaxshi ko‘radi; u qizlarning ichidan gaplarini chiqara oladi, lekin psixolog sifatidagi mahorati menda biroz shubha uyg‘otadi. Haqiqiy psixolog sifatida emas, balki ko‘rsatuvga mazmun bag‘ishlash, qizlarni ssenariy bo‘yicha yo‘naltirish uchun jalb qilingandek.

    Shouning 2-faslida Aziza opadan boshqa yana bir nechta boshqa psixologlar ham qatnashgan edi. Ularning ishtirokiga mutlaqo toqat qila olmadim va shu bois 2-fasli oxirigacha ko‘rmagan edim. 3-faslda ular hozircha ishtirok etmayapti, Xudoga shukr.

    Xotin-qizlar qo‘mitasi vakili Jamila opa roli ham bahsli. Uning fikrlari ba’zan menga yoqadi, ko‘pincha esa an’anaviy «ma’naviyatchi» xotin sifatida gavdalanadi. Bu esa shouning muvaffaqiyatini ta’minlagan jihatlarga soya tashlab turadi.

    Umuman olganda, ibrat olish uchun, mehr-oqibat, yaxshilik qilish, hayotning, yaqinlarning qadriga yetish kabi unutilgan yoki uxlab qolgan insoniy hislarni yana bir bor uyg‘otish uchun juda yaxshi ijtimoiy loyiha bo‘libdi. Ko‘rishni tavsiya qilaman.

    Manba: Sof.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » «Zirapcha» — men sevgan realiti shou